2 268
Qudratillo Abduqahhorov chempionlik jangi, havaskor bokschilarimiz, piar va boshqa masalalar haqida
O‘zbekistonlik professional bokschilar ichida eng yuqori reytingga ega Qudratillo Abduqahhorov www.olamsport.com saytiga intervyu berdi.
-Ayni paytda yurtimizda mashg‘ulotlar olib bormoqdasiz. Bu jarayon qanday davom etmoqda?
-Chempionlik jangiga o‘z yurtimizda, Toshkentda tayyorgarlik ko‘ryapman. Hozircha asosan kuchga ishlayapman. Nasib qilsa 22 fevralda jang o‘tkazmoqchiman. Bu rasman aniq bo‘lsa, AQSHga jo‘nab ketaman va o‘sha yerda tayyorgarlikni davom ettiraman.
-Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik Sergey Lipenetsga qarshi jang qilishingiz mumkin. Bu ma’lumot qayerdan paydo bo‘ldi? Chunki, siz shundoq ham IBF kamari uchun Errol Spensga qarshi jang qilishingiz lozim edi. Chunki, reytingda birinchi o‘rindasiz.
-Darhaqiqat, ayni paytda reytingda birinchi o‘rinni egallab turibman. Chunki, yaponiyalik Keyta Obara bilan jang qilganimdan so‘ng, g‘olib bokschi IBF kamari uchun ringga ko‘tarilishi lozim edi. Ammo, u orada vaqtni cho‘zib yurdi. Keyin avtofalokatga uchradi. Hozir ham uning qachon ringga qaytishi aniq emas. Ungacha rossiyalik Sergey Lipenes bilan vaqtinchalik chempionlik kamari uchun jang qilishimiz mumkin. Ushbu jangda kim yutsa, Errol Spens bilan jang qiladi.
-Demak, "Top Rank" ushbu jang uchun harakat qiladi. Siz ushbu kompaniya bilan uchta jang uchun shartnoma imzolagandingiz. Obara, Kollazo va uchinchi chempionlik jangi uchun. Tabiiyki, ushbu holatda "Top Rank" ham jangni tashkil etish uchun harakat qiladi. Bu borada ular bilan gaplashdingizmi?
-Ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murabbiyim va menejerim gaplashadi. Jang baribir o‘tkaziladi.
-Lipenes haqida ma’lumotga egamisiz? Uni janglarini kuzatib borganmisiz?
-U haqida ko‘p ma’lumotga ega emasman. Ammo, promouterlar u bilan jang qilishim ehtimoli borligini aytishgani uchun harakatlarini kuzatib chiqdim. Jang aniq o‘tkaziladigan bo‘lsa, uni chuqurroq o‘rganamiz. U bungacha bir marotaba mag‘lub bo‘lgan - Miki Garsiyaga. Nokautchi ekan. Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga ham ko‘zim tushdi: "Agar jang 12 raund davom etadigan bo‘lsa unda Abduqahhorov g‘alaba qozonadi" deyishmoqda. Lekin, baribir barchasini ring ko‘rsatadi. Shuning uchun, jangga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish lozim. Nasib qilsa, jangim Fyuri - Uaylder jangi andekartida bo‘lib o‘tadi.
-Fyuri-Uaylder jangidan nima kutmoqdasiz?
-Birinchi jangda odamlarni qiziqishini yanada oshirish, bundanda yirikroq shou tashkil qilish uchun durang qayd etishdi deb o‘yladim. Amerikada, umuman professional boksda pul asosiy masala hisoblanadi. Kimga muxlislik qilaman? Og‘ir vazn toifasidagi janglarga u qadar qiziqmayman, muxlislik qiladigan bokschim ham yo‘q.
-Hamyurtimiz, superog‘ir vazn toifasi bokschisi Bahodir Jalolov haqida ham iliq fikrlar bildirishmoqda.
-Ha, u bilan birga o‘qiganmiz, yaqinmiz. Olimpiadadan keyin nasib qilsa u asosiy e’tiborini professional boksga qaratadi va chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi. Ana o‘shandan so‘ng nasib qilsa, ushbu vaznda Bahodirga muxlislik qilamiz.
