00:02 / 15.02.2020
3 517

O‘zbek bokschilarining kuchli jihati nimada yoxud meksikalik murabbiyning e’tirofi

O‘zbek bokschilarining kuchli jihati nimada yoxud meksikalik murabbiyning e’tirofi
O‘zbekistonlik professional bokschilar asta-sekin Amerikada ham muvaffaqiyatli natijalar qayd etib kelishmoqda. Ularga bu borada yordam berayotgan murabbiylarning ham o‘rni beqiyos. Aka-uka Diaslar o‘zbek bokschilariga professional boksda ustozlik qilishda davom etishmoqda.

Bloger Orif Ahmedov GoSport.uz internet-nashri uchun Diaslarning kichigi Antonio Diasdan intervyu oldi. Tono (uni shunday chaqirishadi) o‘zbek bokschilari, ularning faoliyati va chempionlik kamarlari uchun janglari borasida gapirib berdi.

— Tono, suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Keling intervyuni biroz noodatiyroq savol bilan boshlasak. O‘zbek bokschilari hali ingliz tilini yaxshi bilishmaydi. Bu mashg‘ulotlar vaqtida qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Bokschilar siz aytgan gaplarni qanday tushunishyapti?
— Mashg‘ulotlar vaqtida bu holat ancha yaxshilangan. Ular boksning asosiy terminlarini, masalan jeb, bir-ikki, huk va shunga o‘xshash atamalarni tushunib olishgan. Bundan tashqari biz qandaydir mashq yoki uslubni topshiriq qilib berayotganimizda o‘zimiz ham takrorlaymiz. Ular buni ko‘rgach, osonroq tushunishadi. Albatta, ba’zi biroz qiyinchiliklar ham uchrab turadi.

— O‘zbek bokschilaridan kim nisbatan bo‘lsada inglizcha gapira oladi, kim umuman bilmaydi?
— Ingliz tilini oz-moz biladiganlar bu Shahram G‘iyosov va Isroil Madrimov. Bektemir esa umuman bu tilda gapirmaydi.

— 2018 yildan boshlab o‘zbekistonliklarning yangi avlodi AQSHga professional boksga o‘ta boshlashdi. Siz ular bilan ishlayapsiz. Unga qadar o‘zbek boksi, bokschilari haqida eshitganmidingiz?
— Yo‘q, ular AQSHga kelguniga qadar o‘zbek boksi haqida hech qanday ma’lumot eshitmaganman.

— Murodjon Ahmadaliyev AQSHda bir yo‘la ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek bokschisi bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, u vaznini ko‘tarsa, masalan super yarimengil (130 fut,-58,99 kg) yoki yengil (135, 61,2 kg) vaznlarida ham chempion bo‘la olishi mumkinmi?
— Ha albatta, unda vaznini ko‘tarish uchun yetarlicha kuch va mahorat mavjud. U og‘irroq vaznlarda ham chempion bo‘la oladi.

— Isroil Madrimov haqida. Uning keyingi jangi jahon chempionlik kamari uchun saralash jangi bo‘ladi. Hozirda bu kamar Erislandi Larada. Lara o‘z vaqtida Kanelo Alvares bilan jang qilgan va meni nazarimda u Kaneloni yutgandi, ammo hakamlar biroz nohaqlik qilishgan. Isroil iqtidorli, texnikasi yuqori bokschi, lekin shunday bo‘lsada Laradek kuchli bokschiga qarshi jangga uni tayyor deb o‘ylaysizmi?
— Isroil juda iqtidorli. Uning havaskor boksda to‘plagan ulkan tajribasi bor. U professional va super yarimo‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida istalgan bokschiga qarshi ringga chiqishga tayyor deb o‘ylayman. U juda ko‘p harakat qiladi, kuchi ham ko‘p. Shuningdek, u jismonan ham juda baquvvat.

— Murodjon 8ta jangdayoq ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Isroil beshinchi jangida jahon chempionligiga da’vogar bo‘lish arafasida turibdi. Lekin Shahram ulardan ko‘proq jang o‘tkazgan bo‘lsada, haligacha da’vogarlik yoki chempionlik uchun janglarda ishtirok etmadi? Buning sababi nima?
— Shahram jang qilayotgan vaznda hozir barcha kamarlar band. Har bir chempion uni himoya qilyapti yoki birlashtiruvchi janglarda ishtirok etmoqda. Shahram yana ozgina sabr qilishi va harakatda davom etishi kerak. U ham tez orada jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi.

— Murodjon havaskor boksdaligidayoq pancher bo‘lgan, Isroil yarim professional turnirlarda juda yaxshi janglar o‘tkazgan, shunga ularning professional boksga kirishib ketishi oson bo‘lgandir. Shahramda bu borada qandaydir muammolar bormidi? Balki shunga uning chempionlik sari yo‘li cho‘zilayotgandir?
— Yo‘q, biz shunchaki uning zarbalari mukammal bo‘lishi uchun yanada ishlashimiz kerak bo‘lgandi. U katta kuchga ega buyuk bokschi. Xuddi Roy Jonsga o‘xshab.

— Shahram havaskor boksda Batir Ahmedovga yutqazgan. Batir bir paytlari O‘zbekistonda tug‘ilib, hozir Rossiya nomidan chiqadi va u professional boksda chempionlik kamari uchun ringga chiqishga ulgurdi. Meni qiziqtirayotgan savol: ikkalasi ham bitta vaznda va ular sparringda chiqishganda kim kuchliroq ko‘rinadi, Yoki ularning kuchli va kuchsiz jihatlarini sanab bering.
— Ular ikkalasi ham ko‘p ter to‘kadigan bokschi. Ikkalasi ham mahoratli. Biri o‘ng qo‘lda, ikkinchisi chap qo‘lda ishlaydi. Ikkalasi ham kuchli jangchi, ammo o‘zaro jang qilishmaydi.

— Sparringlar haqida ko‘p eshitamiz. Murodjon chempionlikkacha Jojo Dias bilan ishladi. Shahram Omar Figeroa bilan, Isroil Dulorme bilan, Bektemir Zurdo Ramires, yoki David Benavides bilan ishladi. O‘zbek bokschilar biz bilmagan yana qanday mashhurlar bilan ishlagan?
— Shular asosan. Murodjon Jojo bilan ishladi. Boshqalar ham. Umuman sparring janglari bolalar uchun juda katta tajriba vazifasini o‘tab bermoqda. Ular bu janglarda professional sportning haqiqiy sir-asrorlaridan tortib, ayyorliklarigacha o‘rganishmoqda. Bu muhim.

— Bektemir Meliqo‘ziyevning dahshatli zarbasi borligini bilamiz. Lekin kichik muammo shundaki, u hozir ringga chiqayotgan vaznda chempionlarning barchasi bo‘ylari uzun, Bektemirning esa bo‘yi ularga nisbatan pastroq. Bu qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Bunga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rasizlar?
— Mashg‘ulotlarda u doim tayyorligini ko‘rsata oladi. Biz uning ringga ko‘proq harakatlanib jang qilishi uchun tayyorlashga urinmoqdamiz. Bektemir shu bo‘yi bilan ham o‘z vaznida istalgan bokschini nokaut qila olish qobiliyatiga ega. Ammo biz uni masofadan turib ishlash uchun ham tayyorlayapmiz.

—O‘zbek bokschilarining kuchli va kuchsiz tomonlarini ayta olasizmi?
— Ular ajoyib pancher va juda yaxshi texnikaga ega.

— Tushunarli. Keling boks mavzusidan sal chetlashamiz. O‘zbekcha qandaydir so‘zlarni o‘rgandingizmi?
—Ha, masalan “salom” yoki bokscha atamalarni (kuladi).

— Birorta so‘z ayta olasizmi?
— Pechen (jigar). (Tono aytgan qolgan bir nechta so‘zlar asosan jargon so‘zlar bo‘lgani uchun saytimiz orqali e’lon qilmadik) Ha keyin “Pinatsi” degan so‘z ham esimda qolgan. Raund tugashiga 15 soniya qolganida ular shunaqa baqirishadi (15 soni nazarda tutilmoqda)

— Kim eng pozitiv, ya’ni mashg‘ulotlarda ko‘p hazil qiladi?
— Isroil va Shahram.

— Tono, ajoyib suhbat uchun sizga tashakkur. Pozitiv inson ekansiz.
— Sizga ham rahmat!

Orif Ahmedov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek bokschilarining kuchli jihati nimada yoxud meksikalik murabbiyning e’tirofi