15:20 / 11.02.2020
2 184

Qudratillo Abduqahhorovning bolaligi yoxud uning futboldagi mahorati qanday?

Qudratillo Abduqahhorovning bolaligi yoxud uning futboldagi mahorati qanday?
Hozirda o‘zbek professional boksida yuksalishlar davri yuzaga kelmoqda. Ko‘plab mahoratli, iste’dodli charmqo‘lqop ustalarimiz jahon ringlarini zabt etishga ulgurishdi. Murodjon Ahmadaliyevning qanday tarixiy natija qayd etganidan xabaringiz bor. Qolaversa, bir qator yurtdoshlarimiz ham tez orada chempionlik janglarida ishtirok etish arafasida...

Ular orasida shubhasiz Qudratillo Abduqahhorov yaqin kunlarda bunday nufuzli kamar uchun ringga ko‘tariladi. Bu borada batafsil ma’lumotga ega ekanligingiz uchun to‘xtalib o‘tishni lozim topmadim.
Gap Qudratillo haqida ketayotganligidan angladingizki, quyida u bilan bog‘liq qandaydir maqola e’tiboringizga havola etiladi.

Ha, biz bugun ushbu ajoyib bokschimiz bilan o‘ziga xos suhbat qurdik. O‘ziga xosligi shundaki, mazkur intervyu boksdagi faoliyati, o‘tkazgan janglari va bo‘lajak to‘qnashuvlari, umuman olganda sportdagi faoliyati haqida emas. Aksincha, biroz bolalik davriga oid va hayotiy savollar bilan murojaat qildik.

- Sizni omadli bola deydilar... Aslida, omad degan tushunchani qanday izohlaysiz?
- Barchasi yaratganning inoyati deb hisoblayman.

- Mehnatkash deya ham e’tirof etishadi. Albatta, mashg‘ulotlar va ringdagi harakatlaringizni nazarda tutgan holda...Bunga qishloqda o‘sganingiz, uy ishlari va jismoniy mexnatda toblanganingiz ham asosiy sabab bo‘lsa kerak?
- Shunchaki, havaskor boksdagi mag‘lubiyatlarim tufayli, to‘xtab qolmasdan, olg‘a intilganim uchun shunday e’tirofga sazovor bo‘lgandirman. Aslida, uydagilarim meni uy ishlaridan ozod qilishgan edi. Mashg‘ulotlarga e’tibor qaratishimni xohlashgan.

- Hozirchi, uyga borgan vaqtingiz yer chopish, ekin ekish, xayvonlarga qarash, xomtok qilish kabi ishlar bilan shug‘ullanib turasizmi? :)
- :) Ochig‘i yo‘q.

- Qum to‘ldirilgan qoplar, daraxtga boylangan to‘shaklar, boksdagi ilk qadamlaringizdan o‘rin olganmi?
- Albatta.

- Maktabda qanday baholarga o‘qigansiz? Odatda, ba’zi buyuk insonlarga bolalikdagi o‘qituvchi, ustozining dakkisi motivatsiya berganligi haqida eshitganmiz... Siz ham biror marta o‘qituvchingiz tomonidan "Sen odam bo‘lmaysan" qabilidagi gap-so‘zlarini eshitganmisiz?
- Maktabda har qalay yaxshi o‘qiganman deb ayta olaman. Kundaligimdan 4-5 baholar o‘rin olgan. Lekin, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, musobaqalar tufayli ko‘p dars qoldirardim. O‘qituvchilarimdan xech qachon yomon gap eshitmaganman.

- Ba’zan bo‘sh vaqtlaringizda futbol o‘ynab turishingizdan xabarimiz bor. Bu borada salohiyatingiz qanday?
- Albatta, bo‘sh vaqtlarimda do‘stlarim bilan ko‘p futbol o‘ynab turamiz. Bu sport turini yaxshi ko‘raman. Har holda yomon o‘ynamasam kerak. :)

- Keling shunga oydinlik kiritishga harakat qilib ko‘ramiz?
- Qanday qilib, stadionga boramizmi? :)

- Men Isroil Madrimovning futbol o‘ynaganini kuzatganman. U bilan bir joyda o‘qiganingizni inobatga olsak, albatta, uning bu boradagi mahoratiga guvoh bo‘lganligingiz tabiiy... Millionlar o‘yinida Isroil kabi harakatlana olasizmi? :)
- Ha, desam ham bo‘ladi.

- Oxo,unda ikkinchi ligada bemalol o‘ynasangiz bo‘lar ekan... :)
- O‘ylantirib qo‘ydingiz lekin. :)

- Mayli, yana qaysi sport turlariga qiziqasiz?
- Boshqa turlarga unchalik qiziqishim yo‘q.

- Bokschi mashg‘ulotlar jarayonida bevosita musiqa, ashula bilan hamnafas bo‘ladi. Ringga chiqib kelishda ham... Siz qaysi o‘zbek xonandalarining ijodini xurmat qilasiz va qay birlari bilan yaxshi munosabatga egasiz?
- Ozodbek Nazarbekov, Botir Qodirov hamda G‘ayrat Usmonovlarni qo‘shiqlarini sevib tinglayman. Lekin mashg‘ulotlarda emas. Dam olayotgan mahali yoki mashinada maroq bilan eshitaman. G‘ayrat aka bilan qadrdonmiz.

- Bryus Li faoliyatida falsafa muhim o‘rin tutgan. Sportchi uchun ushbu fan qay darajada kerak?
- To‘g‘risi, bu borada biron fikr bildira olmayman.

- Odatda, juda og‘ir va bosiq insonsiz. Biror marta kimgadir bilmagan holatda nohaqlik qilib qo‘ygan vaziyatingiz bo‘lganmi?
- Ehtimol. Lekin esimda yo‘q.

- Sizga nisbatan ham juda ko‘p adolatsizliklar bo‘lgan deb eshitganmiz?
- To‘g‘ri, biroq bu tarixda qoldi. Bu borada gapirishdan ma’no yo‘q deb o‘ylayman.

- Bolalikda birorta do‘stingizdan kaltak yeganingizni eslay olasizmi?
- Maktab davrida juda ko‘p urushganman. Ko‘pchilik bu bokschi deya men bilan urushgisi yoki urushtirgisi kelardi. Chunki, meni ko‘rinishim juda kichkina bo‘lgan. Balki, shunga bo‘lsa kerak.

- Ehtimol, boksni tanlashingizga ham shunday holatlar sabab bo‘lgandir?
- Yo‘q. Boksga dadam chempion bo‘ladi, deya niyat bilan olib borgan.

Blis savollar
- Yaxshi ko‘rgan badiiy asaringiz?
- Yo‘q.
- Yoqtirgan filmingiz?
- Shaytanat.
- Siz uchun eng zo‘r shoir?
- Muhammad Yusuf.
- Siz xurmat qiladigan kinoaktyor?
-Yodgor Sa’diyev.
- Eng yaqin do‘stingiz?
- Ota-onam.

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qudratillo Abduqahhorovning bolaligi yoxud uning futboldagi mahorati qanday?