22:33 / 09.04.2021
2 287

Hasanboy zo‘rmi yoki Doniyor? Xorijlik ekspert chempionlarni taqqosladi

Hasanboy zo‘rmi yoki Doniyor? Xorijlik ekspert chempionlarni taqqosladi
O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari ko‘plab sport turlari bo‘yicha o‘zaro raqobatlashishi hech kimga sir emas. Ayniqsa, yakkakurash turlarida har ikki mamlakat vakillarining jahon maydonlarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarining salmog‘i yildan yilga oshib bormoqda.

2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Musobaqada Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oibnazarov oltin, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev kumush, Murodjon Ahmadaliyev va Rustam To‘laganov bronza medalga loyiq topilgan edi.

Qozog‘istonlik bokschilar esa, bitta oltin, ikkitadan kumush va bronza medal jamg‘argan holda to‘rtinchi pog‘onada qayd etildi. Qo‘shnilarimizning yagona oltin medalini finalda Shahram G‘iyosovni mag‘lub etgan Doniyor Yeleusinov qo‘lga kiritgan.

Ayni paytda bu Olimpiya o‘yinlarida porlagan charm qo‘lqop ustalarining aksariyati professional ringda jahon chempioni bo‘lish harakatini boshlab yuborgan. Albatta, bu jarayonda havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan bokschilarning professionallar davrasida ham o‘z o‘rni, mavqei va obro‘-e’tibori yuqori.

Yaqinda TheFight-site.com sayti boks tahlilchisi Teylor Xiggins Riodagi Olimpiada chempionlarining professional boksdagi imkoniyatlariga bag‘ishlangan debatda ishtirok etdi. AsianBoxing.info resursi mutaxassislari 2016 yilgi Olimpiada g‘oliblari orasida hech qaysi bokschi porlamaganini alohida ta’kidladi. Teylor Xiggins esa bu fikrga qo‘shilmadi va oltin medal sohiblari – Hasanboy Do‘smatov va Doniyor Yeleusinovning professional boksdagi imkoniyatlarini taqqosladi.

- Rio Olimpiadasi chempionlari orasida eng zo‘ri Hasanboy Do‘smatovdir. Men Robeysi Ramires professional ringda o‘zini ko‘rsata olishiga unchalik ishona olmayman. Doniyor Yeleusinov ham professional boks uchun muhim, lekin u buyuk bokschi emas, - dedi Teylor Xiggins.

Teylor Xiggins tilga olgan uch nafar chempion orasida haqiqatan kubalik Robeysi Ramiresning profringda ishlari havas qilgulik emas. Ikki karra olimpiya chempioni professionallar o‘rtasidagi dastlabki jangidayoq mag‘lubiyatga uchragan. Keyinchalik oltita g‘alaba evaziga o‘zini biroz o‘nglab oldi.

Havaskorlar o‘rtasida Olimpiada chempioni, jahon va qit’a chempionatlari oltin medal sohibi, Osiyo o‘yinlarining ikki karra chempioni bo‘lgan qozog‘istonlik Doniyor Yeleusinov professional ringda hozircha mag‘lubiyatsiz ketmoqda. Iste’dodli bokschi o‘zi ishtirok etgan 10 ta jangning barchasini o‘z foydasiga hal qildi va oltita to‘qnashuvda raqiblarini nokaut bilan yengdi.

Hasanboy Do‘smatov havaskor boksda jahon chempionati va Osiyo o‘yinlari finalchisi, ikki karra qit’a chempioni bo‘lgan. Rio Olimpiadasida barcha raqiblarini yengib, oltin medal bilan birga musobaqada eng kuchli texnika sohibiga beriladigan Vel Barker kubogini ham o‘ziniki qilib olgan edi.

Hasanboy Do‘smatov professional bokschilik faoliyatini qolganlardan kechroq boshladi. U hozircha uchta jangda qatnashib, ularning barchasida nokaut qayd etdi. O‘zbek bokschisining tajribasi va o‘ziga xos texnikasini inobatga olgan mutaxassislar Do‘smatov professional boksda ham yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilishiga ishonch bildirmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hasanboy zo‘rmi yoki Doniyor? Xorijlik ekspert chempionlarni taqqosladi