06:00 / 07.02.2020
3 196

Messi «Barselona»dan ketishi mumkin. Bu haqda nimalar ma’lum?

Messi «Barselona»dan ketishi mumkin. Bu haqda nimalar ma’lum?
Payshanba kuni «bomba portladi» — «Barselona» afsonasi Lionel Messi ro‘y berayotgan voqealardan noroziligi tufayli klubni tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin, argentinalik futbolchining kelajagi qanday kechishi mumkin?

Nima bo‘ldi?
Payshanba kuni La Gazzetta dello Sport nashrida Messi «Barsa»ni tark etishi mumkinligi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Sababi — katalonlar klubi sardori klubda bo‘layotgan ishlardan norozi. Mavsum o‘rtasida klub rahbariyati bosh murabbiy Ernesto Valverdeni ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga Kike Setenni tayinlagandi.

Argentinalik futbolchiga Seten o‘tkazayotgan intensiv mashg‘ulotlar ham yoqmagan, u yuklama og‘irligi tufayli shikastlanib, so‘nggi o‘yinlarni jarohat bilan o‘tkazgan.

COPE nashri ma’lumotiga ko‘ra, Messiga barchasiga o‘zi balogardon bo‘laverishidan ham to‘ygan. Eng asosiysi esa, Lionel Instagram orqali klub sport direktori Erik Abidal bilan ziddiyatga kirishgani bo‘ldi. Aynan shu haqdagi xabarlardan keyin jahondagi yetakchi sport nashrlari ham Messi «Barsa»dan ketishi mumkinligini muhokama qila boshladi va unga yangi klub qidirishga kirishib ketishdi. Ko‘k-anorranglilar rahbariyatini og‘ir kunlar kutmoqda — mojaro hal qilish va axboriy yong‘inni o‘chirish kerak.

Abidal bilan ziddiyat
Barchasi «Barsa» sport direktori Erik Abidal klubni 2017-2020 yillarda boshqargan sobiq bosh murabbiy Ernesto Valverdening ishdan bo‘shatilishi tafsilotlarini ma’lum qilganidan keyin boshlandi.

— Barchasiga tayyor turish kerak. Biz 2018 yildayoq yangi murabbiy qidirishni boshlagandik. Barcha ma’lumotlarni to‘pladik, ammo keyin Valverde bilan shartnoma uzaytirildi. Bu prezidentimizning qarori edi va biz uni qabul qilgandik, ammo ishni davom ettirganmiz. Barcha tushunib turardi, gap faqat natijalarda emas, klub ichkarisida ko‘p ishlar bo‘lib o‘tdi. Dekabrda «Real»ga qarshi o‘yindan (0:0) keyin Valverdening ketishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladik, — dedi Abidal Diario Sport uchun bergan intervyusida.

U ko‘plab futbolchilar murabbiyning faoliyatidan qoniqish bildirmagani va borini berib o‘ynamaganini qo‘shimcha qilgan.

— Murabbiydan ko‘plab futbolchilar norozi edi. Men sobiq futbolchi sifatida ko‘p narsalarni payqayman. Kommunikatsiya bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelgan. Men bu haqda rahbariyatga xabar berdim va biz qaror qabul qildik. Seten (katalonlar jamoasining yangi bosh murabbiyi) bizga to‘la mos keldi — u ishlashni yoqtiradi va hamisha futbolchilarga yordam beradi. Uning davrida futbolchilarda o‘ziga ishonch paydo bo‘la boshladi, — degandi Abidal.

Messining reaksiyasi
Bu intervyuga kutilmaganda hamisha xotirjam yuradigan Lionel Messi keskin e’tiroz bildirdi. U avvaliga Instagramdagi sahifasida Abidalning intervyusidan parchani storiz qilib joyladi: «Ko‘plar murabbiydan norozi edi va ko‘p ishlashmasdi». Uning ortidan o‘z noroziligini bayon etdi.

«Bunday futbolchilar haqida gapirayotganda aniq ismlarni keltirish kerak. Agar bunday qilinmasa, barchaga nisbatan tuhmat bo‘lib qoladi. Ochig‘ini aytganda, menga bunday bayonotlar berish yoqmaydi. Fikrimcha, hamma o‘z vazifasi uchun javobgar bo‘lishi kerak. O‘yinchilar muammoni birinchi bo‘lib his etishadi, chunki biz klub va maydonda nima bo‘layotganini yaxshi bilamiz. Rahbariyat o‘z qarorlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. Agar futbolchilarni tilga olishsa, u holda aniq familiyalar bilan aytishsin. Aks holda butun klub obro‘si zarar ko‘radi. Futbolchilar maydondagi ishlarga javobgar. Nimadir o‘xshamasa, birinchi bo‘lib o‘zimiz tan olamiz», — deya yozdi Messi o‘z Instagram sahifasida.

