1 991
Shota Arveladze hayotidan: Qamoq, o‘lim xavfi va haqiqatga berilgan jazo! Ronald de Bur “Ayaks”da meni sharmandalikdan qutqarib qolgandi (2-qism)
“Paxtakor”ni muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Gruziya futboli afsonasi Shota Arveladze jurnalistlarga katta intervyu berib, Shon Konneri, Lui van Gal, Vaxtan Kikabidze kabi mashhurlar bilan munosabati, hayotidagi quvonchli lahzalar, qamoqda o‘tirgani, tergovga tortilgani, o‘lim tahdidi va boshqa ko‘plab qiziq voqealar haqida gapirib berdi.
Shuningdek, Gruziya, Gollandiya va Shotlandiya chempioni, “Paxtakor”ni chempionlik sari yetaklagan Shota Arveladze quyidagi qiziqarli ma’lumotlar haqida ham muxlislarga hech kim bilmagan faktlarni oshkor qildi:
Shota nega 23 yoshligida Ispaniyaning top klubi taklifini rad etgan?
Ronald de Bur uni “Ayaks”dagi ilk mashg‘ulotida qanday qutqarib qolgan?
Nega van Galni darvozabonsiz o‘ynashga undagan?
Shota Arveladze faoliyatidagi yorqin sahifalardan biri “Ayaks” bilan bog‘liq. Ketma-ket ikki yil Yevropa chempionlar ligasi final bosqichida to‘p surgan jamoaning asosiy hujumchisi Patrik Klyuvert Italiyaga ko‘chib o‘tganidan keyin Arveladze uning o‘rnini bosa olishiga hatto Gruziyada ham ishonishmagan edi. Shota “Ayaks” bilan shartnoma imzolab, Tbilisiga qaytganida undan bir jurnalist “Seni asosiy tarkibga olishdimi yoki ikkinchi jamoagami?”, - deya so‘rab, masalaga aniqlik kiritmoqchi bo‘lgan edi.
- Meni kuchli hayajon bosganidan “Ayaks”ning birinchi mashg‘ulotiga butsa olib kelishni unutganman, - deydi Shota. – Kiyim almashtirish xonasida, formani kiyib olib, yalangoyoq o‘tirgandim. Aytish juda noqulay edi. Xayolimdan “Voy ahmoq, “Ayaks”ga kelib o‘tiribsana. Senga mashina, kurtka, sumka, kartmonni nima keragi bor, butsani olsang bo‘lmasmidi? “, degan fikr aylanardi. Buni Ronald de Bur sezib qolib, o‘lchamimni so‘radi va o‘zining butsasini olib kelib berdi. U bilan hozirgacha yaqin do‘stmiz.
Murabbiy borasida ham omadim kelgan. Morten Olsen o‘ntacha tilni bilardi. O‘zi himoyachi bo‘lgan, lekin hujumkor o‘yin namoyish qilishga ishtiyoqi baland. Dastlabki mavsumimda jamoa bilan chempionatni o‘zida 112 ta gol urdik. Eng qizig‘i, mavsum boshida men hayotimda ilk bor “Breda”da to‘p surayotgan ukamga qarshi o‘ynadim. U yerdan Archil “Kyoln”ga o‘tdi. O‘zi uchun noqulay bo‘lgan chap qanot yarim himoyachisi ampluasida o‘ynasa ham 9 ta gol urdi. Keyingi mavsumda tizzasidagi jarohat bezovta qilganidan keyin deyarli futbol o‘ynamay qo‘ydi. Muolajalardan zerikkani uchun 32 yoshida butsalarini mixta ildi, - deydi Arveladze.
- Siz ham 1998 yilning kuzida “Olimpiakos”ga qarshi o‘yinda tizzadan jarohat olgandingiz. Nega operatsiya qildirmagansiz?
Tizzaning orqasidagi bo‘g‘imga ziyon yetgan. U paytlar bunaqa jarohatni operatsiya qilmas edi. Menimcha hozir ham shunday. Men boshqa jarohat ham olgandim. Uni bir necha yil davomida mavsum oxirida operatsiya qildirardim. “Olimpiakos” bilan o‘yindan keyin bir necha oy azob chekdim. Klubga qaytganimda Olsenni o‘rniga Yan Vouters kelgandi.
- Kinkladze nega “Ayaks”da o‘ynab ketolmagan?
- O‘zi aybdor. U “Siti”da yetakchilik qilishga o‘rganib qolgandi. “Ayaks”da Litmanen bor edi. Kinkladze qanotda o‘ynashga o‘tdi. O‘ynolmadi. Angliyaga qaytishni orzu qilardi. Hatto gollandlarning tilini o‘zlashtirishni istamagani uchun dars qoldirib, jarimaga ham tortilgandi. Keyin “Vitess” bilan o‘yindan oldin bir voqea bo‘ldi. Kinkladze uch oy asosiy tarkibda tushmadi va mashg‘ulotdan keyin o‘yinga tushadigan futbolchilar ro‘yxatiga qaramay ham qo‘ygandi. Ertasi kuni kiyim almashtirish xonasiga kirib, uning 11-raqamli formasi tayyorlab qo‘yilganini ko‘rdim. U bu yerda yo‘q edi. O‘yinga tushirilishidan umidini uzib, meni stadionga olib borib qo‘ygandan keyin o‘zi shahar aylangani ketgan edi.
