17:00 / 29.04.2021
1 844

«Siti» Parijdagi o‘yinni 7 daqiqa ichida o‘zgartirdi. Gvardiola — YECHL finaliga juda yaqin


«PSJ» birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadi, ammo bu yetarli emasdi — jamoa ikkinchi bo‘limdagi xatolar tufayli o‘z uyida yutqazdi.
Chempionlar ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«PSJ» — «Manchester Siti» — 1:2 (1:0)
Gollar:
Markinyus, 15 (1:0). De Bryuyne, 64 (1:1). Mahrez, 71 (1:2).
«PSJ»: Navas, Florensi, Markinos, Kimpembe, Bakker, Geye, Verratti, Paredes (Errera, 83), Di Mariya (Danilu Pereyra, 80), Neymar, Mbappe.
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Joau Kanselu (Zinchenko, 61), Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Ernandes, Foden, Mahrez, Bernardu Silva.
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu, 31. Paredes, 70. Neymar, 74. De Bryuyne, 86.
Chetlatish: Geye, 77.
Javob o‘yini 4 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Maurisio Pochettino Angliyada ishlagan vaqtida «Tottenhem»ni pressing mashinasiga aylantirgan va jamoani «Liverpul»ning eng yaxshi davrlari bilan taqqoslash mumkin edi. Uning boshqaruvi davrida «shporlar» «MS» uchun eng noqulay raqiblardan biri edi va Gvardiolani doimo yangi yurishlar o‘ylab topishga majbur qilardi. YECHL-2018/19 mavsumi chorak finalidagi qarama-qarshilik klassika janriga aylangandi, garchi bu o‘yin birinchi navbatda Rahim Sterlingning so‘nggi daqiqalarda urgan goli videotakror orqali bekor qilingani bilan eslansada.

Pochettinoning «PSJ»si «ManSiti»ni pressing bilan qiynab qo‘ya olmasdi. Va bu mantiqiy ham. Birinchidan, Neymar va Anxel Di Mariya — Harri Keyn va Son Xin Min kabi oxirigacha chopuvchi mehnatkashlar emas. Ikkinchidan, Maurisio parijliklarni dekabrda qabul qilib oldi, u mavsumoldi yig‘inida jamoa bilan bo‘lmagan, hozirgi tig‘iz grafik vaqtida eng muhimi — keyingi o‘yingacha tiklanib olish masalasi bo‘lib qolgan.

«PSJ» va «Manchester Siti»da YECHL pley-offidagi boshqa jamoa bilan taqqoslaganda kadrlar masalasidagi muammolar sezilarli emas. Bahor boshidan Yevropa jamoalari nafaqat bir-biriga qarshi, balki jarohatlarga qarshi ham kurashishiga to‘g‘ri kelishi odatiy holga aylandi. Bu o‘yinga qadar parijliklar safiga Verratti, Paredes va Florensi qaytgandi.

Maurisio Pochettino kutilgan tarkib va kutilgan sxemani tanladi. 4-3-3 sxemasida Di Mariyey hujum guruhi vakili bo‘ldi (himoyalanishda u o‘ng qanotga o‘tar va sxema 4-4-2 ko‘rinishiga o‘zgarardi), Verratti, Paredes va Geye yarimhimoyadan o‘rin olishdi. Birinchi bo‘limda mezbon futbolchilar ko‘p vaqtini raqib jarima maydoni atrofida o‘tkazishdi. Bu parijliklar qarshi hujumlarni juda qisqa vaqt ichida amalga oshirgani bilan izohlanadi. Ular oldindan rejalashtirilgan paslar va barcha futbolchilar oldinga o‘tib kerakli hududlarni band qilishi evaziga emas, individual mahorat evaziga hujum uyushtirishdi. Neymar, Di Mariya, Verratti va Paredes birinchi bo‘limni a’lo darajada o‘tkazishdi.

