23:26 / 29.04.2021
2 338

"Istiqlol" sardori o‘zbek klublarining taklifini nega qabul qilmaganini bilasizmi?


“Istiqlol” klubining Osiyo Chempionlar ligasidagi sarguzashtlari barchani hayron qoldirayotgani rost. Chunki ko‘pchilik tojikistonliklardan bunday qahramonlikni kutmagandi.
Albatta, Tojikiston terma jamoasi o‘zagini tashkil etuvchi “Istiqlol” futbolchilari Saudiyadagi nufuzli musobaqada o‘zlarining eng yaxshi sifatlarini ko‘rsatishyapti. Bu borada klub sardori Alisher Jalilovning o‘rni beqiyos.

28 yoshli yarim himoyachining faoliyatiga nazar tashlasak, unda tajriba kattaligini ko‘rish mumkin. “Istiqlol”ga kelguniga qadar asosan Rossiyada to‘p surgan. “Lokomotiv”, “Rubin”, “Nefteximik” va “Baltika” jamoalarida to‘p surganining o‘ziyoq uning chindan ham ancha iste’dodli ekanini bildirib turibdi.

Bugungi kunda “Istiqlol”ning o‘yini aynan Alisher Jalilov atrofida qurilgan. Agar guruh o‘yinlarini kuzatayotgan bo‘lsangiz, jamoa sardori sifatida to‘p surayotgan ushbu futbolchini “Istiqlol”ning yuragi ekanini anglash qiyin emas.
Kuni kecha 5-tur doirasida “Shabab Al-Ahli”ga qarshi uchrashuvning 90+6-daqiqasida Alisherning kiritgan goli “Istiqlol”ni keyingi bosqichga olib chiqdi. Demak, Jalilov va uning jamoasi yangi tarix yozishda davom etmoqda. Ushbu uchrashuvdan keyin Alisher sports.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.

- Alisher, “Istiqlol” klubi Osiyo Chempionlar ligasida barchani hayron qoldiryapti. Ayting-chi, jamoa qayerdan kuch olyapti?
- Joriy mavsumdagi Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi ishtirok etish uchun biz bir oydan ziyodroq vaqt davomida tayyorgarlik ishlarini olib bordik. Shu vaqt ichida yig‘inlar o‘tkazildi, nazorat uchrashuvlari tashkil etilib, unda imkoniyatlar sinab olindi. Shuning barobarida mashqlarda astoydil to‘kilgan ter o‘z samarasini berib, klubimiz joriy mavsum Chempionlar ligasida yaxshi ishtirok etgan holda keyingi bosqich masalasini ijobiy hal etishga muvaffaq bo‘ldi.

- “Shabab Al-Ahli”ga qarshi uchrashuvda sizning o‘yin oxirida kiritgan yagona golingiz “Istiqlol”ni keyingi bosqichga olib chiqdi. Uchrashuv haqida qanday fikr bildira olasiz?
- Biz Chempionlar ligasidagi uchrashuvlar mana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tayotganidan juda xursandmiz. Ha, “Shabab Al-Ahli” bilan o‘yin eng murakkablaridan biri bo‘ldi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo biz ruhiyatni tushirmay maydonda oxirgi kuchimizni sarflagancha kurash olib bordik va buning samarasi o‘laroq munosib taqdirlandik. Endi guruhdan navbatdagi bosqichga yo‘l olish uchun oxirgi qadamni tashlashimiz qoldi xolos.

- O‘z vaqtida sizga AGMK va “Lokomotiv” jamoalaridan takliflar bo‘lganini eshitdim. Nega rozi bo‘lmagansiz?
- Bo‘lmasam-chi! Yuqorida sanab o‘tilgan klublar tomonidan mening xizmatimga qiziqishlar bo‘lgani rost. Ammo “Istiqlol”dagi barcha shart-sharoitlar meni to‘la qanoatlantiryapti. Shu sabab mening barcha rejalarim ayni paytda bevosita “Istiqlol” klubi bilan bog‘liq.

- Aslida O‘zbekiston chempionatida to‘p surish sizni qiziqtiradimi?
- Hozir bu savolingizga javob bera olmasligim aniq.

- Shuningdek, siz Rossiyada “Lokomotiv” va “Rubin” klublarida ham to‘p surgansiz. Bunday katta jamoalarga qanday borib qolgansiz? Umuman, Rossiyadagi faoliyatingiz qanday kechgan?
- Bolalik chog‘imda Rossiyada o‘sdim, futbol sir-asrorlarini ham o‘sha yerda o‘zlashtirdim. Aynan Rossiyada futbolchi sifatida shakllandim. Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, “Rubin” va “Lokomotiv” klublaridan ham takliflar oldim. U yerdagi faoliyatim yaxshi kechgan.

- Shu bilan birga Rossiya o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida ham to‘p surgan ekansiz. Keyinchalik u yerda qolishingiz ham mumkinmidi?
- Yo‘q, men har doim Tojikiston terma jamoasida to‘p surishni orzu qilganman. Bunday orzum ro‘yobga chiqqanidan juda xursandman.

- Keyingi rejalaringiz qanday? “Istiqlol”dan so‘ng, qayerga ketishni xohlaysiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, hozirda barcha rejalarim “Istiqlol” bilan chambarchas bog‘liqligi bois boshqa yerga ko‘chib o‘tish niyatida emasman.

- Tojikiston terma jamoasini boshqarayotgan Usmon Toshevning o‘yin uslubi haqida qanday fikrdasiz?
- U – juda yaxshi murabbiy. Terma jamoamiz ustozi ochiq futbol namoyish etish tarafdoridir. Aynan shu uslub unga yoqadi. O‘z o‘rnida har qanday ishqiboz mana shunday ochiq futbol tomosha qilishni istaydi.
 
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Istiqlol" sardori o‘zbek klublarining taklifini nega qabul qilmaganini bilasizmi?