Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida tashkil etilgan professional boks kechasi natijalari e’lon qilindi. Ushbu musobaqada turli mamlakatlardan kelgan 16 nafar bokschi reyting janglarini o‘tkazdi. Professional boks kechasida uch nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi ringga ko‘tarildi.
Umuman olganda, ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tibori 19 yoshli professional bokschimiz Ulug‘bek Qayumboyevga qaratilmoqda. Professional janglarda o‘tgan yilning yozidan buyon ishtirok etayotgan namanganlik charm qo‘lqop ustasi super zarbaga ega va barcha raqiblarini nokaut bilan yengmoqda. O‘tgan yili Rossiyada o‘tkazilgan to‘rtta jangda mezbonlardan Denis Azarchenkov, Roman Zimon, Aleksandr Saltikov va tojikistonlik Xudoydod Yoqubiyni mag‘lubiyatga uchratgan hamyurtimiz bu gal ancha jiddiy raqibga to‘qnash keldi.
Bu safargi raqib Aleksandr Fyodorov professional ringda 23 ta jang o‘tkazib, shulardan 22 tasida zafar quchgan va 12 marta raqiblarini nokautga yo‘llagan edi. Olti raundlik reyting jangi o‘zbek bokschisining ustunligida boshlandi. Uchinchi raundga kelib, Ulug‘bekning kuchli tomonlari yaqqol ko‘rindi. U raqibini kuchli zarba bilan ringga qulatdi va Aleksandr Fyodorov bellashuvni davom ettirolmaydigan bo‘ldi.
Qayumboyev ketma-ket beshinchi nokautini qayd etdi va muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi. Ulug‘bek Qayumboyev o‘z vazn toifasida mamlakatimiz bokschilari orasida kuchli beshlikka kiradi. Milliy reytingda u Abdurasul Ismoilov, Ravshanbek Umrzoqov, Elnur Abduraimov va Murodjon Yoqubovdan keyin joylashgan. Dunyo reytingida bu vazn yetakchiligini Teofimo Lopes egallab turibdi.
Ta’kidlash joizki, Aleksandr Fyodorov avvalgi jangini ham o‘zbek bokschiga qarshi o‘tkazgandi. 3 aprel kuni Mirzamuhammad Hikmataliyevga qarshi ringga chiqqan rossiyalik jangchi ikkinchi raundning o‘zidayoq mag‘lubiyatini tan olgan edi. Hikmataliyev shu tariqa professional ringdagi g‘alabalari sonini sakkiztaga yetkazdi.
Krasnodardagi professional boks kechasida yana bir iste’dodli hamyurtimiz navbatdagi reyting jangida qatnashdi. Ikki yildan beri profringdagi to‘qnashuvlarda ishtirok etib kelayotgan Eldor Abduqodirov shu kungacha to‘rtta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat qayd etgandi.
Eldor oltinchi uchrashuvini mezbonlar vakili Timur Kaysinga qarshi o‘tkazdi. Olti raundlik reyting jangi oxirigacha davom etmadi. Ikki raund o‘zbek bokschisi bilan tengma-teng kurashgan Timur uchinchi raundda kuchli zarbalarga dosh berolmadi va texnik nokaut bilan bellashuvni tark etdi.
23 yoshli Abduqodirov beshinchi g‘alabasi va uchinchi nokautini rasmiylashtirib qo‘ydi. Bu bokschi vaznida O‘zbekiston reytingida Bektemir Meliqo‘ziyev yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Eldordan yuqorida yana uch bokschi – Sherzod Husanov, Azizbek Abdug‘ofurov va Sherali Mamajonov bormoqda. Bu vaznda jahon reytingi shohsupasi Saul Alvaresga tegishli.
Krasnodardagi professional boks kechasida qatnashgan uchinchi vakilimiz Nurbek Bahriddinov muxlislarni xushnud etolmadi. 24 yoshli bokschimiz rossiyalik Kirill Baxtin bilan bo‘lgan to‘rt raundlik jangning o‘rtasida texnik nokaut bilan imkoniyatni boy berdi.Bu Nurbek uchun faoliyatidagi ikkinchi nokaut bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"