"Yuzkitobi"da o‘tirgandim, "Balki u Sizga tanishdir" deb bir odamni ko‘rsatdi. Dushan Savich. Rasmni ko‘rdim. Uning aynan o‘zi. 2011 yilning dastlabki davrasida "Paxtakor" safida o‘ynagan va muxlislarimiz uni eslashsa kerak. "Druzya" tashladim, bir necha soatlarda qabul qilindi va birdaniga unga Messenjerdan yozdim. Intervyuga yo‘q demadi.
- Salom Dushan, ahvolingiz qanday?
- Shukur, yaxshi. Karantinni inobatga olmasak, ishlar yomon emas. Dam oldik va yana dam olyapmiz.
- O‘zbekistonda futbol muxlislari, hususan, "Paxtakor"ning ashaddiy ishqibozlari Sizni yaxshi tanishadi.
- "Paxtakor"ning tarixi anchagina uzoqqa borib taqaladi va shu boisdan klubning butun O‘zbekiston bo‘ylab ishqibozlari juda ko‘p. Ularni hurmat qilaman va yaxshi ko‘raman.
- Bilib turibsiz, intervyu "Paxtakor" va O‘zbekiston futboli haqida bo‘ladi. 9 yil oldingi xotiralarni bizga so‘zlab berasiz.
- Kelishdik. Bundan juda xursand bo‘laman.
- "Paxtakor"da birinchi do‘stingiz kim bo‘lgan?
- Boyan Miladinovich. U menga katta yordam bergan. Juda yaxshi inson, do‘st va eng zo‘r himoyachi, jamoadosh. Bilasizmi, boshqa davlat jamoasiga borganda shunday insonlar sizning adaptatsiyangizni yanada tezlashtiradi. Boyanning faktori bilan men "Paxtakor"ga moslashishim tezroq kechgan. Umuman olganda rahbariyat va jamoadagi barcha meni iliq kutib olgan. Buning uchun ularga katta rahmat aytaman.
- "Paxtakor"dagi qiziq voqealardan birini aytib bera olasizmi?
- (kulib yubordi) Zo‘r holat bo‘lgandi. Dastlabki ikki o‘yinda gol ura olmadim. Shundan keyin ayrimlar qo‘y yoki tovuq so‘yib, qurbonlik qilish kerak deyishdi. Qo‘y so‘yildi va uning qonini butsamga surishdi va gol urishni boshladim. Bilaman, g‘alati, lekin bu yoddan chiqmaydigan holat bo‘lib qoldi.
- Sir emaski, Siz "Paxtakor"da moliyaviy holat unchalik yaxshi bo‘lmagan, ya’ni, kamtarona budjet bo‘lgan davrda o‘ynagansiz. Sir bo‘lmasa, o‘shanda "Paxtakor"da qancha maosh olardingiz?
- To‘g‘risini aytsam, menga kelishilgan maoshimni berishgan. Endi bilasiz, bunday narsalarni ayta olmayman. O‘shanda menga moliyaviy holat unchalik yaxshi emasligini aytishgan va klubning holatini to‘g‘ri tushunganman. Mukofot pullarini olmaganmiz, hatto "Paxtakor"dagi oxirgi maoshimni ham berishmagandi. Lekin "Paxtakor"ni sudga bermaganman, chunki klubni juda yaxshi ko‘raman.
- Samvel Babayan qanday inson? Oradan 9 yil o‘tdi, u yodingizdami?
- Ha, albatta. Samvel Babayan "Paxtakor" uchun barchasiga tayyor edi. Tinmay harakatda, ba’zida asabiy, lekin juda qiziqarli inson. "Paxtakor"ni rivojlantirish yo‘lida o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urardi. Shunday insonlarning borligi klub uchun katta yutuq deb hisoblayman.
- "Paxtakor"ning natijalarini kuzatib borasizmi?
- Nafaqat natijalarini, balki o‘yinlarini ham kuzataman va "Paxtakor"ga muxlislik qilaman. Klubga e’tiborim va mehrim yo‘qolmaydi menimcha.
- O‘zbek futbolida qandaydir yomon holatga duch kelganmisiz?
- Yo‘q, eslay olmayman. Menda faqatgina yaxshi xotiralar qolgan. Ajoyib stadionlar, muxlislik, shaharlar... Barchasi menga yoqqan. O‘zbekiston chiroyli davlat.
- "Paxtakor"da 6 oy o‘ynadingiz. Shundan keyin O‘zbekistonga yana keldingizmi?
- Ha, 6 oy o‘ynadim, rahbariyat agentim bilan kelisha olmagani sababli qolgan 4 yarim oylik shartnomam bekor qilingandi. O‘shanda "Paxtakor"da qolishni istagandim. Shu orqali O‘zbekistondagi sarguzashtlarim nihoyasiga yetgan. "Paxtakor"ni unutmayman.
- Har bir legionerga beriladigan odatiy savol: o‘zbek oshxonasi sizga yoqqanmi?
- Boshida juda qiynaldim. Chunki Serbiya va O‘zbekiston ovqatlari o‘rtasida katta farq bor. Keyinchalik palov yoqib qoldi va undan ko‘proq tanovul qilishni boshladim. Qozog‘istonda faoliyat olib borganimda ham o‘zbekcha palovni ko‘p yeganman. Ajoyib ovqat! Dunyo mo‘’jizalaridan biri.
- "Navbahor" bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis legionerlarni O‘zbekiston chempionatiga faqatgina pul orqali qiziqtirish mumkin degandi. "Paxtakor"da qiyin moliyaviy holatda o‘ynagan futbolchi sifatida bu gapga qanday fikrdasiz?
- To‘g‘risini aytganda, Antanasovich to‘g‘ri gapni gapirgan. Hozir qanday bilmadim, lekin "Paxtakor"da o‘ynagan vaqtimda chempionat saviyasi yomon emasdi. Legioner esa o‘z davlatini faqatgina yuqori maosh sababli tark etishi mumkin. Kichkina maoshga oilani boqib bo‘lmaydi, klub bilan butun dunyoni aylangandan ma’no yo‘q.
- Ravshan Haydarov, Deyan Jurjevich hamda Anatoliy Demyanenko. Qaysi murabbiyni tanlagan bo‘lardingiz?
- Qiyin savol. Uch xil murabbiy, uch xil falsafa, uch xil yo‘nalish. Balki ular o‘z falsafasiga ko‘ra eng zo‘rlaridir. Tanlash imkoniyati esa menda qiyinchilik tug‘dirmoqda.
- O‘zbek futboli deganda hayolingizga nima keladi?
- O‘zbekistonda ko‘p o‘ynamaganim sababli faqatgina "Paxtakor" miyaga keladi. Klubdagi faoliyatimdan keyin O‘zbekistonning qo‘shnisi bo‘lgan Qozog‘istonda o‘ynayotganimda bu yerga kelib, "Paxtakor"dagilarni ko‘rib ketgim keldi, biroq imkoniyat bo‘lmadi. Hali ham yodimda chempionatda 11 gol urganman, Osiyo chempionlar ligasi turniri esa menga yoqqandi. O‘zbekistonni unutmayman, fursatdan foydalanib, "Paxtakor" muxlislariga alangalik salom yo‘llayman.
- Dushan, sizga katta rahmat. Bizga vaqt ajratganingiz va intervyuga yo‘q demaganingizdan xursandmiz. Kelgusi faoliyatingiz va futboldan tashqaridagi hayotingizga omad tilaymiz.
- Sizdan ham minnatdorman.
Mirjalol Normatov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi