Nihoyat, bugun OCHL markazlashgan o‘yinlari start oladi. Musobaqaning "B" guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston chempioni "Paxtakor" Saudiya Arabistoni chempioni va Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi "Al Hilol" bilan kuch sinashadi.
Hujum qilishdan charchamaydigan "Al Hilol"
"Al Hilol" Osiyoning eng kuchli jamoasi, amalda ham shunday. Har bir chiziqda kuchli o‘yinchilar yig‘ilgan, zaxirasi keng va kuchli. Shu sabab Rezvan Luchesku doim rotatsiya qiladi. Jamoaning oxirgi o‘yinlariga nazar soladigan bo‘lsak faqatgina hujumkor o‘yinchilar almashmaydi. O‘ng qanotda Karrilo, chapda tinib-tinchimas Salim Al Dovsari, hujum ortida Jovinko va eng oldinda Bafetimbi Gomis. Qolgan barcha chiziqlarda doimo rotatsiyaga qo‘l uriladi.
Murabbiy qo‘l ostida uch nafar ajoyib qanot himoyachilari bor. Ulardan Yosir Al Shahroni va Madallah Ali Ololayan har ikki qanotda harakat qila oladi. Muhammad Al Burayk esa o‘ngda o‘ynaydi. Ayni uch himoyachi almashib to‘p tepadi. Bugun Al Burayk koronavirusga chalinganlardan biri ekanligi haqida xabar bergandik. Demak, himoyaning o‘ngida Ololayan, chapida Shahroni bo‘ladi. Odatda murabbiylar markaziy himoyada ko‘p ham rotatsiya qilavermaydilar. Ammo, bugun to‘qnash keladiganlar bundan mustasno.
Arveladze ham, Luchesku ham bu chiziqda tez-tez o‘zgartirishlarga qo‘l uradi. "Hilol"ning oxirgi bellashuvlarini kuzatib chiqar ekansiz, aynan qaysi ikki himoyachi asosiy tarkibda tushishini aniq aytib bera olmaysiz. Jan Xyun Su boshlang‘ichda bo‘lishi deyarli aniq, unga esa Ali Al Bulayhi, Abdulloh Al Hafiz va Muhammad Jahfalidan biri sherik bo‘ladi. "Paxtakor" ikkinchi qavatda yaxshi ekanligini inobatga olsak, saudiyaliklar ustozi nisbatan bo‘yi balandroq va bosh bilan yaxshiroq harakatlanadigan Al Hafizni tanlasa kerak.
Rezvan janoblari ikkita markaziy yarim himoyachi bilan o‘ynashni yoqtiradi. Bunda ulardan biri ko‘proq himoyalanishga, ikkinchisi ko‘proq hujumga o‘tishga moslashgan bo‘ladi. Bu tomonlama ham xuddi "Paxtakor"ga o‘xshash holat. Jamoa tarkibida markaziy yarim himoyachilar ko‘p va ular doimo almashib tushishadi. Ammo, kolumbiyalik Gustavo Guyellar limit sabab "zayavka" qilinmagan bo‘lsa, klub afsonasi Al Shalhubdan keyingi sardor Salmon Al Faraj Covid-19ga topshirgan testi ijobiy chiqqani bois karantinda. Demak, bugun raqib markazdagi eng kuchli ikki futbolchisisiz tushadi.
"Al Hilol"ning bugungi o‘yinga taxminiy tarkibi:
4-2-3-1
Darvozabon: 1.Abdulloh Al Muayuf.
Himoyachilar: 23.Madallah Ali Ololayan, 20.Jan Xyun Su, 17.Abdulloh Al Hafiz, 12.Yosir Shahroni.
Yarim himoyachilar: 28.Muhammad Kanno, 16.Nossir Al Davsari, 19.Andre Karrilo, 29.Salim Al Davsari, 9.Sebastyan Jovinko.
Hujumchi: 18.Bafetimbi Gomis.
Har holda hozirgi holatdan kelib chiqsak, riyodliklarning eng kuchli tarkibi aynan shunday.
Muhim o‘yinga yo‘qotishlarsiz yetib kelgan "Paxtakor"
Mamlakatimiz chempioni Chempionlar ligasining muhim pallasiga yo‘qotishlarsiz yetib keldi. Aksincha, uzoq vaqt jarohatini davolash bilan mashg‘ul bo‘lgan Javohir Sidiqov, Akrom Komilov va Sadriddin Abdullayev safga qaytishdi va o‘ynashga ham ulgurishdi. Sidiqov va Komilov ancha formaga kirib oldi. Dohaga kelishdan oldin Superliganing 3 o‘yinida Shota Arveladze yetarlicha rotatsiyalarga qo‘l urdi. Odatda, boshlang‘ich tarkibga unchalik ko‘p o‘zgartirish kiritavermaydigan Shota Arveladze OCHL oldidan aksincha yo‘l tutdi. Ya’ni, deyarli hammaga imkon berdi va bu orqali kimlar tayyor ekanligini ko‘rib oldi.
Bugun himoyaning qanotlarini Hojiakbar Alijonov va Farruh Sayfiyevlar egallashi ehtimoli katta. Markaziy himoyada Anzur va Yegorni ko‘rsak kerak. Chunki, Sherzod A’zamov yaqindagina mikro jarohatdan qutuldi va keskin kurash kechishi kutilayotgan o‘yinda uni tushirish biroz tavakkal bo‘lib qolishi mumkin. Himoyachi mutlaqo to‘liq tiklanib olishi zarur. Biz jamoa mashg‘ulotlariga kira olmaymiz, shu sabab uning hozirgi holatidan bexabarmiz. Balki, u allaqachon to‘liq tiklanib olgandir. Buni vaqt ko‘rsatadi.
Markaziy yarim himoyada Hamrobekov va Sobirxo‘jayev juftligini ko‘rishga o‘rganib qolganmiz, bugun ham katta ehtimol shunday bo‘ladi. Abror Ismoilov ham oxirgi paytlarda juda yaxshi taassurot qoldirmoqda, uning o‘yinida o‘sish kuzatildi. Shu sabab zaxiradan tushgan paytda o‘yinni buzib qo‘ymayapti, aksincha kuchaytirmoqda.
Hujumkor to‘rtlikda Hamdamov, Masharipov, Cheran va Sergeyev tushishi ehtimoli yuqori. Superligada Shota Sidiqovni ko‘p bor maydonga tushirdi va "tilla bola" formaga kirib bormoqda. Lekin, keskin yakka kurashlarda Hamdamov nisbatan chidamliroq va raqib jarima maydoni atrofida ochilishda ham Doston faolroq bo‘ladi. Javohir esa o‘sha yaxshi ochiladigan sheriklariga chiroyli paslar berishni qoyillatadi. Bugungi o‘yin uchun taxminiy tarkib yozayotganimda Hamdamov torozi pallasini ko‘proq bosdi. Cheran va Masharipov masalasida tortishish shart emas. Biri jamoaning miyasi bo‘lsa, ikkinchisi yuragi. Hujumda esa bugungi kunda har tomonlama kuchliroq va yaxshiroq holatda bo‘lgan Igor Sergeyev egallasa kerak. U himoyachilarga bosim o‘tkazishda ham Derdiyokdan ancha ustun. Maydonda tinimsiz mehnat qiladigan Igorni boshlang‘ichda ko‘rsak kerak.
"Paxtakor"ning bugungi o‘yinga taxminiy tarkibi:
4-2-3-1
Darvozabon: 25.Eldorbek Suyunov.
Himoyachilar: 3.Hojiakbar Alijonov, 5.Anzur Ismoilov, 15.Yegor Krimes, 34.Farruh Sayfiyev.
Yarim himoyachilar: 20.Odil Hamrobekov, 27.Sardor Sobirxo‘jayev, 17.Doston Hamdamov, 9.Jaloliddin Masharipov, 10.Dragan Cheran.
Hujumchi: 11. Igor Sergeyev.
"Al Hilol"ning tezkor hujumlari kuchlimi yoki "Paxtakor"ning o‘yini?
Luchesku jamoasi hujum qilishdan charchamaydi. Tezkor qanot o‘yinchilari hisobiga jamoa juda tez oldinga o‘tadi. Qanot himoyachilari ham, vingerlar ham tez va driblingi yaxshi o‘yinchilar. Hujumlarni nazorat qilishni esa Jovinko qoyillatadi. Italiyalik OCHLda 2019 yil boshidan beri eng ko‘p vaziyat (36 ta) yaratgan o‘yinchi. "Paxtakor"ning miyasi Cheran bo‘lsa, raqiblarda Jovinko. Hujumdagi to‘rtlik bir-birini juda yaxshi tushunadi, kutilmagan kesma paslar ular uchun odatiy hol. Gomis esa istalgan nuqtadan zarba yo‘llaydigan ajoyib hujumchi. "Paxtakor" himoyachilari unga zarba berish imkonini bermasliklari joiz, Gomis salgina imkon bo‘lsa ham kuchli zarba yo‘llaydi. Tepishga bermaslik kerak.
"Hilol"ning kuchli tomonlarini sanadik, endi kuchsiz tomoniga ham to‘xtalsak to‘g‘ri bo‘ladi. Ayni shu bugungi kunda eng katta muammo jamoaning markazida. Shu joyda eng kuchli va asosiy ikki o‘yinchi (Al Faraj va Guyellar) yo‘qligini teparoqda yozdim. Demak, "Paxtakor" aynan markazda ustunlikni o‘z qo‘liga olishi mumkin va bu umumiy o‘yin kartinkasiga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Bunga faqat Jovinkoning mahorati halal berib qolishi mumkin. "Kichik aqlli"ning erkin o‘ynashiga bermaslik orqali yaxshigina ustunlikka erishish mumkin. Saudiyaliklarning yana bir kuchsiz jihati - ikkinchi qavat. Jamoa ichki chempionatda o‘tkazib yuborgan oxirgi gollarga qaraydigan bo‘lsak, ular oyoqdan ko‘ra bosh bilan ko‘proq gol o‘tkazib yuborishgan. Ikkinchi qavatda zo‘r harakatlanadigan raqib ularga yetarlicha muammo tug‘dirishi mumkin.
"Paxtakor" ana o‘sha jamoa. Shota bugungacha deyarli barcha shogirdlarini o‘yinda sinab oldi va kerakli xulosalarni chiqargani aniq. "Sherlar"ga asosiy xavf har ikki qanotdan va Jovinkoning paslaridan keladi. Juda tez va yuqori driblingli qanot o‘yinchilarini to‘xtatish oson bo‘lmasligi aniq. Himoyachilarga kuch-quvvat tilab qolamiz.
Toshkentliklar o‘yinni nazorat qilishni yoqtirishadi, agar to‘p nazorati shogirdlarida bo‘lmasa murabbiy asabiylashadi. Superligadagi avgust va sentabr oyidagi o‘yinlardan kelib chiqsak, "sherlar"ning o‘yini faqat o‘sib bordi. Bu Chempionlar ligasida qo‘l kelishi kerak. Raqibda Jovinko paslarni maromiga yetkazsa, "Paxtakor"da Cheran ham undan qolishmaydi. Ularda Salim Al Dovsari himoyachilarni aldayverib, yugurtiraverib charchatib tashlasa, bizda Jaloliddin Masharipov kerak bo‘lsa himoyachilar ustidan kulib o‘ynay oladi. Ularda Gomis juda ko‘p gol ursa, bizda Sergeyev ketma-ket golli seriyani davom ettirib kelmoqda. Ularda Guyellar va Al Faraj yo‘q bo‘lsa, bizda Hamrobekov hamda Sobirxo‘jayev joyida.
Bir-biriga juda ham munosib raqiblar to‘qnashuvi. Ularning taktik sxemasi ham bir xil — 4-2-3-1. Menimcha, bu turda bundan yaxshiroq va kuchliroq qarama-qarshilik yo‘q. Bu turning markaziy o‘yini, so‘zsiz. Tunda uxlab qolmang, afsuslanmaysiz!
Tolibjon Qosimov
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda