Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan va milliy terma jamoamiz safida ko‘p yillar davomida sardor sifatida yetakchilik qilgan Server Jeparov bugungi kunda o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rayotganini yaxshi bilsangiz kerak. Ko‘pchilik esa uni futbolchi sifatida yaxshi bilardi. Shu bois Serverdan qanday murabbiy chiqarkin, deya uning ishiga qiziqish bilan qaramoqdalar.
Jeparov esa bor e’tiborini aynan murabbiylik faoliyatiga qaratgan. Hozircha u katta yo‘lning boshida turibdi. Futbolimiz rahbariyati esa unga O‘zbekiston U-14 terma jamoasini topshirishgan. Shu sababli Jeparov ushbu terma bilan ish olib bormoqda. Biroq hozirgi koronavirus tufayli rejalar o‘zgardi va ustiga-ustak Server yaqinda ikki haftalik maxsus karantinda bo‘lib chiqdi. Biz esa ayrim masalalarda uning fikrlari bilan qiziqdik.
- Server, o‘g‘lingiz bilan karantinga qanday tushib qoldingiz?
- O‘g‘lim bilan birga “Rubin” klubida malaka oshirish uchun Qozonga borgandim. U ko‘pincha men bilan safarlarda hamrohlik qiladi. “Rubin”da esa bizning do‘stlarimiz bor. Ammo keyinchalik vaziyat shunday bo‘ldiki, O‘zbekistondagi kabi Rossiyada ham pandemiya boshlangan ekan. Natijada ortga qaytishimizga to‘g‘ri keldi.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu ketishda chempionatimiz o‘tkazilmasligi ham mumkinmi?
- O‘ylaymanki, tez orada yana hammasi o‘z iziga tushib, karantin nihoyasiga yetadi. Albatta, koronavirus ustidan g‘alaba qozoniladi. Chempionatni esa bekor qilmaydilar.
- Sizni O‘zbekiston U-14 terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlashgandi. Bolalar bilan ishlash va dastlabki murabbiylik faoliyatingiz og‘ir kechmayaptimi?
- Men uchun bu hayotimdagi yangi bosqichdir. Shu bois murabbiylik sohasida ham nimagadir erishishim yo‘lida ko‘p narsalarni o‘rganishimga to‘g‘ri keladi. Shu boisdan chetga chiqib malaka oshirish uchun o‘qiyapman, izlanyapman.
- Karantindan keyingi hayotingiz qanday ketmoqda?
- Ko‘p vaqtimni bolalarim bilan o‘tkazyapman. Ilgari esa faqat oqshomlarda ularni ko‘rardim. Endi bo‘lsa farzandlarim doim yonimda. Oldinlari farzandlarimiz bog‘chalarga va maktablarga borishardi. Biz esa er-xotin ishga jo‘nardik. Bir so‘z bilan aytganda, soppa-sog‘man va uyda bo‘lib turibman.
- Joriy yilda terma jamoalar umuman o‘yin o‘tkazmasliklari haqida ham xabarlar chiqdi. Sizningcha, bu to‘g‘ri qarormi? Umuman, bu holat sizning ishingizga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
- Bu hol mening ishimga unchalik kuchli ta’sir qilmaydi. Chunki menga ishonib topshirilgan terma jamoa ishtirokidagi saralash o‘yinlari faqat 2022 yili boshlanadi. Albatta, bolalarni bo‘lajak o‘yinlarga tayyorlash uchun ular bilan tez-tez uchrashib turishimizga va shug‘ullanishimizga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, ularning yoshida mashqlarni to‘xtatib qo‘yish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Qolaversa, bunday paytda ular o‘z epchilligi va chidamliligini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin.
- Bu epidemiyadan futbolimiz nimalarni yo‘qotishi mumkin?
- Bunisi qancha davom etishiga bog‘lik. Sportchining har bir kuni mashg‘ulotlardan iborat. Agar mashg‘ulotlar to‘xtab qolsa, sportchi o‘zini yaxshi sport formasida ushlab tura olmaydi. Shuning uchun ham u qayerda bo‘lmasin mashqlarini to‘xtatmasligi lozim.
- Futbolchi Jeparovdan murabbiy Jeparovga aylangach, o‘zingizda qanday o‘zgarishlarni his qildingiz?
- Murabbiy o‘yinchilardan farqli ravishda butunlay boshqacha fikrlaydi. Boz ustiga murabbiyning ishi futbolchinikidan ko‘ra katta kuch va mehnat talab qiladi.
- Murabbiylikda kimni o‘zingizga ustoz deb hisoblaysiz?
- Menga hammasidan ko‘ra Xosep Gvardiolaning ish uslubi ko‘proq yoqadi.
- Hozirgi karantin chog‘ida qaysi chempionatni kuzatyapsiz?
- Yuqorida aytganimdek, o‘z vaqtimni asosan farzandlarim bilan birgalikda o‘tkazmoqdaman. Bundan tashqari, “A” litsenziyasini olish uchun murabbiylik kursini ham o‘tayapman. Garchi uyda bo‘lsam ham ishim ko‘pligi bois televizor tomosha qilishga vaqt topa olmayapman.
- Futbolda juda ko‘p yutuqlarga erishgansiz, lekin murabbiylikda oson emas. Bu yo‘lda oldingizga aniq vazifalarni qo‘ygan bo‘lsangiz kerak?
- Men yuqori natijalarga erishishga o‘rganib qolganman va buni qanday amalga oshirish kerakligini bilaman. Futbolchi natija qayd etishi uchun ko‘p ishlashi kerak. Murabbiyning ishi esa futbolchinikidan ko‘ra ancha murakkab. Shunday ekan, murabbiy sifatida ham maksimum darajada kuch sarflab nimalarga qodirligimni isbotlab bermoqchiman. Albatta, barchasini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?