17:38 / 13.02.2021
2 110

Ro‘ziqul Berdiyev: "Klub rahbariyati olib borayotgan siyosatni tushunmayapman"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Klub rahbariyati olib borayotgan siyosatni tushunmayapman"
"Nasaf" jamoasi qator yetakchilaridan ayrilishda davom etayotgani tufayli saytimiz muxbiri "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevdan asl vaziyatni bilish maqsadida intervyu oldi.

Bilasiz, "Nasaf" o‘tgan mavsumda tarixda uchinchi marotaba chempionatning kumush medallariga ega chiqib, OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Biroq klub tomonidan noto‘g‘ri olib borilgan ishlari natijasida OFK litsenziyalashidan o‘tolmagan jamoa yo‘llanmadan mosuvo bo‘ldi.

Shuningdek, Superliganing eng yosh jamoasi bo‘lgan "Nasaf" o‘tgan mavsumni yarmidan ko‘pini qarzdorliklar bo‘lishiga qaramasdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bunda albatta jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning hissasi katta. Lekin o‘tgan mavsum ajoyib shakllangan jamoadan hozirgacha Islom Kenjaboyev, Sharof Muhitdinov ketishga ulgurdi. Jamoa to‘purari va yana bir yetakchisi Bobir Abdixoliqov esa shartnomasini haligacha uzaytirgani yo‘q va uning ham ketish ehtimoli yuqori.

Shu vaziyatlarni hisobga olib jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevga murojaat qilganimizda "Nasaf" ustozi chinakamiga yorildi.

- "Nima ham derdim? Jamoa yetakchilari ketishda davom etmoqda. Ochig‘i, klub rahbariyati tomonidan olib borilayotgan siyosatni tushunmayapman. Tushunarsiz bo‘lmoqda. O‘tgan yili ajoyib tarzda shakllangan jamoa yana parchalanmoqda. Hozirgacha qolgan futbolchilar bilan ham kelishuvlar uzaytirilmagan. Men uchun aynan shu jihat tushunarsiz bo‘lmoqda. Kecha Sharof kelib, bu rahbariyat bilan ortiqcha ishlolmasligini aytib, jamoa bilan xayrlashib ketdi. Masalan, jamoadan erkin agent sifatida tekinga ketayotgan futbolchilar bilan muzokara o‘tkazib, ular istayotgan talablar qondirilganida, balki hozir klub ularni transfer qilish orqali yaxshigina pul ishlab olarmidi?

Sharof Muhitdinov garchi shartnomasi tugagan bo‘lsada muzokaralar o‘tkazishni 2 oy kutib charchadi va oxiri ketdi. Klub rahbariyati tomonidan tashkiliy masalalarda ham tushunarsiz ishlar bo‘lmoqda. O‘tgan yilgi mehnatlarimiz havoga sovurilayotgandek. Shaxsan men uchun OCHLga munosib bo‘lib, xalqaro musobaqadan quruq qolish juda alamli bo‘ldi. Bu kimning aybi? Jamoaning yil davomida qilgan mehnatlari chippakka chiqdi. Shundoq ham futbolchilar maoshsiz va mukofot pullarisiz shunday natijaga erishishdi. Yakunda ham ularni rag‘batlantirish bo‘lmadi.

O‘tgan yili "Shabab Al Ahli"ga transfer qilingan Aziz G‘aniyevning pullari klubning "qora kuni"ga ishlatilishi aytilgandi. Biz Aziz G‘aniyevning transferidan tushgan pullar jamoaga as qotganini ko‘rmadik. Va’dalar quruq va’daligicha qolib ketdi.

Meni taqdirim? Klub men bilan ham shartnomani uzaytirmagan va men jamoaga bo‘lgan sadoqatim tufayli hozircha imkon qadar "Nasaf"ni shug‘ullantirib, mavsumga taraddud ko‘rib turibman. Biroq bunday mavhumlik jonga tegdi. Qaytadan shakllantirilgan jamoa yana parchalanishini ko‘rish og‘riqli. O‘tgan yilgi jamoaga 1-2 tajribali futbolchilarni qo‘shganimizda bemalol chempionlik uchun kurashadigan jamoaga aylanardik. Hozir esa bori ham tarqalmoqda. Men ham sehrgar emasman.

"Nasaf" ko‘p ming sonli muxlislarga ega qadriyatlari bor jamoa. "Nasaf" doim barqaror va yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa bo‘lib kelgan. Bunday holat jamoaga aslo yarashmaydi. Agarda vaziyat yaxshi tomonga o‘nglanmasa va yanada qiyinchiliklar hamda tushunarsiz ishlar davom etadigan bo‘lsa, balki men ham murabbiylik faoliyatimda tanaffus olishni o‘ylab ko‘raman. Boshqa chora qolmayapti.

Lekin umid qilamanki, vaziyat bungacha bormaydi. "Nasaf" jamoasiga bo‘lgan sadoqatim va qarshilik muxlislar hurmati uchun klub rahbariyatining ko‘plab tushunarsiz ishlarga sabr qilib kelyapman
", - deya gapirib o‘tdi Ro‘ziqul Berdiyev.

Yaqinda klub menejeri Sergey Kucherenko video-murojaat qilib, klub atrofidagi gap-so‘zlarga chek qo‘yish maqsadida, jamoaga yangi mavsum pul ajratilganini ta’kidlagandi. Biroq, ko‘rinishidan, klub rahbariyati futbolchilar shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni boshlamagan va yetakchilar "Nasaf"ni tark etishda davom etmoqda.

E’tiborli tarafi, "Nasaf" hali ham jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va murabbiylar shtabi bilan ham yangi mavsum uchun shartnoma uzaytirmagan.

O‘tgan yilgi tarkibdan hozirgacha Islom Kenjaboyev, Mashhurbek Muhammadjonov va Sharof Muhitdinov jamoani tark etdi. Marko Stanoyevich esa garchi jamoa bilan shug‘ullanib yurgan bo‘lsada shartnoma uzaytirilmagan. Shuningdek, jamoa to‘purari va yetakchisi Bobir Abdoxoliqov ham hozircha erkin agent sanaladi. Klub rahbariyati tomonidan esa yangi mavsum uchun seleksiya ishlari deyarli olib borilmayapti. Chempionat boshlanishiga bir oydan kam vaqt qolgan bir paytda jamoaga birorta yangi futbolchi olib kelingani yo‘q.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Klub rahbariyati olib borayotgan siyosatni tushunmayapman"