Pressingda «PSJ» himoyachilarga bosim o‘tkazishga urg‘u qaratdi, natijada ular to‘pni oldinga harakatlantirishga qiynalib qolishdi. Bu ishda hatto Neymar ishtirok etdi va markazga uzatmalarni to‘sib turdi. Verratti, Paredes va Geye kutilganidek katta hajmdagi ishni bajarishdi.

Darvoqe, Pochettinoda pozitsion hujumda qiziqarli variant bor edi. To‘psiz o‘ynashga odatlanmagan Neymar ko‘p bor ortga qaytar, u bu yerdan turib kombinatsiyalarni boshlashi yoki to‘pni driblinglari orqali oldinga olib borishi mumkin edi. Bunday holatlarda Verratti Mbappe bilan bitta chiziqqa chiqdi. Bu orqali u tayanch zonasida futbolchilar keragidan ortiqcha to‘planib qolishining oldini oldi va oldingi chiziqda himoyachilar Neymarning harakatiga qarshilik ko‘rsatishini qiyinlashtirdi.

Xosep Gvardiola bu safar tarkib va sxema bo‘yicha radikal tajribalarsiz o‘yinni boshladi. De Bryuyne «aldamchi to‘qqizlik» rolida – bu ortiq syurpriz emas, u so‘nggi oylarda doimiy ravishda shu pozitsiyada o‘ynamoqda. Chap qanotda Kanselu Zinchenkoning o‘rniga tushdi, Foden va Mahrez hujum qanotlarini band etishdi – bularning barchasi odatda ko‘rib o‘rganganimiz qarorlar edi. Qolaversa Jezus so‘nggi vaqtlarda zaxira o‘rindig‘ida qolmoqda, Sterling esa uch kun muqaddam Angliya ligasi Kubogi finalida muvaffaqiyatsiz o‘ynadi - u o‘yin davomida besh bor zarba berdi, ammo uning zarbalari biror marta aniq chiqmadi.

«Siti»da erkin ijodkor rolida De Bryuyne o‘ynadi, xuddi «PSJ»dagi Neymar kabi. U ochiq zonalar ishlab nafaqat ortga qaytardi, balki ikki qanotga ham o‘tib o‘ynardi - lekin u bundan foyda chiqara olmadi. Birinchi bo‘limda «Siti» yetakchisi biror marta raqib darvozasiga zarba bera olmadi va biror marta sheriklarini zarba berish nuqtasiga chiqara olmadi. Taqqoslash uchun: Neymar uchta vaziyatda ishtirok etdi.

«Siti» hujumlarning ilk bosqichida Kanseludan foydalandi, u tez-tez maydon markaziga o‘tib, Gundo‘g‘an bilan o‘rin almashdi va oldinga tomon harakatlandi. Bu ish bermadi – Kanselu individual xatolarga yo‘l qo‘ymadi, faqat bir necha vaziyatda sheriklari bilan kelishmasdan oldinga bir o‘zi yorib kirdi, ammo uning bunday harakatlari kerakli nazoratni ta’minlab bermadi.

«Siti» to‘pga egalik qildi, lekin sekin harakatlandi. Gap tarkibda ham, sxemada ham emasdi, rejaning amalga oshish-oshmasligida edi. Ehtimol, Gvardiola himoyachilar ortida katta bo‘shliq yuzaga kelishidan cho‘chigandir («Bavariya»ning xatolaridan xulosa), ammo «Siti» raqibni pressing bilan ezib tashlamadi va kutilgan darajada katta ustunlik bilan to‘pga egalik qilmadi. Gundo‘g‘an ikkinchi tempda hujumni kuchaytira olmadi va raqib himoyachilariga kerakli darajada bosim qilmadi. Bernardu chiziqlar orasida bo‘shliqlar topa olmadi. Aftidan, «Siti» tanlangan sxemaga qat’iy amal qildi – ammo bu natija keltirmasdi.

Birinchi bo‘limda mehmonlarning ishi yurishmaganining yana bir omili – pressing kuchli bo‘lmaganida edi. «Siti» raqib tomonida raqiblarni yopib qo‘ya olmadi, holbuki jamoaning asosiy ustunliklaridan biri yuqorida pressing qilish orqali to‘pni olib qo‘yishda edi.
Gvardiolaning ehtiyotkorligi zarar keltira boshladi. «Siti» hujumlar uchun kerakli sharoitga ega bo‘lmadi, hatto to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichlari deyarli teng edi (birinchi bo‘limda inglizlar 54 foizlik ustunlikka ega bo‘lishdi – bu juda kam). Jamoada hujumlarni yakunlash vaqtida futbolchilar odatda 3-2-5 sxemasida joylashardi (ba’zida Gundog‘an tufayli 3-1-6), bu o‘yinda esa holat 2-5-3 ko‘rinishida edi. O‘yin «PSJ» uchun qulay bo‘lgan yakkakurashlar ostida kecha boshladi.

Parijliklarning goli, garchi standart vaziyatdan urilgan bo‘lsa-da, mutlaqo mantiqiy edi. «PSJ» o‘zi istagan o‘yinni namoyish etayotgan, Ederson darvozasi oldida yaqqol vaziyatlar ko‘p bo‘lmasa-da, tez-tez hujum qilinayotgandi. Ilk 20 daqiqalikda zarbalar soni bo‘yicha mezbonlar yaqqol ustun edi – 5:0. Darvoqe, gol ham oldindan o‘ylangan kombinatsiya orqali bo‘ldi. Di Mariya burchakdan to‘p uzatayotgan vaqtda Markinos murakkab trayektoriya bo‘yicha chopib darvoza ustuniga keldi va to‘pga zarba berdi. Uni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Gundo‘g‘an ta’qib qilmadi, Diash esa u ortdan kelishini kutmagan, qolaversa u bu vaqtda to‘pga oldinroq sakragan Paredes bilan band edi.

Birinchi bo‘limda raqib jarima maydoni atrofida uyushtirilgan sanoqli pressinglardan biri Navas darvozasi tomon eng xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi. De Bryuyne Paredesni yomon pas berishga majbur qildi, Uoker esa Mbappeni oxirigacha ta’qib qilib, to‘pni egallab oldi. «Siti» ikki pas bilan to‘pni jarima maydoniga yetkazdi, lekin u yerda yolg‘iz turgan Foden to‘pni Navasning o‘ziga qaratib tepdi.

Ikkinchi bo‘lim birinchisidan tubdan farq qildi, ammo o‘zgarishlarni bir necha so‘z bilan ham ifodalasa bo‘ladi. To‘p bilan yuqori pozitsiyada harakatlanish va raqibni oldingi chiziqlardayoq pressing bilan qarshi olish. Tanaffusdan keyin «Siti» to‘pga egalik qilish bo‘yicha odatiy ustunligini namoyish eta boshladi – ha, bu tufayli himoyachilar ortida katta hududlar ochiq qoldi, ammo «PSJ»da bundan foydalanishga imkon bo‘lmadi. Raqib hududida uzoq vaqt davomida to‘pga egalik qilinishi – Gvardiolaning ustunligi asosi, uning jamoasi golli vaziyatlar sonidan qat’i nazar o‘z o‘yinini ko‘rsatishi kerak.

«Siti» o‘z futbolini o‘ynay boshlagach, «PSJ» xatolarga yo‘l qo‘ya boshladi. To‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 46 foizdan 33 foizga tushib ketdi, qarshi hujumlarda sifat yo‘qoldi. Butun bo‘lim davomida mezbonlar maydonning uchinchi qismida atigi 19 marta pas berishdi – «Siti»ning bunday paslari soni 141tani tashkil qildi. Bu ulkan ustunlik edi.

Aytish kerakki, «Siti» bosimni oshirishi juda ko‘p golli vaziyatlarni yuzaga keltirmadi. De Bryuynening golida omad va Navasning xatosi asosiy rolni o‘ynadi. Bu tasodifiy epizod edi, ammo bu «Siti»ga yordam berdi. Goldan keyin mehmonlar o‘yinni yanada yaxshiroq nazorat qila boshlashdi. Parijliklar to‘pni qaytarib olishni butunlay to‘xtatishdi: raqibning tezkor paslari bunga imkon qoldirmadi. Natijada mezbonlar qo‘pol o‘ynashni boshlashdi.

Idrissa Geyening foli «Siti»ga g‘alaba keltirdi: jarima zarbasini Mahrez golga aylantirdi. Parijliklar jonli devor o‘rnatishda juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi.

Ikki gol ham ko‘proq tasodifiy ro‘y berdi. Ammo ikki gol ham o‘yindagi mantiqdan kelib chiqdi — bu vaqtda «Siti» o‘yinni to‘liq boshqarayotgandi.
Uch daqiqa o‘tib Neymar Diashni qo‘pollik bilan to‘xtatdi. Yana to‘rt daqiqa o‘tib Geye yugurib kelib Gundo‘g‘aning oyog‘iga tepdi va maydondan haydaldi. Shundan so‘ng o‘yin taqdiri hal bo‘lgandi.

Parijliklar yutqazishga chiday olishmadi – ammo bu ham «Siti» o‘z o‘yinini ko‘rsata boshlagandan keyingi yuzaga kelgan ilojsizlik tufayli edi. Tezkor paslar, raqib hududida yuqori pressing va to‘pga egalik qilish.
Bu o‘yinda yaqinda jarohatidan tuzalgan Kilian Mbappe hech narsa qilib bera olmadi. U o‘yin davomida faqat 30 marta to‘pga tegindi, bu ikki darvozabon ko‘rsatkichidan ham yomonroq: Edersonda 31, Navasda 53.

Javob o‘yinida Pochettino avtobus qo‘yib, raqibni qarshi hujumlarda jazolash imkoniyati bo‘lmaydi. Jamoa pley-offda ilk bor hozirgi holatga tushmoqda: «Barselona» bilan ham, «Bavariya» bilan ham jamoa birinchi o‘yinda qulay natijaga erishib, javob o‘yinida himoyaga e’tibor qaratgan holda Mbappega to‘la erkinlik berish imkoniga ega bo‘lgandi. Aftidan, ushbu qarama-qarshilik taqdiri endi «Siti»ning o‘ziga bog‘liq. Agar jamoa yana o‘z hayotini o‘zi qiyinlashtirmasa, juftlikda favorit aniq.

O‘z maydonida 1:2 hisobida yutqazish — hukm emas, «PSJ» «Barselona» va «Bavariya»ga qarshi safar o‘yinlarida qanday o‘ynaganini unutmaslik kerak. Ammo hozirgi «Siti» — boshqa darajadagi jamoa. Gvardiola so‘nggi 10 yil ichida ilk marta Chempionlar ligasi finaliga chiqishga juda yaqin.

Statistika
• «Manchester» YECHLning 2020/2021 yilgi mavsumida hali yutqazmadi – o‘n g‘alaba, bir durang. Angliya jamoalari YECHLning hozirgi formatida (2003/2004 yilgi mavsumdan buyon) bir mavsumda bu qadar ko‘p g‘alabaga erishmagan.
• «PSJ» «Siti»ni qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda mag‘lub eta olmayapti – ikki mag‘lubiyat (bu o‘yinlarda ham De Bryuyne o‘yinni hal qilgandi) va ikki durang.
• Pep jamoasi safar o‘yinlarida qatorasiga 18-g‘alabani qayd etdi: Angliya Kubogi yarim finalida «Chelsi»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yin neytral «Uembli» stadionida o‘tkazilgandi.
• YECHL tarixida ingliz klublari safar o‘yinlarida g‘alaba qozonishi bilan bog‘liq 47 holat kuzatilgan. Bu 47 holatda ham inglizlar keyingi bosqichga o‘tishgan. 48-holatda nima bo‘lishini 4 may kuni bilib olamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Siti» Parijdagi o‘yinni 7 daqiqa ichida o‘zgartirdi. Gvardiola — YECHL finaliga juda yaqin