Lionel Messi «Barselona»da qoladi. Bu haqda argentinalik futbolchi rasmiy bayonoti orqali ma’lum qildi. Kataloniyalik muxlislar yengil tin olishdi, lekin 33 yoshli forvard hali ko‘k-anorranglilarning yangi bosh murabbiyi Ronald Kuman bilan chiqishib keta olmagan.
Messi o‘z bayonotida nima dedi
- "Men rafiqam va bolalarimga klubni tark etish istagim haqida gapirganimda, bu shafqatsiz drama bo‘lgandi. Oila a’zolarimning barchasi yig‘lashdi, bolalar Barselonadan ketishni va maktablarini almashtirishni istamasdi. Lekin men kelajak haqida o‘ylashim kerak edi.
Yuqori saviyada o‘ynashni, sovrinlar yutishni, Chempionlar ligasida raqobatbardosh jamoada bo‘lishni istayman. Bu turnirda har doim ham g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, bu juda murakkab turnir, ammo hamisha yaxshi ishtirok etish kerak. Rimda, Liverpulda va Lissabondagi kabi sochilib ketish emas, kurashish kerak. Bularning barchasi meni klubni o‘zgartirish haqida o‘ylashga majbur qildi.
Keta olishimga ishonchim komil edi. Klub prezidenti hamisha istalgan mavsum yakunida ketish yoki qolish bo‘yicha o‘zim qaror qabul qilishim mumkinligini aytardi. Endi esa rahbariyat men 10 iyungacha ketishim haqida ogohlantirmaganimga yopishib oldi. Axir biz o‘sha vaqtda koronavirus tufayli mavsum davom etish-etmasligini bilmaganmizku! Bu kasallik butun mavsumni o‘zgartirib yubordi.
Shunday ekan, men qolaman. Prezident faqat 700 mln yevro to‘lansa ketishim mumkinligini aytdi. Bu esa imkonsiz ish. Boshqa variant ham bor edi — barchasini sudda hal qilish. Lekin men hech qachon «Barsa» bilan sudlashmayman, men bu klubni juda sevaman. Klub menga juda ko‘p narsa bergan. Bu klub hayotimga aylangan. Klub menga barchasini berdi, men esa faqat arzimas chaqalar qaytardim. Xayolimga hech qachon «Barselona» bilan sudlashish fikri kelmagan.
Men Barselonani sevaman va bu yerdan yaxshiroq joy topa olmasligimni tushunaman. Lekin menda tanlov huquqi bor. Men o‘z oldimga yangi vazifalar va yangi maqsadlar qo‘yishni rejalashtirgandim. Ertagayoq qaytishim mumkin, axir «Barselona»da hammasi bor.
Men klub prezidentiga ketishni istashimni aytdim. Butun yil davomida aytib keldim. Boshqa tomonga ham qadam tashlash vaqti kelgan deb o‘yladim. Men klubni yoshartirish kerak deb hisobladim, mening klubdagi davrim poyoniga yetdi deb o‘yladim. Garchi men faoliyatimni shu yerda yakunlash haqida orzu qilgan bo‘lsamda. Men «Bavariya»dan mag‘lubiyat tufayli bu qarorga kelmadim, men ko‘p vaqtdan buyon bu haqda o‘ylab kelardim. Oxir-oqibat, klub prezidenti o‘z so‘zida turmadi.
Yil davomida men Bartomeuga ketishni istayotganimni, faoliyatimda yangi maqsadlar va yangi yo‘nalishlar izlash vaqti kelganini aytib keldim. U esa hamisha shunday takrorlardi: «Gaplashamiz, ammo hozir emas». Ammo ish aniq muhokamalarga yetib bormasdi. U hamisha mavsum yakunida barchasini o‘zim hal qilishim mumkinligini aytardi, ammo hech qachon aniq sanani belgilamasdi. Haqiqat shuki, klubda ko‘p vaqt davomida aniq loyiha bo‘lmadi, rahbariyat esa faqatgina teshiklarni yamash bilan band bo‘ldi.
Men baxtsiz edim va ketishni xohlagandim, ammo bunga imkon berishmadi. Shunday ekan men qolishga majbur bo‘ldim. Bartomeu boshchiligidagi rahbariyat «Barselona»ga rahbarlik qilishi bu — falokat.
Ketishni qanchalik xohlagan bo‘lsam ham, o‘yinga bo‘lgan munosabatim o‘zgarmaydi. Maksimal darajada o‘ynayman.
Har doim g‘alaba qozonishni, raqobatbardosh bo‘lishni xohlayman. Yutqazishni yoqtirmayman. Doim klub uchun, futbolchilar uchun va o‘zim uchun eng yaxshisini istayman.
Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lish uchun kerakli yordam ololmayapmiz, dedim. Aslida buyog‘iga ham nima bo‘lishini bilmayman.
Yangi murabbiy keldi, uning o‘z g‘oyalari bor. Bu yaxshi, ammo jamoaning ularga munosabati qanday bo‘lishini, yangi g‘oyalar bizga eng yuqori saviyada kurashishga imkon beradimi yoki yo‘qmi, ko‘rib chiqishimiz kerak. Shuni aytishim mumkinki, «Barselona»da qolaman va bor kuchimni beraman".
Messi ketishi ehtimoli bilan bog‘liq voqealar rivoji qanday rivojlandi
So‘nggi uch haftada Messi atrofidagi voqealar o‘tkir syujetli filmdagi kabi rivojlandi. Bir-biriga zid bo‘lgan turli xabarlar tarqaldi, bunday xabarlardan futbol muxlislarining boshi aylandi. Ammo bir gap aniq edi – Leo Kataloniya poytaxtidan ketishga qat’iy ahd qilgandi.
Chempionlar ligasi chorak finalida «Barselona» «Bavariya»dan 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lgach, ispaniyalik jurnalistlar Messi klub rahbariyatiga 2021 yil yozini - shartnomasi muddati tugashini kutmasdan ketmoqchiligini aytgani haqida yoza boshlashdi. Ko‘p o‘tmay, 20 avgust kuni Leo jamoaning yangi bosh murabbiyi Kuman bilan uchrashdi. Aftidan, yangi bosh murabbiy bilan suhbat unga ma’qul bo‘lmagan va bu uchrashuv uning ketish qarorini yanada mustahkamlagan. Deportes Cuatro ma’lumotiga ko‘ra, Kuman o‘zini qattiqqo‘l tutgan va u hech kimga alohida qaramasligini bildirgan.
Niderlandiyalik mutaxassis esa intervyularidan birida Messi haqida iliq fikrlar bildirdi: u jamoani Leo atrofida qurmoqchiligini aytgandi.
Argentinalik futbolchi uchun birinchi navbatdagi da’vogar – «Manchester Siti» bo‘ldi. Messi sobiq ustozi Xosep Gvardiola bilan yana birga ishlashga qarshi emasdi. Angliya klubi ushbu yulduz futbolchi uchun ko‘k-anorranglilar jamoasiga 100 mln yevro berishga tayyorligi, ushbu transfer doirasida – Erik Garsiya, Bernardu Silva va Gabriel Jezus kabi futbolchilar ham Kataloniyaga yo‘l olishi mumkinligi haqida yozishdi. Leoning ketish istagi bildirilgan byurofaks olgan «Barselona» 25 avgust kuni direktorlar kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Yig‘ilishda kengash a’zolarining ayrimlari klub prezidenti Jozep Bartomeuga ishonchsizlik bildirishga chaqirishdi. «Barsa» ofisi atrofida klub muxlislari to‘plana boshlashdi va Bartomeuning iste’fosini talab qilishdi.
Ammo ko‘k-anorranglilar klubi rahbari ketishga ham, Messini qo‘yib yuborishga ham rozi bo‘lmadi. Klub argentinalik futbolchining vakillariga u faqat shartnomasida ko‘rsatilgan 700 million yevrolik badal puli to‘langan taqdirda «Barselona»dan ketishi mumkinligini bildirdi. Rahbariyat shartnomada futbolchi istalgan mavsum yakunida erkin agent maqomida ketishi mumkinligi ko‘rsatilgan punktdan foydalanish muddati 10 iyunda yakunlanganini ma’lum qildi.
Lekin, Messi isyon qilishda davom etdi: 30 avgust kuni u «Barselona» bazasiga koronavirusga majburiy test topshirishga kelmadi. U keyin Kuman boshchiligidagi ilk mashg‘ulotlarni ham o‘tkazib yubordi. Ispan nashrlari klub argentinalik futbolchini bu harakati uchun jazolamasligini bildirdi. Bu orada Leo va Gvardiola o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgani hamda «Manchester Siti» forvardning taqdimotiga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ammo sentabr oyi boshida vaziyat o‘zgara boshladi. Shu haftaning chorshanba kuni Messining ishlarini yurituvchi otasi Xorxe Argentinadan Kataloniyaga uchib keldi. Avvaliga u o‘g‘li «Barselona»da qolmasligini aytdi, ammo keyingi kuni Leo baribir shartnomasi muddati yakunigacha Barselonada qolishini ma’lum qildi. Chindan ham argentinalik futbolchi o‘zining jonajon klubi bilan sudlashishni istamadi. Kamida 2021 yil yozigacha Messi «Barsa» uchun o‘ynashda davom etadi. U bu vaqt ichida fikrini o‘zgartirib, yangi shartnomaga imzo chekishi ham mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi