«Bunyodkor» futbol klubi barcha yo‘nalishlarda keng ko‘lamda ish olib borayotgani hech kimga sir emas. Akademiya faoliyatining kengayishi, turli hududlarda filiallarni ochilishi, yaqindagina OFK tomonidan akademiyaga «ikki yulduz akademiya» maqomi berilishi, marketing yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Klub doirasida olib borilayotgan islohatlar kengaymoqda. Kuni kecha klub mutasaddilari BAAga safar uyushtirib, «Baniyas» jamoasi rahbarlari bilan uchrashdi.
Avvalo «Baniyas» klubi haqida ma’lumot bersak. Bu jamoa nafaqat futbol, balki sportning boshqa turlariga ham ixtisoslashgan klub hisoblanadi. 1982 yil tashkil topgan «Baniyas» qoshida futboldan tashqari voleybol, basketbol, gandbol jamoalari bor. BAAning yuqori ligasida ishtirok etadigan klub uy uchrashuvlarini 10 ming muxlisni sig‘diradigan «Baniyas» stadionida o‘tkazadi. Lekin klub direktorlar kengashini bu qoniqtirmagani sababli jamoa uchun sport shaharchasini qurish rejalashtirilgan.
Aniqrog‘i, qurilish ishlari boshlanib bo‘lgan. Sport shaharchasida jamoa uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinadi. Xususan, katta-kichik mashg‘ulot maydonchalari, sportning turli yo‘nalishlari uchun yopiq zal, qolaversa, suzish havzasi, o‘quv-mashg‘ulot bazasi, mehmonxona, savdo markazlari qurilishi ham rejadan o‘rin olgan. Qisqacha aytganda, umumiy qiymati 1 milliard 100 million AQSH dollarini tashkil qiladigan mazkur shaharchada barcha istaganingizni topasiz. Ahamiyatlisi, barcha mablag‘ klub tomonidan ajratilmoqda. Qurilish ishlariga dunyoning turli burchaklaridan o‘z ishining eng kuchli mutaxassislari jalb qilingan.
Ikkala jamoa rasmiylarining uchrashuvidan asosiy maqsad klublar o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, buni hujjatlarda rasmiylashtirish edi. Tadbirda «Baniyas»ning direktorlar kengashi raisi doktor Ahmad Nosir Al Raisi boshchiligidagi kengash a’zolari hamda «Bunyodkor» Bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev, bosh hisobchi Bekzod Egamov, moliya menejeri Shomurod Isroilov, marketing bo‘limi xodimi Shuhrat Turdiyev ishtirok etdi.
Muzokaralarga ko‘ra, ikkala klubning akademiya jamoalari BAA hamda O‘zbekistonda tashkil etiladigan musobaqalarda qatnashishi, murabbiylarning malaka oshirishi, shuningdek, ayollar hamda asosiy tarkibning o‘rtoqlik o‘yinlari, marketing bo‘limlarining hamkorliklari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
«Barchamizga ma’lumki, «Baniyas» nafaqat BAAda, balki Osiyoda ham taniqli jamoalardan biri. Bu jamoa Osiyo Chempionlar ligasi doirasida Toshkentga tashrif buyurgan, o‘zbek muxlislariga yaxshi tanish. Shuningdek, «Bunyodkor» ham Chempionlar ligasining doimiy ishtirokchilaridan biri,qit’ada o‘z o‘rni va nufuziga ega. O‘ylaymanki, Osiyodagi taniqli ikkala klubning xalqaro kelishuvi tomonlar uchun foydali va samarali bo‘ladi», - deya fikr bildirdi «Bunyodkor» Bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, «Baniyas» futbol klubi rahbarlarini Toshkentga tashrif buyurishi mart oyiga rejalashtirilgan. Mehmonlar «Bunyodkor» stadioni, akademiyasi, infrastrukturasi bilan yaqindan tanishadi. Shundan so‘ng tomonlar memorandumning amaliy bosqichiga o‘tishadi. O‘zaro kelishuvlar hayotga tatbiq qilinadi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin