08:00 / 31.03.2021
3 327

Vadim Abramovning ojiz nuqtasi...

Vadim Abramovning ojiz nuqtasi...
Milliy terma jamoamizning Toshkentda Iroqqa mag‘lubiyatga uchragani qizg‘in muhokama qilinyapti. Yutqazdingmi, demak, qayerdadir xato qilgansan, bu aniq. Faqat o‘sha xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarish va uni kelgusida takrorlamaslik shart. Ammo o‘z uyingda minglab ishqibozlar qarshisida yutqazish doim yoqimsiz va alamlidir.

Boz ustiga maydonda milliy terma jamoa o‘ynar ekan, uning mayda detallarigacha muhokama qilinishi odatiy hol. Chunki hech kim bosh jamoamizga befarq qarab turmaydi. Tabiiyki, terma jamoamizning Iroqqa qarshi o‘yinidan keyin muhokamalar va tanqidlar ortdi. Ko‘pni ko‘rgan mutaxassislardan biri Dilshod Nuraliyev ham bu borada o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Terma jamoamiz dastlab Gana bilan o‘ynadi, - deya gap boshladi mutaxassis. - Bu o‘yinni ko‘rdik, raqib tarkibida yosh futbolchilar ko‘p edi. Ularda tajriba yuqori emasligi ham bilindi. Buning ustiga tarkib mahalliy klublardagi o‘yinchilardan tashkil etilgani ham yaqqol ko‘rinib turdi. Ganaliklar shoshma-shosharlik bilan pala-partish o‘yin ko‘rsatishdi. Bunday vaziyatda terma jamoamizning ustunligi sezilib turdi.

Iroq bilan bahsga kelsak, bu yerda murabbiyni muhokama qilmoqchi emasman. Lekin Abramov ham hozirgi paytda O‘zbekistondagi eng yaxshi futbolchilarni yig‘di. Faqat Odil Ahmedov, Jamshid Iskanderov yoki Ikrom Aliboyevning yo‘qligini aytishimiz mumkin. Ammo ular ayni paytda yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega emaslar. Shunga qaramay, murabbiy eng kuchli legionerlarimiz va o‘zimizni klublardagi eng munosib futbolchilarni chaqirdi. Bor o‘yinchilarimiz shu.

Men faqat o‘z fikrimni bildiryapman. Balki chempionatimizning saviyasi ham ta’sir qilgandir. Chempionatdagi eng kuchli himoyachilarimizni terma jamoada qanday xatolar qilganini ko‘rdik. Iroq futbolchilariga maydonda ozgina erkinlik berilsa, qanchalik tezkorligi ko‘rinib qoldi. Jamoamizni yomon o‘ynadi, deb ayta olmayman. To‘pni nazorat qilish, hujumlar uyushtirish chakki bo‘lmadi. Ammo himoya chizig‘ida xatolarimiz ko‘pligi va o‘yinchilarimizning tezkor emasligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi.

Iroq murabbiyi to‘pni jamoamizga berib pressing qo‘llamasdan tezkor qarshi hujumlardan unumli foydalanish payida bo‘ldi. Afsuski, bor kuchli o‘yinchilarimiz to‘planganda ham mag‘lubiyatga uchradik. Ammo bundan fojea qilish kerak emas. Jamoamizdagi yigitlar rasmiy uchrashuvlarning muhimligini yaxshi his qilib, hal qiluvchi bahslarda to‘g‘ri o‘ynasa, himoyada jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymasak hujumda nimadir qila olamiz. Garchi Eldor Shomurodovning o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘yini chiqmagan bo‘lsa ham uning potensiali katta. U saralash bellashuvlarida o‘zini ko‘rsatadi.

Arab jamoalariga qarshi o‘ynayotganida birinchi gol o‘tkazib yuborish kerak emas, qaytanga, birinchi bo‘lib gol urish lozim. Ana shunda raqibda ham xatolar ko‘payadi. Boya aytganimdek, himoya chizig‘imizda xatolarimiz ko‘p. Buni terma jamoa murabbiyi to‘g‘rilashga vaqti ham yo‘q. Menimcha, chempionatimizdagi murabbiylar o‘z futbolchilari bilan jiddiyroq ishlab, himoyadagi xatolarni to‘g‘rilashsa yaxshi bo‘lardi. Hamma aybni Vadim Abramovga ag‘darish ham noto‘g‘ri deb o‘ylayman.

Lekin futbolchilar harakat qilishdi. Ularni hech kim kurashmadi deb ayta olmaydi. Faqat qarshi hujumni o‘tkazib yuborishi va himoyadagi xatolar mana shunday holatga olib keldi. Darvozabonimiz ikki-uchta vaziyatda qutqarib ham qoldi. Saralash uchrashuvlarida avvalo himoyani mustahkamlash zarur. Oldinda baribir imkoniyatlarga ega bo‘lamiz. Eng asosiysi, himoyada xato qilmasligimiz talab qilinadi.

Himoyadagi muammolar? Bu nafaqat Abramovning ojiz nuqtasi, balki boshqa murabbiylarda ham shunday holat bo‘lishi mumkin. “Paxtakor”da Anzur Ismoilov va Yegor Krimes bor. Bilishimcha, ular jarohat olishgan ekan. O‘ng qanot himoyasida o‘ynay oladigan Hojiakbar Alijonov ham bor. Balki ular yana safga qaytishsa, himoya chizig‘imiz yanada mustahkam bo‘ladi, deb o‘ylayman. Baribir saralash uchrashuvlarida tajriba o‘z so‘zini aytadi.

Meni futbolga tushuncham shundayki, iloji boricha himoyani mustahkam qilaverish kerak. Hech qachon mudofaa chizig‘ini esdan chiqarmaslik zarur. Hujumda esa baribir imkoniyatlar bo‘ladi. Bizda to‘p bilan yaxshi muomala qiladigan, maydonni yaxshi ko‘ra oladigan ajoyib o‘yinchilarimiz bor. Shu bois hujum chizig‘ida nimadir qilsak bo‘ladi. Ko‘proq himoyaga e’tiborni kuchaytirish darkor. Arab o‘yinchilarini tezligi yuqori. Ular qarshi hujumga tez chiqib ketishadi. Shunga ehtiyot bo‘lish kerak. Albatta, terma jamoa murabbiylari raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini yaxshilab o‘rganib chiqishi kerak bo‘ladi. Shunga qarab o‘yin taktikasini to‘g‘ri tanlash ham talab etiladi. Saralash bahslari Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi va kun ham issiq bo‘ladi. Hammasini hisobga olish kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramovning ojiz nuqtasi...