Messining bu munosabati portlagan bomba effektini keltirib chiqardi. OAVda, Lionel Abidalning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilgani, klub prezidenti Xozep Bartomeu esa bo‘layotgan voqealardan hayratdaligi hamda argentinalik va fransuzni yarashtirish harakatida ekani haqida yoza boshlashdi.

Shuningdek, Messi va Luis Suares Valverdening iste’fosiga qarshi chiqqan ikki futbolchi bo‘lishgani haqida eslab qolishdi.

Abidalning reaksiyasi
Abidal o‘zini oqlashga va izoh berishga urinmadi. U faqat bitta narsani qayd etdi — Messi «Barselona» uchun muhim va klub unga yangi shartnoma tayyorlamoqda. Messining «Barsa» bilan amaldagi shartnomasi 2021 yil yoziga qadar tuzilgan.

«Biz Lionelning yangi shartnomasi ustida ishlayapmiz. Ammo menimcha u bilan har yili shartnomani yangilagandan ko‘ra, uzoq muddatli shartnoma tuzgan ma’qul, — deya Abidalning so‘zlarini keltirdi Sport.es nashri. — Messi bu yerda baxtiyor, u rekordlarni yangilamoqda va klub bundan maksimal darajada foyda ko‘rmoqda. Biz Messi va klub prezidenti bilan muzokaralarni boshladik».

Abidal ishdan bo‘shatiladimi?
5 fevral kuni Abidal klub prezidenti Jozep Bartomeu hamda bosh direktor Oskar Grau bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Messi bilan nizosiga qaramay, 40 yoshli fransuz klubda ishlashda davom etishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Ko‘rinishidan, mojaro davom etmaydigandek edi. Ammo 6 fevral kuni La Gazzetta dello Sport nashri, Messi «muqaddas sigir bo‘lishdan to‘ygani» va u butun faoliyatini o‘tkazgan klubdan ketishni istayotgani haqida yozib chiqdi. Qolaversa, argentinalik futbolchiga o‘zini boshqalardan ajratib ko‘rsatishlari yoqmaydi. COPE ma’lumotiga ko‘ra, Messi hamisha barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib o‘ynamoqchi emas.

Lionel qayerga yo‘l olishi mumkin?
«PSJ», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Yuventus» va «Inter». Hozircha turli manbalarda shu jamoalarning nomlari tilga olinmoqda.

ESPN nashri ma’lumotiga ko‘ra, inglizlar agar u «Barsa»dan ketishni ixtiyor etsa, u uchun raqobatda yutib chiqishga umid qilmoqda. Aytishlaricha, 32 yoshli forvardning shartnomasida u o‘zi istasa mavsum so‘ngida klubni tekinga tark etishi mumkinligi to‘g‘risida punkt bor.

Radio 24 nashri ma’lumotiga ko‘ra, Messi yiliga 50 million yevro miqdoridagi maoshga rozi bo‘ladi. «Siti» esa unga bunday maosh to‘lashga qodir sanoqli klublardan hisoblanadi.

Ayni vaqtda «Manchester Siti» rahbariyatida Messining eski tanishlari sport direktori Chiki Begiristayn, ijrochi direktor Ferran Soriano faoliyat ko‘rsatmoqda, «shaharliklar»ni o‘z vaqtida «Barselona»da argentinalikka ustozlik qilgan Xosep Gvardiola boshqarmoqda.

Yaqin kunlarda Messiga boshqa jiddiy da’vogarlar haqida ham eshitishimiz mumkin. Hozircha boshqa nomlar vaziyatdan kelib chiqib aytilmoqda. Messi «Barselona»ni tark etishiga ko‘pchilik ishonmayapti, ammo futbolda nima bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi, balki uni Yevropaning boshqa klubi futbolkasida ham ko‘rib qolishimiz mumkin.

Raqamlar
Joriy mavsumdagi 24 o‘yinda Messi 19 gol urdi va 12 golga uzatma berdi. Transfermarkt uning transfer qiymatini 140 million yevroga baholagan.

Messi — «Oltin to‘p»ning olti karra sohibi, to‘rt bor Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan, Ispaniya chempionatining 10 karra g‘olibi. U «Barselona» bilan uch martadan UYEFA Superkubogida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan. Argentina termasi safida Lionel 2008 yilgi Olimpiadada g‘alaba qozonib, 2014 yilgi jahon chempionatida vitse-chempion bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi «Barselona»dan ketishi mumkin. Bu haqda nimalar ma’lum?