13:13 / 19.01.2021
2 204

Bahodir Jalolovning Tokio Olimpiadasidagi asosiy raqibi kim?

Bahodir Jalolovning Tokio Olimpiadasidagi asosiy raqibi kim?
Hozirda boksimizning yorqin vakili Bahodir Jalolov AQSHda mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda. U Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib ulgurgan. Albatta, u Tokioda yuqori marrani ko‘zlamoqda, chunki bunga qadar havaskor boksda eng nufuzli chempionatlarni yuta oldi. Undan muxlislarning ham umidi katta... Biz ushbu hamyurtimiz bilan bog‘lanib, Olimpiadaga doir bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- Professional boksdagi faoliyatingiz sizni yanada o‘sishingiz uchun xizmat qildi, deb ayta olamiz. Biroq, Olimpiadaga yaqin ham professional boksga ixtisoslashgan murabbiylar qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazish va jangga hozirlik ko‘rish salbiy jihatdan ta’sir qilmaydimi?
- Yo‘q. Aksincha, professional boks menga havaskor yo‘nalishdagi faoliyatimga yordam bermoqda. Chunki, bu yo‘nalishda sparring janglar kamida 6-7 raund bo‘ladi. Ma’lumki, havaskor boksda 3 raund bo‘ladi. Men ushbu 6-7 raund mobaynida havaskor boksdagi kabi tezkorlik bilan ishlashga harkat qilyapman. O‘ylaymanki, bu Olimpiadada o‘z samarasini berishi kerak. Shunga umid qilmoqdamiz.

- Olimpiadaga so‘ngi tayyorgarlik bosqichini qayerda o‘tkazish rejangizga kiritilgan?
- So‘ngi tayyorgarlik bosqichi nasib qilsa, O‘zbekistonda bo‘ladi. Sababi, Olimpiadadan avval havaskor yo‘nalishdagi janglarni ko‘rishim kerak.

- Tokioda sizga duch kelishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy raqiblar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
- Bu borada aniq bittasini ta’kidlab o‘ta olmayman. Barcha raqiblarim ringga yutaman deb chiqadi. Aslida, hammasini jiddiy raqib sifatida ko‘raman. Nisbatan oladigan bo‘lsak, jahon chempionatida avstraliyalik, rossiyalik va qozog‘istonlik bokschilar bilan birga shohsupani yuqori pog‘onalarini zabt etdik. O‘shalarni aytib o‘tishim mumkin. Qolaversa, fransiyalik hamda Germaniya vakilini ham aytib o‘tgan bo‘lardim. Umuman Yevropada azaldan og‘ir vazn toifalarida kuchli bokschilar bo‘lgan.

- Siz o‘z vaqtida qozog‘istonlik Ivan Dichko bilan to‘qnash kelgansiz. Shuningdek Qamshibek Kunkabayev bilan ham... Aytingchi, ularning qay biri nisbatan kuchli va noqulayroq edi?
- Ivan Dichko bilan to‘qnash kelgan vaqtim tajribam u qadar yuqori emasdi. Har ikkisi kuchli raqiblarimdan deb ayta olaman. Biroq, Ivan Dichkoga yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, tajribam yo‘qligi uchun yutqazganman. O‘sha vaqt vaznim ham og‘ir toifaga kamlik qilar edi. Ammo, shuni aytib o‘tishim mumkinki, Ivan Dichkoga nisbatan Qamshibek Ko‘nkaboyev tezkor bokschi sanaladi.

- Tokio Olimpiadasidan keyin bor e’tiboringizni professional boksga qaratasizmi?
- Inshaalloh! Olimpiadadan keyin professional boksda faoliyat yuritaman.

- Muxlislar faqat sizdan oltin medal kutishmoqda va ishonchi ham yuqori... Siz ularga bu borada qanday so‘zlarni ayta olasiz?
- Avvalo, Allohni aytgani bo‘ladi. 2016 yili mag‘lubiyatga uchraganmiz. Bu xatoni takrorlamaslikka harakat qilaman. Ringdan faqat g‘olib sifatida tushish ilinjidaman. Barcha muxlislarimizga qo‘llab-quvvatlab turganliklari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Nasib qilsa, ularning yuzini yerga qaratmayman degan umiddaman!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolovning Tokio Olimpiadasidagi asosiy raqibi kim?