1 833
Superliga karvoni yana yo‘lga otlanmoqda. «Nasaf» - «Navbahor» va turning yana 6 intrigasi
Nihoyat, uch oylik tanaffusdan keyin O‘zbekistonda rasman futbol mavsumiga restart berildi. Shanba kunidan Superliganing 4-tur o‘yinlari bilan mamlakatimizning bir qator shaharlariga katta futbol qaytadi. Bu safar muxlislar futbolni stadiondan emas, oynai jahon orqali tomosha qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Superliga. 4-tur
13 iyun (shanba)
«BUNYODKOR» — «QO‘QON-1912»
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translyatsiya: «Sport» (jonli)
Turga start beruvchi uchrashuv 13 iyun kuni Toshkentda «Bunyodkor» va «Qo‘qon-1912» o‘rtasida kechadi. O‘tgan uch turdan keyin turnir jadvalida 6 ochkodan to‘plagan klublar o‘rtasidagi bahs qiziqarli o‘tishi aniq. Vadim Abramov jamoasi o‘z uyida to‘pga egalik qilish evaziga g‘alaba haqida o‘ylayshsa, Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari qarshi hujum va standart vaziyatlari hisobiga Toshkentdan ochko bilan qaytishlari mumkin. Yil boshida OCHLda «Bunyokdor» sharafini himoya qilgan Murod Xolmuhammedov sobiq jamoasiga qarshi bahsda qo‘qonliklaring asosiy figurasiga aylanishi mumkin.
Toshkentdagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Bunyodkor» – «Qo‘qon-1912» - 2:1
2018 yil: «Bunyodkor» – «Qo‘qon-1912» - 1:3
2017 yil: «Bunyodkor» – «Qo‘qon-1912» - 2:1
«QIZILQUM» — OKMK
O‘yin boshlanish vaqti: 20:00
TV-translyatsiya: «Mahalla» (jonli)
«Qizilqum» va OKMK o‘rtasidagi bahs ham barchaning e’tiborida turishi aniq. Navoiy klubi Tachmurod Agamurodov boshchiligidagi ilk uchrashuvini Mirjalol Qosimov jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Ikki baquvvat homiyga ega Navoiy va Olmaliq shaharlarining klublari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan jangovarlik kutish mumkin. Olmaliq jamoasi so‘nggi marta 2009 yilda Navoiydan g‘alaba bilan qaytgan. Ular bu safar 11 yil oldingi natija uchun kurashishsa, bu mavsum g‘alaba nimaligini bilmagan mezbonlar noxush an’anani buzishga intilishadi.
Navoiydagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Qizilqum» – OKMK - 3:1
2018 yil: «Qizilqum» – OKMK - 2:1
2017 yil: «Qizilqum» – OKMK - 2:2
14 iyun, yakshanba
«SO‘G‘DIYONA» — «PAXTAKOR»
O‘yin boshlanish vaqti: 18:00
TV-translyatsiya: «Sport» (jonli)
Yakshanba kungi bahsda Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi «So‘g‘diyona» Shota Arveladze qo‘l ostidagi «Paxtakor»ga qarshi saf tortadi. Jizzax klubi mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlab 13-o‘rinda turibdi, «Paxtakor» esa peshqadam sanaladi. Bu bahsda ishtiyoq va intizom tajribani mag‘lub etishga urinadi. Har holda o‘tgan mavsum 4-o‘rinni olgan Jizzax klubi ketma-ket 4-o‘yinda ham muvaffaqiyatsiz natijaga rozi bo‘lmasa kerak. Biroq, statistika to‘liq mehmonlar tarafida: «So‘g‘diyona» 21 yildan buyon «Paxtakor»ni o‘z maydonida mag‘lub eta olgani yo‘q. Amaldagi chempion jamoa Jizzaxda so‘nggi marta 1999 yilda taslim etilgan (2:3).
Jizzaxdagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «So‘g‘diyona» – «Paxtakor» - 1:2
2018 yil: «So‘g‘diyona» – «Paxtakor» - 0:1
2017 yil: «So‘g‘diyona» – «Paxtakor» - 0:1
«NASAF» — «NAVBAHOR»
O‘yin boshlanish vaqti: 20:00
TV-translyatsiya: «Sport» (jonli)
Turning markaziy o‘yini Qarshida «Nasaf» va «Navbahor» o‘rtasida kechadi. Bugungi kunda moliyaviy jihatdan bir-biri bilan raqobatdosh klublarga aylangan Qashqadaryo va Namangan viloyatining bosh jamoalari o‘rtasidagi bahs qizg‘in ko‘rinish olishi aniq. Berdiyev mavsumni g‘alabalar bilan davom ettirmoqda, Kanchelskis esa ikki marta ochko yo‘qotishga uchradi. Vohadagi o‘yin bu jamoalarning mavsumdagi imkoniyatlarini ochib bersa ajabmas. E’tiborlisi, Namangan klubi so‘nggi ikki yildan buyon Qarshida mag‘lubiyatga uchragani yo‘q – bir g‘alaba va bir durang. Qolaversa, Kanchelskis va uning jamoasi pandemiya davrida ham Namanganda tayyorgarlikni butkul to‘xtatgani yo‘q. Shunday ekan, uch o‘yinda uch g‘alabaga erishib, «Paxtakor» bilan qo‘shhokimlik o‘rnatgan «Nasaf» bu safar jiddiy qarshilikka uchrashi aniq.
Qarshidagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Nasaf» – «Navbahor» - 0:1
2018 yil: «Nasaf» – «Navbahor» - 1:1
2017 yil: «Nasaf» – «Navbahor» - 4:0
15 iyun (dushanba)
«SURXON» — «MASH’AL»
O‘yin boshlanish vaqti: 18:00
TV-translyatsiya: «Dunyo bo’ylab» (jonli)
Dushanba kungi Termizdagi «Surxon» va «Mash’al» o‘rtasidagi bahs ham shiddatli o‘tishiga shubha yo‘q. Murabbiylar qo‘nimsizligi davom etayotgan Termiz jamoasi uchun bahsning qadri ancha baland. Oxirgi bir yilda Mo‘minjonov, Miklyayev, Ashurmatov, Andreyevdan keyin mavsum boshida Bahrom Haydarov ish boshladi. Biroq, uning ham kursisi mustahkam emas. Shu bois bu bahsda jamoa o‘z murabbiyi uchun ham faqat g‘alabani ko‘zlashi talab etiladi. Shu kuni mezbonlar yetakchisi Shavkat Salomov jamoasiga yordam bera olmaydi. «Mash’al»ning esa debyutant sifatida yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q. Shunday ekan, Dilyaver Vaniyev jamoasi mezbonlarga ochiq futbol taklif etsa kerak.
Termizdagi oxirgi 3 o‘yin (Pro-liga):
2018 yil: «Surxon» – «Mash’al» - 2:1
2018 yil: «Surxon» – «Mash’al» - 1:1
2017 yil: uchrashmagan
«BUXORO» — «ANDIJON»
O‘yin boshlanish vaqti: 18:30
TV-translyatsiya: «Sport» (jonli)
Buxorodagi maydon tayyor emasligi uchun Muborakda o‘tadigan «Buxoro» va «Andijon» o‘rtasidagi o‘yin ham mezbonlar uchun katta ahamiyatga ega. Bosh murabbiy Muhsin Muhammadiyev kuni kecha O‘zbekistonga qaytib keldi va ayni damda karantinda saqlanmoqda. Jamoa legionerlari esa hali-hamon O‘zbekistonga qayta olganicha yo‘q. Klub asosan mahalliy futbolchilar bilan yangi rahbariyat boshchiligida tayyorgarlik ko‘rgan. O‘yinga jamoa qaysi murabbiy boshchiligida tushishi ham noma’lum. «Andijon» esa Viktor Kumikov qo‘l ostidagi debyut o‘yinini o‘tkazadi. Aynan ushbu bahs Muhammadiyevning «Buxoro»da qolish-qolmasligini aniqlab bersa kerak. Har holda ketma-ket safardagi 3 mag‘lubiyatdan keyingi navbatdagi muvaffaqiyatsizlik buxoroliklarning sabr kosasini to‘ldirishi tabiiy.
Buxorodagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Buxoro» – «Andijon» - 2:0
2016 yil: «Buxoro» – «Andijon» - 5:2
2015 yil: «Buxoro» – «Andijon» - 2:1
«LOKOMOTIV» — «MЕTALLURG»
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translyatsiya: «Mahalla» (jonli).
Turning so‘nggi bahsi Toshkentda «Lokomotiv» va «Metallurg» o‘rtasida kechadi. Bu bahs aslida Bekobodda o‘tishi lozim edi. Ammo bu shahar karantin sababli «qizil» hududda ekanligi tufayli jamoalarning o‘zaro roziligi bilan PFL o‘yinni poytaxtga ko‘chirdi.
Ushbu klublar o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinlar kutilmagan natijalarga boy bo‘lgan. Bekobod jamoasi oxirgi ikki o‘yinda «Lokomotiv»dan ochko tortib oldi. Ko‘ramiz, bu safar ham «temiryo‘lchilar»dan ochko tortib olinarmikan?
Toshkentdagi oxirgi 3 o‘yin:
2019 yil: «Lokomotiv» – «Metallurg» - 1:1
2018 yil: «Lokomotiv» – «Metallurg» - 1:0
2017 yil: «Lokomotiv» – «Metallurg» - 3:1.
U. Ibodov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar