2 499
"Jenoa"ga o‘tish, 61-raqam, Karpinning hazili va rad etilgan takliflar". Eldor Shomurodov bilan katta intervyu
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Italiyaning "Jenoa" klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiyaning sport24.ru nashriga intervyu berdi. Quyida intervyuni o‘zbek tilida taqdim etamiz.
— "Jenoa" bilan shartnoma tuzgach terma jamoa ixtiyoriga uchib ketdingiz. Hozir qayerdasiz?
— Istanbul aeroportida. "Jenoa"dan O‘FAga murojaat qilishdi va meni vaqtliroq qo‘yib yuborishlarini so‘rashdi. Bunga rozi bo‘lgan terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov va butun shtabga rahmat aytaman. Albatta, agar rasmiy o‘yinlar bo‘lganida terma jamoadan bunchalik vaqtli ketmasdim.
— "Jenoa"ga o‘tish qanday sodir bo‘ldi?
— Barchasi juda tez bo‘ldi. Qahhor qo‘ng‘iroq qildi (Qahhor Mo‘minov — ProSport Management vakili) va shunday variant borligini aytdi. Men darhol rozi bo‘ldim. Yoshligimdan Yevropada o‘ynashni orzu qilaman. Boshidan shunga intilardim. Qaysi davlat yoki qaysi klubda farqi yo‘q, shunchaki o‘zimni o‘sha yerda sinab ko‘rmoqchi edim.
— Rossiyada o‘ynayotgan ko‘pchilik oxirigacha MYU yoki "Barsa"dan taklifni kutishadi. Top-klub bo‘lmasa yaxshisi Rossiyada qolgan ma’qul deyishadi.
— Senga top-klub taklif yuborishini kutishdan ma’no yo‘q. Vaqt yo‘qotilgani qoladi xolos! Men ham "Rostov"da qolishim mumkin edi, bu yerda barchasi menga yoqardi, o‘zimni qulay his qilardim. Ammo miyamda Yevropa orzusi aylanaverardi. Shu bois imkoniyat bo‘lishi bilan unga rozi bo‘ldim.
— So‘nggi pallada sizga "Verona" va "Fiorentina" ham qiziqayotgani haqida xabarlar chiqdi. Bu variantlarni ham ko‘rib chiqdingizmi?
— Buni internet orqali o‘qidim. O‘sha paytda "Jenoa" bilan so‘nggi detallarni hal qilayotgandik. Boshqa variantlar haqida o‘ylamadim.
— Yozda boshqa davlatlardan takliflar bo‘ldimi?
— Ispaniyadan bo‘ldi. Belgiyadan "Genk" qiziqqandi. Shu yil boshida esa "Shtutgart"dan taklif bo‘lgandi.
— "Jenoa" varianti paydo bo‘lgach Karpin nima dedi?
— Unga darhol o‘zimni sinab ko‘rmoqchiligimni aytdim. U shunday javob berdi: "Futbolchi sifatida seni tushunaman, ammo murabbiy sifatida ketishingni xohlamayman — menga "Rostov"da keraksan". Biroq rahbariyat rozi bo‘lsa bu transferga qarshi bo‘lmasligini aytdi. Unga va klubga orzum ushalishi uchun yordam berishganiga rahmat aytaman.
— Xayrlashuv videosida Karpin sizga "yig‘lama" dedi. Rostan ko‘zingizga yosh keldimi?
— Tan olaman ko‘zlarimga yosh keldi. Bir tomondan nimaga intilgan va nimani orzu qilgan bo‘lsam o‘shalar ushalayotganini his qilardim, boshqa tomondan esa ketish og‘ir edi.
— Karpin sizga instagramda: "Arzimaydi, qiyshiqoyoq" deb yozganiga qanday reaksiya bo‘ldi?
— Barchasi joyida, ha-ha! Bu hazil ekanini tushundim. Mashg‘ulotlar vaqtida ko‘pincha shunday so‘zlarni eshitardim va barchasi joyida edi. Karpin bilan doim munosabatlarimiz a’lo darajada bo‘lgan. Masalan, ketishimdan oldin Valeriy Georgich kulib: "Sen qiyshiqoyoqni kim ham bunchalik ko‘p pulga sotib olardi?!" degandi.
— "Spartak"da Karpinning hazillariga ko‘pchilik xafa bo‘lardi.
— Men hazilni tushunaman. Ammo Georgich bilan ko‘pincha jiddiy, hatto keskin suhbatlar bo‘lardi. Uni doim rost gapirgani uchun hurmat qilaman. Unga hatto nima deb javob berishni ham bilmasdim: Karpin o‘zi ham futbol o‘ynagan, shu bois aytganlarini to‘g‘ri bajarishga intilardim.
— "Jenoa"da 61-raqamni oldingiz. Bu Rostov viloyatining regional kodi.
— Bu taklifni do‘stim aytdi. "Agar raqamni tanlab ulgurmagan bo‘lsang 61-raqamni ol — bu Rostov viloyati kodi, muxlislar xursand bo‘lishadi" degandi. "Jenoa"da 14-raqam band edi, shu bois "Rostov" muxlislari va klubga minnatdorchilik ramzi sifatida 61-raqamni oldim.
— Sizdan Ronaldudan ko‘proq gol urasizmi deb so‘rashgandi. Keling biroz darajani pasaytiramiz: Miranchukdan ko‘proq gol ura olasizmi?