-Do‘stingiz Azizbek Abdug‘ofurovning faoliyatida qanday yangiliklar bor?
-Azizbek Abdug‘ofurov bilan menejerimiz bitta bo‘lsada, promouterlarimiz boshqa-boshqa. Men "Top Rank" bilan shartnoma qilgan bo‘lsam, u Angliya kompaniyasi bilan kelishuvga erishgan. Lekin, nima uchundir unga jang tashkil qilib bera olishmayapti. U WBC reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Ushbu yo‘nalishda chempionlik jangida ringga ko‘tarilishi lozim edi. U o‘sha kompaniya bilan beshta jangga shartnoma tuzgan. Oldinda WBC Silver kamarini himoya qilishi lozim. Shundan so‘ng u chempionlik jangini o‘tkazadi.
-Havaskor boks haqida savol. Yaqinda Xitoyda Tokio Olimpiadasiga litsenziya beruvchi musobaqa o‘tkaziladi. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda -69 kg vazn toifasida musobaqaga kim borishi haqida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Shahram G‘iyosov va Bobousmon Baturov. Siz ushbu raqobat haqida qanday fikrdasiz?
-To‘g‘risi, o‘zim ham bunga juda qiziqyapman. Musobaqa oldidan sparring bo‘lar ekan. Nasib qilsa, agar o‘sha payt Toshkentda bo‘lsa o‘sha jangni tomosha qilmoqchiman. Jang haqida oldindan biror nima deya olmayman. Chunki, Shahram ham, Bobousmon ham oddiy yigitlar emas. Har ikkisi ham o‘ziga yarasha mehnatkash, kuchli bokschilardir. Nima bo‘lishini ring ko‘rsatadi.
Jang olib borish uslubi bo‘yicha Shahram nisbatan tajribaga ega. Lekin, u Bobousmon bilan jang qilganida qiynaladi deb eshitganman. Bobousmon raqiblar uchun noqulay raqib. Kim yutishidan qat’i nazar Olimpiadaga litsenziya olsin va Tokiodan medal bilan qaytsin.
-Elnur Abduraimov va Iqboljon Xoldorov haqidachi?
-Har ikkisi ham kuchli bokschilar. Elnur bilan birga o‘qiganmiz. Iqboljon Xoldorov bilan o‘z vaqtida O‘zbekiston chempionatida jang qilganman va yutqazib qo‘yganman. Ularning ikkisi ham kuchli bokschilardir.
-O‘sha jangda haqiqatdan ham mag‘lub bo‘lganmisiz?
-Boksda kimning qo‘li baland ko‘tarilsa, o‘sha g‘olib hisoblanadi.
-Agar janglaringiz 15 tadan oshmaganida sizda ham Olimpiada uchun kurashish imkoniyati bo‘lar edi. Yoki siz butunlay professional boksni tanlagan bo‘larmidingiz?
-Men havaskorni tashlab, professional boksni tanlaganman. Chunki, havaskorda yaxshi natijalar qayd eta olmaganman, uslubim to‘g‘ri kelmagan. Baribir qaytmagan bo‘lardim.
-Qudratillo Abduqahhorov o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari ichida reytingi eng baland bokschi hisoblanadi. Lekin, nima uchundir eng mashhuri emas. Piarga alohida e’tibor qaratish vaqti kelmadimikin?
-Bu borada harakat bor (kuladi). Bunday narsalarga qiziqmasdim. Instagramda faollikni oshirmoqdamiz. Xudo xohlasa, chempionlik kamarini yutib kelsam taniy boshlashadi deb o‘ylayman.
-Suhbatingiz uchun tashakkur. Oldinda turgan janglarda omad.
-Rahmat. Nasib qilsa, shu kunlarda chempionlik jangim belgilanadi. Shu kungacha muxlislarimiz qo‘llab-quvvatlab kelishmoqda. Xudo xohlasa, kamarni vatanimizga olib kelamiz. Qo‘llab-quvvatlashda davom etinglar.
Manba: olamsport.com “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi