22:30 / 22.12.2020
3 756

Eldor Shomurodov endi superyulduzga aylanadi, chunki...

Eldor Shomurodov endi superyulduzga aylanadi, chunki...
O‘zbekistonlik futbol muxlislarining aksariyati ishqibozlik qilayotgan “Jenoa” chempionatning qizg‘in pallasida murabbiy almashtirishga qaror qildi. Garchi Rolando Maran “Milan”dan ochko olib, shov-shuv ko‘targan bo‘lsa-da, umumiy hisobda jamoani g‘alabalarga tayyorlay olmadi.

Maran o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalana olmadi va joyini hech bir e’tirozsiz bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Yangi bosh murabbiy Davide Ballardini “Jenoa”ni to‘rtinchi marotaba qabul qilib oldi va dastlabki mashg‘ulotlarni ham o‘tkazishga ulgurdi. Bu murabbiy genuyaliklar uchun “o‘t o‘chiruvchi” rolini o‘ynab beradi.

U to‘rtinchi marotaba ham jamoani chempionat davomida qabul qilib olmoqda. Oxirgi marta 2017-2018 yilgi mavsumda ham Ballardini genuyaliklar 18-pog‘onaga tushib qolib, A seriyada jon saqlab qolish uchun kurashayotganida qabul qilib olgandi. O‘shanda jamoa yakunda chempionatni 12-o‘rinda tugatgan edi Biroq, klub rahbariyati uni iste’foga chiqargan. Bundan murabbiy ham, klub ham hech qanday naf ko‘rmadi.

Mutaxassislar Ballardining uslubi Eldor Shomurodovga juda mos kelishini ta’kidlamoqda. To‘g‘rirog‘i, Eldor yangi murabbiyning talablariga to‘la javob bera oladigan futbolchi. Ma’lumotlarga qaraganda, Ballardini birinchi navbatda o‘yinchilarning tartib-intizomi va mehnatkashligini qadrlaydi. U hujumchilardan ham himoyaga qaytib o‘ynashni talab qiladi. Bu borada Eldor barcha jamoadoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgani hech kimga sir emas. Uning himoyachilarga ko‘p yordam berayotgani anchadan beri maqtalyapti. Qolaversa, hujumga otlangan Ronaldudan to‘pni olib qo‘ygani hali hamon muhokama qilinmoqda.

Shomurodov Ballardini qo‘llaydigan o‘yin uslubida yoshi kattaligi tufayli himoyaga qaytib o‘ynashga jismonan kuchi yetmaydigan Goran Pandev va tezligi pastligi sababli raqib maydonida pressing va to‘pni olib qo‘yishda samaradorligi past bo‘lgan Janluka Skamakkadan ustun hisoblanadi.

Yangi bosh murabbiyga baland bo‘yli va tezkor hujumchilar yoqadi. Bu murabbiy qo‘l ostida ushbu tipdagi forvardlar – Edinson Kavani va Kshishtof Pyontekning “ketmoni” ancha baland uchgan. Shu bois, ekspertlar Ballardini davrida o‘zbek hujumchisining o‘yini yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’kidlamoqda. Qolaversa, ishdan olingan Rolando Maranning jamoaning eng faol o‘yinchisi hisoblangan hamyurtimizga to‘liq o‘ynash imkonini bermagani ham muxlisu mutaxassislar tomonidan tanqid qilinayotgan edi.

Ballardini uchrashuvlar davomida 3-5-2 sxemasidan foydalanishni yoqtiradi. Bu o‘yin uslubi Eldorga begona emas va jamoaning har bir uchrashuvida ikkita hujumchidan foydalanishi o‘zbek legionerining maydonga tushish imkoniyatlarini keskin oshiradi.

Eng muhimi esa, Davide hujumchilarni yaxshi tushunadigan, o‘yinlarini munosib baholay oladigan, umuman olganda, forvardlar bilan ishlashni biladigan mutaxassislar qatoriga kiradi. Misol uchun 2017-2018 yilgi mavsumda Ballaridini Goran Pandevning to‘purarlik mahoratini ro‘yobga chiqara oldi va makedoniyalik hujumchi o‘sha chempionatda yettita gol urdi. Bu ko‘rsatkich uning Ballardini kelguncha ikki yarim yil davomida kiritgan gollari sonidan ko‘p edi.

Yana bir misol Pyontek. Polshalik hujumchini aynan Ballardini kashf qilgan. Bu mutaxassis iste’foga chiqarilganidan keyin Kshishtofning ham to‘purarlik bo‘yicha ko‘rsatkichlari pasayib ketdi. Ballardini davrida “Pyontek” 9 ta o‘yinda 14 ta gol urdi. U ketganidan keyin 28 ta bahsda raqiblar darvozasini 16 marta aniq nishonga oldi. Farq shundoq ko‘rinib turibdi.

Ballardinining eng katta yutug‘i esa, "Palermo"da ishlagan davrida Edinson Kavanini haqiqiy yulduzga aylantirgani bo‘lgan. 2007-2008 yilgi mavsumda Edinson “Palermo” tarkibida 37 ta uchrashuvda beshta gol urgan edi. 2008-2009 yilgi chempionatda Ballardini qo‘l ostida urugvaylik hujumchining statistikasi uch karra oshdi. U 36 ta o‘yinda 15 marta to‘p kiritdi. Ballardini bilan ishlaganidan keyin Edinson grand klublar e’tiborini qozona oldi.

Shularni inobatga olgan holda “Jenoa”ni Eldor Shomurodovga juda mos keladigan murabbiy boshqaradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Ballardini hujumchilarni superyulduzga aylantirish bo‘yicha yetuk mutaxassis hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov endi superyulduzga aylanadi, chunki...