21:20 / 14.12.2020
4 007

Diyor Imomxo‘jayev "Navbahor"ga kelishi kutilayotgan murabbiy haqida fikr bildirdi

Diyor Imomxo‘jayev "Navbahor"ga kelishi kutilayotgan murabbiy haqida fikr bildirdi
Bir necha oy avval saytimiz orqali Samvel Babayan "Navbahor" klubi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod ekani borasida xabar bergandik. Bu shunday ma’lumotlar yana "bolaladi". Ushbu xabarlarga muxlislar turlicha fikrlar bildirmoqda, aksariyati negativ.
PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev ham telegramdagi sahifasida munosabat bildirdi.

- Bizdagi eng katta kamchiliklardan biri bu shaxsga qarshi kurashishdir. Biz o‘zimizga yo daho yasab olamiz yoki dushman, go‘yoki shularsiz yashab bo‘lmaydigandek. Aslida esa muammolarga qarshi tizimli kurash olib borishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Ya’ni, shaxslarni chetlashtirish yoki ularga imkon berish bilan ish bitmaydi, biz shunday mexanizm ishlab chiqishimiz kerakki, bunda birgina shaxs ko‘ngli tusagan ishini qila olmasin, agar bu ish qolganlar manfaatlariga zid kelayotgan bo‘lsa.

Aytaylik, Babayan "Paxtakor" uchun juda katta ish qilgan. Ya’ni bir klubni ko‘tarish uchun qo‘lidan kelganicha mehnat qilgan. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Va, albatta, shu klub manfaatlari uchun boshqa klublarga halal bergan bo‘lishi yoki milliy terma jamoa tepasida barchaga birdek tupurib, ko‘ngli tusagan ishni qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq bularning hammasiga faqatgina u sababchi emas, unga shunday imkoniyat yaratib berganlar ham bunda teng javobgardir. Aytmoqchimanki, bir dona Babayan biror klub manfaati yo‘lida qolganlarni istagancha o‘ynatishi mumkin. Ammo 10 ta klubda 10 ta Babayan bo‘lsa, bu rivojlanishga olib kelishi katta ehtimol. Ya’ni, ularning hammasida bir-birini tiyib turish funksiyasi avtomatik ravishda ishga tushadi. Reglament ham, qonun ham hammaga birdek bo‘ladi.

1992 yildan buyon o‘tgan chempionatga bir razm solib ko‘ring. O‘z vaqtida Sarkisyan qanday ishlagani, Babayan nimalar qilgani, bugungi Abramov faoliyati, Bunyodkorning gullagan davrlari va hokazo. Ya’ni, ularning har birida o‘z porlash davri bo‘lgan va ba’zida ular vakolatlaridan ko‘proq narsa istashgan. Mana shunday vaqtda haqiqiy o‘rta pozitsiyani belgilab beradigan, u yoki buning emas, umumiy futbol manfaatlariga xizmat qiladigan mexanizm kerak bo‘ladi.

Bilasizki, ichki chempionatga tamal toshini qo‘ygan kishilarimiz chempionlikni birdaniga ikki klubga bergan davrlar bo‘lgan. Kimdir Sarkisyanning, kimdir "Paxtakor"ning yuzidan o‘ta olmagan va hokazo. Shunday davrlar bo‘lganki, Bahraynga yozilgan xat bo‘yicha hamma jim bo‘lgan va faqat oradan 15 yil o‘tib qora botir chiqib, xatni kim yozganini e’lon qilgan. Ya’ni, o‘sha vaqtda pisib yurgan o‘sha botir, bugun hammadan adolatni talab qilyapti. "Bunyodkor" kuch vaqtida unga qarshi chiqish qiyin bo‘ldi, keyinroq "Lokomotiv" davri keldi, bugun "Paxtakor" kuchli va hokazo. Aslida esa biz qo‘rqmasdan aytishimiz kerak — "Neftchi" olib qolinib, "Mash’al" quvilgani ham, "Surxon" Superligaga olib chiqilgani ham, "Aral"ni shunchaki Superligaga qaytarish-u, "Olimpiya" jamoasiga asos solish kabi ishlar ham to‘g‘ri emas deb. Qanday davrda bo‘lishidan qat’iy nazar. Qanday holatda bo‘lmasin, faqatgina to‘g‘ri so‘zni ayta oladigan kishilar qolganlarga qaraganda samimiyroq bo‘laveradi.

Xulosada aytishni istardimki, Babayan chindan ham "Navbahor"da ishlamoqchi bo‘lsa, bundan faqat negativ izlash u qadar to‘g‘ri emas, tarozi as qotadi. Misol uchun, uning imkoniyatlarini hammadan ko‘p Odil Ahmedovning o‘zi yaxshi biladi. Viloyat hokimi ham mahalliy yoshlarga e’tibor qilmoqchi ekanini aytdi. Aytaylik, biz ko‘p narsa kutganimiz jamoa na chempionatda qoyil qildi va kubokda muxlislar kutgan manzilgacha bordi. Chetdan kelganlardan na Bolov, na Solovyov 3 tadan ko‘p gol urdi, to‘g‘rimi? 8 talab gol urayotgan Turg‘unboyev, mas’uliyatni olayotgan Ahmedovlar esa aksini ko‘rsatadiki, o‘sha legioner murabbiy-u futbolchilarga sarf etilgan pullar to‘g‘ri ishlatilsa, Namangan klubi o‘z yigitlari bilan ham kamida hozirgi natijani takrorlay oladi. Agar shunday bo‘lsa, investitsiyani o‘zimizning yigitlarga tikish to‘g‘riroq emasmi? Ya’ni, futbol maktabi va asosiy jamoa munosabatlarini yo‘lga qo‘ya oladigan mutaxassis zarur emasmi?

Marhamat, Abramov ishlasin, Mo‘minjonov qaytsin, bu yerda Qosimov, Berdiyev, Arveladze, Babayan, Ashurmatov, Baqoyev va hokazo. Ya’ni, ularning raqobatidan chempionat yutadi, ular bir-biriga bo‘y bermaydi, bir-birini tiyib turadi. Ularning raqobatlashishi O‘zPFLni ham sergak torttiradi, O‘FA harakatga keladi va hokazo. Reglament, qonun-qoidalar, normalar hamma uchun teng ishlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz daholarsiz yashay olmaydigan odamlar qatoridan chiqib, qonunlar to‘liq ishlaydigan jamiyatni orzu qiladigan odamlarga aylanib ulgurishimiz kerak, - dedi Diyor Imomxo‘jayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev "Navbahor"ga kelishi kutilayotgan murabbiy haqida fikr bildirdi