— Gol urish uchun raqobatda g‘olib bo‘lish kerak. Mening birinchi maqsadim — asosiy tarkibda muqim joy egallash. Gollar sonini keyin sanayveramiz.
— Aytaylik "Zenit" "Jenoa" bergan puldan ko‘proq berganida. Baribir Italiyaga ketarmidingiz yoki Rossiyada qolarmidingiz?
— Baribir ketardim, sababi agentimga doim bir gapni aytardim: Birinchi navbatda Yevropa, keyin boshqalar. Bungacha menda Qatar, Saudiya Arabistoni va Xitoydan takliflar bor edi, ammo ularni hatto ko‘rib chiqmaganman. Pullar — eng asosiysi emas.
— "Jenoa"dagi maoshingiz "Rostov"dagidan ko‘proqmi?
— Ha.
— Ko‘pchilik xayron qoldi: "Italiya klubi 8 oy ichida 3ta gol urgan hujumchini nima qiladi" deyishdi. Sermahsullik nima uchun bunchalik pasayib ketganiga qandaydir sabab bormi?
— Bu juda qiyin savol. Nima desam ham bahonadek tuyuladi… Menimcha karantin ko‘p narsaga ta’sir qildi. Bizni alohida xonalarga qamab qo‘yishdi — faqat u yerda velosiped aylantirish va press qilish mumkin edi xolos. Bu barchaga turlicha ta’sir qildi: kimdir tezda jismoniy holatini yaxshiladi, ammo menda bu jarayon uzoq davom etdi.
— Karpin Shomurodov uylangani sababli kam gol urmoqda degandi.
— Hamma uylanadiku! Demak barchada pasayish bo‘ladimi, ha-ha! O‘ylashimcha bu narsa ta’sir qilmadi.
— Amina bilan qachon tanishib qolgansiz?
— To‘yimdan ikki oycha oldin.
— Ehhe.
— Ha. Uylanishim kerak deb hisobladim. Turmush o‘rtoq izladim va topdim.
— Yevropani orzu qilardim dedingiz. Yoshlikda Italiyada o‘ynashingizni tasavvur qilarmidingiz?
— Orzu qilardim, ammo tasavvur qilolmasdim. Rossiya chempionati yulduzlarini ham yaqin-yaqingacha faqat TV orqali tomosha qilardim! "Rostov"ga kelganimda "Zenit"ga qarshi maydonga tushganim yodimda. O‘shanda Branislav Ivanovich piterliklar safida o‘ynardi. Men esa yoshligimdan "Chelsi" muxlisiman — unga qarab nimalar sodir bo‘layotganini anglay olmasdim. O‘zbekistonda akademiyada o‘qib yurganimda unga muxlislik qilardim.
— Bungacha A Seriya o‘yinlarini tomosha qilarmidingiz?
— Rostini aytsam futbolni kamdan-kam ko‘raman. Faqat YECHL bo‘lsa ko‘raman. Yoki "Chelsi" o‘yinlarini tomosha qilaman.
— Futbolga qanday kirib kelgansiz?
— Men futbol oilasida tug‘ilganman. Dadam, ikki amakim va akam — barchasi futbolchi bo‘lgan. Bobom esa murabbiy edi. Dadam ham hujumchi bo‘lgan. Eslay olmaymanu, aytishlaricha Birinchi ligada yaxshi hujumchi bo‘lgan ekanlar. Bu Rossiyada FNL bilan bir xil daraja. Jarohatlar tufayli faoliyatini erta yakunlagan. Ilhom amakim "Nasaf" bilan OFK Kubogini qo‘lga kiritgan, "Bunyodkor" bilan O‘zbekiston kubogini yutgan. Olti yoshdan futbolga borishni juda istardim, ammo faqat birinchi sinfdan olishardi. 7 yoshga to‘lgach futbolga borganman. 12 yoshimda esa "Mash’al" akademiyasiga olib borishgan. Bu O‘zbekistondagi birinchi raqamli akademiya.
— "Chelsi"ga qanday mehr qo‘ygansiz?
— Bilmayman. Menimcha yoshligimda "Chelsi" futbolkasi bo‘lardi — shundan boshlangan bo‘lsa kerak. Fernando Torres va Drogbaning o‘yinlarini maza qilib ko‘rardim.
— O‘zbekistonda Rivaldoni maydonga olib tushgan ekansiz.
— "Mash’al" akademiyasida o‘ynab yurganimda, asosiy jamoada Ilhom amakim o‘ynardi. Doim u bilan birga maydonga tushardim. Ammo bir kun "Bunyodkor" futbolchilari bilan tushishimiz kerakligini aytishdi. O‘sha paytda "Quruvchi" deb nomlanardi. O‘zimga raqib futbolchilaridan birini tanlash kerak bo‘lsa faqat Rivaldo dedim. U bilan maydonga chiqib kelganimda juda ham qattiq hayajonlanganman!
— O‘zbekistondan Italiyaga uchib ketingiz. Yurtingizga keyingi safar borganda "Jenoa"ning nechta futbolkasini olib borasiz?
— Tasavvur ham qilolmayman. Menimcha katta sumka bo‘lsa kerak. Ammo ko‘p narsa qanday o‘ynashimga bog‘liq. Agar yaxshi o‘ynasam — katta chemodan ham yetmaydi. Yomon bo‘lsa hech kim mening futbolkamni olmaydi.
sport24.ru saytidan Narzulla Saydullayev tarjimasi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar