22:11 / 07.12.2020
4 395

Saudiya Arabistoni shahzodasi Toshkentga keldi

Saudiya Arabistoni shahzodasi Toshkentga keldi
“Kiddiya” – nafaqat Osiyo, balki jahon sporti olamiga katta hayqiriq bilan kirib kelayotgan megaloyiha bo‘lib, Saudiya Arabistonida sport rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha davlatning 2030 yilgacha rivojlanish strategiyasida o‘rin olgan. Bu orqali Saudiya Arabistoni 2030 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilishni maqsad qilgan. Loyiha qurilishi 2019 yilda boshlangan bo‘lib, 2023 yil yakuniga yetishi mo‘ljallangan. Bu kabi qiziqarli ma’lumotlar 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilishni maqsad qilgan Saudiya Arabistoni Olimpiya qo‘mitasi va sport vazirligi vakillari bilan uchrashuvda taqdim qilindi.

Bugun 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish rejalari bo‘yicha Saudiya Arabistoni vakillari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Qirollik shahzodasi, mamlakat sport vaziri va Olimpiya qo‘mitasi raisi, "Ar-Riyod-2030" loyihasi rahbari shahzoda Abdulaziz bin Turkiy Al Faysal rahbarlik qildi. Martabali mehmonlarni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi har ikki tashkilot mutasaddi rahbari kutib olishdi. Uchrashuvda saudiyalik mehmonlar bo‘lajak musobaqa mezbonligi va rejalari haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Avvalo, ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun katta tashakkur izhor qilib qolamiz. Bu O‘zbekistonga birinchi tashrifimiz. Ishonamizki, bundan keyin sport sohasidagi hamkorligimiz yanada yangi bosqichga ko‘tarilajak. Bizning muhtaram Qirolimiz ham 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish masalasiga katta ahamiyat bermoqda. Bo‘lajak musobaqa mezbonligi Saudiya Arabistoniga berilmagan taqdirda ham “Kiddiya” loyihasi aslo to‘xtab qolmaydi va u mamlakatimiz aholisi uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga yo‘naltiriladi. O‘zbekiston sport sohasida katta yutuqlarga erishib kelayotgan davlatlardan. Sportchilarimizning mahoratini oshirishda bu kabi davlatlar tajribasi bizga asqotadi”, – dedi Shahzoda Al Faysal.

Taqdimot davomida Saudiya Arabistonining sport sohasiga ulkan e’tibor qaratayotgani, xususan, mamlakatda xotin-qizlar sportini rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda ushbu mamlakat katta-katta sport tadbirlariga mezbonlik qila boshladi. Ko‘plab sohalar qatori sport ortidan ham xorijlik mehmonlar uchun mamlakatga kirish bir muncha osonlashdi. “Formula-1” bo‘yicha Jahon kubogi bosqichlaridan biri, tennis bo‘yicha ATR tasnifidagi yirik turnirlar o‘tkazilishi yuqoridagi fikrlarning ayni isbotidir.

Suhbat davomida MOQ raisi ham taqdimot borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘zbekistonda Sizni qarshi olish biz uchun sharaf. Hech shubha yo‘qki, Saudiya Arabistoni Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada qabul qila oladi. Davlatlarimiz rahbarlari olib borayotgan do‘stona aloqalarni biz sport sohasida ham davom ettirsak, bu biz uchun foydali. Mamlakatimiz Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egallagan. Bu muhtaram Prezidentimizning sportni rivojlantirishga qaratgan e’tiborlari samarasi bilandir. Kelajakda hamkorligimizni yanada mustahkamlash, sportchilarimizning tajribalarini orttirish uchun foydali dasturlar ishlab chiqamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Taqdimot yakunida qatnashchilar loyiha borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilishdi va u atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng martabali mehmonga MOQ hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. Eslatib o‘tamiz, 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun Doha hamda Ar-Riyod shaharlari raqobat olib borishmoqda.

Manba: MOQ matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Saudiya Arabistoni shahzodasi Toshkentga keldi