- Keyin nima bo‘ldi?
- Qo‘ng‘iroq qildim. Telefonini olmadi. Sandi Olisedan mashinasining kalitini olib do‘stimni shahar bo‘ylab qidirgani ketdim. Uchrashuvga olti soat bor edi. Uni baribir topolmadim. Jamoaviy tushlikka kech qoldim. Bu ishim uchun Vouters meni ro‘yxatdan olib tashladi.
Meni achchig‘im chiqdi: “Aqlingiz joyidami? Kinkladzega golland tili darsini 150 martalab eslatardingiz. Bir marta bo‘lsa ham seni uch oy deganda o‘yinga tushiraman, deb aytsangiz bo‘lmaydimi? Men do‘stimni qidirib, tushlikka kech qoldim, o‘yinga emas!”, deb o‘shqirdim.
Keyin “Ayaks”da qirq yil ishlagan afsona – boshqa bir murabbiy Bobbi Xarmsga “Bob bu adolatsizlikku, sizning ham do‘stlaringiz bordir, meni tushunishingiz kerak”, dedim. U Vouters bilan gaplashib, meni zaxiradagilar qatoriga qo‘shib chiqdi.
- Keyinchi?
- Hisob 1:1 bo‘lib turgandi. Yan meni chaqirdi: “Men sen uchun bugun nima qilganimni bilasan, endi seni navbating”, - dedi. Men unga kulib, “Aynan siz hech nima qilmadingiz”, - dedim. Bunaqa vaziyatlarda omadli edim va g‘alaba to‘pini kiritdim.
Keyinchalik men Vouters qo‘l ostida “Reynjers”da ham o‘ynadim. U Dik Advokatning yordamchisi edi. 10 yildan keyin esa, Yan “Qosimposho” jamoasida mening assistentim bo‘lib ishladi. Biz do‘stlashib ketgan edik va ko‘p muloqot qilardik. Kinkladze bilan bo‘lgan vaziyatni eslaganda “Odam professional bo‘lishi kerak, kimlarningdir orqasidan yugurib yurmasdan o‘ziga e’tibor qaratish kerak”, - deb takrorlardi. Unga biz Kinkladze bilan aka-ukadaymiz, men uning o‘g‘lini cho‘qintirgan otasiman, deb tushuntirguncha birinchi bo‘lim yakunlanardi.
Eng yomoni Gio menga “Nega meni qidirding? Telefonni unutib qoldiribman, shunga shunchami?” dedi. Lekin men baribir uni yaxshi ko‘raman.
- Xayrlashuv uchrashuvingizdan keyin “Ayaks”dagi do‘stingiz Mikael Laudrup: “Men juda band bo‘lishimga qaramay, bunday uchrashuvni o‘tkazib yuborolmas edim. Qanday qilib Arveladzening taklifini rad etish mumkin. Axir u “Ayaks”daligimizda qartada menga doim yutqazardi”, - degandi.
- Aslida men ham pokerni yaxshi o‘ynayman. Lekin u ko‘p yutardi. Ikkala Laudrup ham zo‘r futbolchilar edi. Ayniqsa, Mikael. Menga qancha zo‘r paslarni bergan. “Ayaks”dan ketganida rosa xafa bo‘lgandim.
- Litmanenning oxirigi uchrashuvida unga bo‘sh darvozani ishg‘ol qilish uchun sharoit yaratib bergandingiz.
- “Ayaks” tarixidagi eng zo‘r futbolchilardan biri so‘nggi uchrashuvini o‘tkazayotganda boshqacha yo‘l tuta olmasdim. O‘yinning oxirgi daqiqasida darvozabon van Deykni aldab o‘tdim, qarasam Yari kelyapti, unga to‘pni uzatdim, shu xolos.
- O‘shanda sizni butun stadion olqishlagandi. Siz nega mashg‘ulotdan oldin “Ayaks” murabbiylaridan biri Ko Adrianse bilan tortishgandingiz?
- Bu tortishuv emasdi. Qish, fevral, sovuq, shamol. U aytganidek, himoya vositalarini taqib, mashg‘ulotga tayyorlanardik. Adrianse kim charchaganini so‘radi. Men qo‘limni ko‘tardim. Menga Vitchge, Vinter, Maxlas qo‘shildi. Biz birga qarta o‘ynardik. Koning jahli chiqdi: “Sevgan kasbidan qanday charchash mumkin! Ko‘p odamlar soat oltida turib, ancha og‘ir ishlarga otlanadi. Sizlar katta pul topasizlar, oddiy odamlar esa qiynalmoqda”, - dedi. Men unga “Siz bizdan kim charchaganini so‘radingiz. Kim mashq qilmoqchi emas, demadingiz. Biz rostini aytdik. Keyingi gal hech kim charchamagan deb yolg‘on gapiramiz”, - dedim. Asosan munosabatimiz yaxshi edi. Ko yaxshi murabbiy.
Davomi bor...
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar