13:08 / 11.01.2020
2 407

Azizjon G‘aniyev: Eronga qarshi o‘yinda O‘zbekiston OTJ 50 foiz o‘yinini ko‘rsatdi

Azizjon G‘aniyev: Eronga qarshi o‘yinda O‘zbekiston OTJ 50 foiz o‘yinini ko‘rsatdi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Tailandda U-23 Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqani O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Eronga qarshi o‘yin bilan boshladi.

Uchrashuvda garchi vakillarimiz Islomjon Qobilovning penaltidan kiritgan golidan so‘ng hisobni ochgan bo‘lishsa-da, ikkinchi taymda o‘z darvozalaridan gol qo‘yib yuborishdi.

Bellashuvdan so‘ng terma jamoamiz vakili Azizjon G‘aniyev O‘FA matbuot xizmatiga musobaqa, Eron bilan o‘yin va navbatdagi turlar borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Eronga qarshi o‘yinda O‘zbekiston OTJ o‘zining nechi foiz imkoniyatini namoyish etdi?
- Eron bilan bahsda o‘zimiz kutgan o‘yinni ko‘rsata olmadik. Buni futbolchilar, murabbiylar ham aytib o‘tishdi. 50 foiz o‘yinimizni ko‘rsatdik. Dastlabki uchrashuv qiyin bo‘ldimi, hayajonmi, bilmadim. Mana Yaponiya ham mag‘lubiyatga uchradi. Boshqa jamoalar ham hali o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish etmadi. Xudo xohlasa keyingi turda yuz foizlik o‘yinimizni ko‘rsatib, muxlislarni xursand qilamiz.

- Demak, turnir davomida jamoamizdan o‘sishni kutsak bo‘ladi, shundaymi?
- Albatta, hali ishqibozlarga yoqadigan o‘yinlarimizni ko‘rsatib, g‘alaba qozonamiz.

- Ob-havodan kelib chiqib, keyingi bellashuvlar uchun vaqt yetarlikmi?
- Navbatdagi bahsga tiklanish uchun vaqt yetarlik. Shu bois ertalabdan yengil mashg‘ulotlarni boshladik. Kechqurun Xitoy terma jamoasining o‘yinini va o‘zimizning avvalgi turdagi xatolarimizni ko‘rib, xulosa chiqaramiz.

- Eron bilan bellashuvda g‘alabani ushlab qolish uchun jamoamizga nimalar yetishmadi va navbatdagi turlardan oldin qaysi jihatlarimizni kuchaytirishimiz kerak?
- Forslar bizni ancha yaxshi o‘rganib chiqishgan ekan. Uzun paslarimizni ham bilib olishganligi bois futbolchilarga o‘ynashga imkoniyat berishmadi. Endi keyingi turda uslubimizni biroz boshqacharoq qilib, kutilmagan taktika orqali ijobiy natija ko‘rsatamiz.

- Guruhdan chiqib olsak, muxlislar o‘ylayotganidek uyog‘i oson kecharmikin yoki Osiyoda jamoalarning darajasi tenglashib qoldimi?
- Musobaqada kuchli jamoalar jamlangan. Guruhdan chiqsak, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun oxirigacha kurashamiz. Nasib qilsa, muxlislarni xursand qilamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azizjon G‘aniyev: Eronga qarshi o‘yinda O‘zbekiston OTJ 50 foiz o‘yinini ko‘rsatdi