20:21 / 25.02.2020
1 976

Debyutantlar to‘qnashuvi. Kun o‘yinlaridagi intrigalar

Debyutantlar to‘qnashuvi. Kun o‘yinlaridagi intrigalar
Foto AFP
Bugun, 25 fevral oqshomida Chempionlar ligasining 1/8 finalida o‘zaro o‘ynaydigan jamoalarning murabbiylari uchun bu turnirdagi debyut pley-off o‘yinlari hisoblanadi.

Muxlislarni katta o‘yinlar kutmoqda — Chempionlar ligasi pley-off bosqichida boshqachasi bo‘lmaydi. Bu bosqichga teng kuchli jamoalar yetib kelishadi. Klublarning maqsadlari ham o‘xshash, tarkiblar va undagi yulduzlar ham teng kuchli.

Quyida bugun o‘zaro to‘qnashadigan jamoalarning hozirgi holati, taktikalari, so‘nggi natijalari va tarkiblardagi yo‘qotishlari asosida imkoniyatlari tahlil qilinadi. «Barselona» safar o‘yinida Suaressiz qanday ko‘rinadi, asosiy himochisini yo‘qotgan «Napoli» Kulibalisiz qanday o‘ynaydi?

«Napoli» - «Barselona» (Toshkent vaqti bilan 26 fevral kuni soat 1:00, javob o‘yini 18 mart)
Bu oqshomda ko‘pchilikning e’tibori jamoalar murabbiyi ishiga ham qaratiladi. Aniqroq aytganda, bu mutaxassislar maksimal darajadagi bosim ostida o‘zlarini qanday his qilishadi. Bu mavzu haddan tashqari dolzarb, chunki bugun o‘ynaydigan 4 jamoaning murabbiylari uchun bu o‘yinlar Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi debyut hisoblanadi.

Jennaro Gattuzo turnirda ikki marta g‘alaba qozongan, lekin futbolchilik va murabbiylik — turli kasblar. Hozirgi «Napoli» ham, Insine va Mertensga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki, «Milan»ning oltin davrlaridagi jamoadan tarkib bo‘yicha kuchsizroqdir. Lekin neapolitanliklar Karlo Anchelotti ketgach o‘ziga kela boshladi va A Seriya yetakchilari safiga qaytmoqda, lekin ular bugungi o‘yinda favorit emas. Ularning murabbiyi esa — pley-offdagi barcha murabbiylar orasida nisbatan eng kuchsizrog‘idir.

Ammo 61 yoshigacha birorta top-klubda ishlamagan, «Betis»da barselonacha uslubni qo‘llashga harakat qilgan, lekin ikki yil muqaddam Yevropa Ligasining dastlabki pley-off bosqichidayoq «Renn»dan mag‘lub bo‘lib turnirni tark etgan Kike Seten bu safar osonlik bilan muvaffaqiyatga erishishiga ham hech kim kafolat berolmaydi? «Barselona»ning avvalgi murabbiyi Ernesto Valverdening ham yevrokuboklardagi tajribasi namuna qilgulik darajada emasdi va u ikki mavsumda «Roma» va «Liverpul» to‘sig‘idan o‘tolmadi. Kataloniyaliklar muxlislarining barcha umidi La Liganing so‘nggi turida poker qayd etgan Messidan.

Chempionlar ligasida saviyali futbolchilarni tarkibga jamlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Xarizma ham kerak. Gattuzoda esa bu keragidan ortiq. Buni futbol nuqtayi nazaridan to‘g‘ri qo‘llay olish muvaffaqiyat keltirishi mumkin chunki Chempionlar ligasi — g‘oyalar raqobatidir. Bu turnirda daraja ko‘p narsani belgilamaydi, Xosep Gvardiolaning «Barselona»si o‘z vaqtida Joze Mourinoning «Inter»i qarshisida ojiz qolgandi.

Asosiysi — bugun muxlislarga originallik va yangilik taklif qilish. Bugungi 1/8 final o‘yinlari orasida eng qiziq qarama-qarshilik «Chelsi»ning «Bavariya»ga qarshi o‘yini bo‘lishi mumkin. Albatta, ko‘pchilik 8 yil muqaddam o‘sha vaqtda ko‘klar jamoasi sardori bo‘lgan Frenk Lempard myunxenliklarning o‘z uyidagi final o‘yinini qanday qilib buzganini eslaydi (2011/2012 yilgi mavsumda YECHL finalida asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida Lempard hal qiluvchi zarbani aniq yo‘llab, jamoasiga quloqli kubokni olib bergandi) . O‘shanda ham «Chelsi» favorit hisoblanmagan, ammo londonliklar yosh va jo‘shqin edilar, ularning ustozi esa katta o‘yinlarda o‘zini kuchli taktik sifatida ko‘rsatgandi.

«Chelsi» — «Bavariya» (Toshkent vaqti bilan 26 fevral kuni soat 1:00, javob o‘yini 18 mart)
Bugun Lempardning Flik bilan dueli ham qiziq o‘tishi kutilmoqda, ko‘pchilik bu murabbiylarning kuchiga yuqori baho bermayapti va ular bugun nimanidir isbotlashlari mumkin.

«Chelsi» — Temmi Abraham, Meyson Maunt va Ris Jeyms kabi futbolchilar o‘yiniga asoslangan yosh jamoa. Ko‘klarda darvozabon bilan muammo mavjud: so‘nggi vaqtlarda futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabon Kepa Arrisabalaga (u 2019 yil yozida 80 million yevroga sotib olingandi) murabbiy bilan kelishmay qolgani tufayli zaxira o‘rindig‘ida o‘tiribdi, darvozani esa 38 yoshli Villi Kabalero qo‘riqlamoqda.

Shuningdek, maydon markazida bugungi kun futbolining eng yaxshi tayanch yarimhimoyachilaridan biri — N'Golo Kante o‘ynamaydi, u jarohat tufayli safdan chiqqan, ammo Mateo Kovachich — Jorjino juftligi (to‘pni oldinga yetkazib berish — raqib hujumlarini buzish) maydonda harakat qiladi. Katta ehtimol bilan, Lempard uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynaydi — kuchli hujum chizig‘iga ega raqibga qarshi himoya chizig‘ining shunday joylashishi mantiqlidir.

Yoshlik shijoati va taktik xilma-xillik — «Chelsi»ning kuchli tomonlaridi.

«Bavariya» mavsum davomida bosh murabbiyni almashtirdi: Niko Kovach o‘rniga myunxenliklar boshqaruviga Hans-Diter Flik tayinlandi. Uning jamoasi to‘p nazoratiga ko‘p e’tibor qaratadi va 4-2-3-1 yoki 4-3-3 sxemalarida o‘ynaganida raqib darvozasi oldida ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratadi.

Yoaxim Lyovga 2014 yilgi mundialda yordamchi bo‘lgan Flik «Bavariya» boshqaruviga kelgunicha bosh murabbiy bo‘lib ishlamagan. Braziliyadagi jahon chempionatidan keyin esa u yordamchilikdan ma’muriy ishlarga o‘tgandi. Ammo endi u «Bavariya» uchun qariyb ideal murabbiyga aylandi.

Bundesligada qishki tanaffus arafasida uning lavozimidan «v.b.» qo‘shimchasi olib tashlandi. U hozircha — mavsum yakuniga qadar bosh murabbiy hisoblanadi, ammo har bir g‘alabali o‘yin Flikning ko‘p yillik shartnomaga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshiradi. Rahbariyat u jamoa futbolchilari bilan qanday qilib bu qadar yaqin aloqa o‘rnata olganidan hayratda, ushbu murabbiy yoshlar va tajribali futbolchilar o‘rtasida balansni saqlab turibdi hamda avvalgi murabbiylardan farqli ravishda faxriy futbolchilardan hech birining noroziligini keltirib chiqarmayapti. Uni Yupp Xaynkesga taqqoslashmoqda, faxriy murabbiy ham uni o‘z merosxo‘ri deb atagan.

«Bavariya»ning asosiy ustunligi — uning to‘purar hujumchilaridir: Robert Levandovski va Serj Gnabri. Filippe Koutino, Tomas Myuller, Joshua Kimmix, David Alaba — bular ham yevrokuboklarda katta tajribaga ega futbolchilar sanalishadi va bunday darajada to‘p surish mas’uliyatini to‘la his qilishadi. Faqatgina Manuel Noyer navbatdagi kulgili xatoga yo‘l qo‘ymasligiga (Bundesliga autsayderi — «Paderborn» bilan o‘yindagi kabi) umid qilish qoladi xolos, chunki Chempionlar ligasidagi xato qimmatga tushishi aniq.

Ko‘p ehtimol bilan, «Bavariya» safar o‘yini bo‘lsa ham g‘alaba qozonadi: Lempardning yoshlarida Levandovski va uning kompaniyasiga qarshi dosh berish uchun kuch yetmasligi mumkin.

Shu kunlarda 55 yoshni qarshilagan Flik «Bavariya»ni yanada kuchaytirgan bir qator g‘oyalarini tatbiq etdi. Endi uning ishlari Chempionlar ligasida qanday kechishini kuzatish qoldi. Xuddi shu gapni Gattuzo, Seten va Lempard haqida ham aytish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Debyutantlar to‘qnashuvi. Kun o‘yinlaridagi intrigalar