11:18 / 12.05.2021
2 424

Gol nega inobatga olinmadi? Hakamlar ustidan arz qilinadimi? Ko‘r-ko‘rona olingan hujumchi kim? - Murod Ismoilov


Hozircha Superliga debyutanti “Turon”ning natijalari ijobiy emas. Chunki haligacha g‘alaba qozona olmayapti. Bu turda esa o‘z uyida AGMKga imkoniyat boy berildi. Biroq ushbu uchrashuvda yana bahsli vaziyat yuz berdi.

Bir vaziyatda AGMK posboni zarbani qaytarish chog‘ida biroz muvozanatni yo‘qotib, to‘pni darvoza ichidan olib chiqqandek tuyuldi. Tabiiyki, bu yana bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. “Turon” ustozi ham bu borada o‘z fikrini bildirdi.

Yosh Islom Ismoilov dadasi – Murod Ismoilovdan ko‘p maslahatlar olib turadi. Chunki katta Ismoilov ham “Turon” klubida faoliyat ko‘rsatayotganini yaxshi bilasiz. Shu sababli ushbu mutaxassis “Turon”ning o‘yinlari, hakamlar va yana boshqa masalalarda munosabat bildirdi.

“Raqiblar bilan tengma-teng o‘ynayapmiz”
- O‘yin borasida futbolchilarga e’tiroz yo‘q, harakat qilishyapti. Baribir moslashish qiyin kechyapti. Golli vaziyatlardan samarali foydalanishda kamchiliklar bo‘lyapti xolos. “Nasaf” bilan o‘yinni hisobga olmaganda, qolgan raqiblar bilan yaxshi, tengma-teng kurashlar bo‘lyapti. Bunday holatda rahbarlar, murabbiylar va futbolchilarning xayoli faqat bitta: u ham bo‘lsa, chuqurlikdan chiqib ketishga qaratilgan. Men esa ko‘proq yoshlar jamoasini shug‘ullantiryapman. To‘g‘ri, mag‘lubiyatdan keyin kayfiyat tushkun holatda. Lekin umid qilamanki, bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Muhimi, to‘xtab qolmaslik.

“Futbolchilarga hamma ishonadi”
- Albatta, bunday vaziyatda murabbiy va futbolchilarda tushkun kayfiyat bo‘ladi. Asosiysi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik kerak, yigitlar. Bir-biriga ishonish lozim va birdamlik muhim. Aynan shunday holatlarda sportchi, umuman insonning darajasi bilinadi. Bir jamoa bo‘lib harakatlanish juda muhim. Futbolchilarga hamma ishonadi.

“Golning hisobga olinmagani natijaga ta’sir qildi”
- O‘sha gol o‘yinda burilish yasashi mumkin edi. Chunki jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsatayotgandi. O‘shanda gol bo‘lgandi. Hammaning o‘z fikri bor. Ammo xolis turib aytilganda, gol bor edi. Lekin hisobga olinmagani natijaga ham ta’sir qildi. Agar golni inobatga olishganida o‘yin boshqacha kechardi. Kimdir yutish uchun ko‘proq gol urish kerak edi, degan gaplarni ham aytishyapti. AGMK ham sovg‘a jamoa emas. O‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan, yaxshi shakllangan klub. Superliganing yetakchilaridan biri. Ularga qarshi bizning yangi jamoamiz shunchalik o‘ynadi. Baribir o‘sha holatda gol hisobga olinishi kerak edi.

“Hakamlar ustidan arz qilingani bilan natija o‘zgarmaydi”
- Hakamlar haqida gap ketganda, meni baribir “Turon” pozitsiyasidan turib fikr bildiryapti, deyishadi-da. Ularni ataylab yoki bexosdan qilyapti deyish qiyin. Birovni ichini birov bilmaydi. Hammaga insof bersin. Xolis qaralganda baribir AGMK darvozasiga gol urilgandi, uni hisoblash lozim edi. Hakamlar ustidan ariza yozishdimi-yo‘qmi, bexabarman. Baribir yozgan bilan natija o‘zgarib qolmaydi.

“Yosh murabbiyning peshonasida shunday sinovlar bor ekan”
- Har bir murabbiy o‘z fikrini bildirishga haqli. O‘sha vaziyatni ko‘rib chiqishgani bilan hakamga qandaydir jazo belgilanishi ham mumkindir. Biroq natija baribir o‘zgarmaydi-ku! Bundan “Turon” jamoasiga hech qanday yengillik yo‘q. Bu yo‘lga chiqdimi, demak, taslim bo‘lmasdan oxirigacha kurashish kerak. Qanchalik nasib qilgan bo‘lsa, harakatni davom ettirish kerak. Inson qo‘lidan kelgan barcha harakatni qilishi kerak-da, hukmini Xudoga havola qilib qo‘yishi lozim. Yosh murabbiy va yosh jamoaning peshonasida shunday sinovlar bor ekan, bundan toblanib, iroda ko‘rsatib o‘tilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kamchiliklar ustida ishlash kerak. Faqat birgina hakamlarning xatosiga qarab qolib, ishlashdan va mehnatdan to‘xtab qolmaslik kerak. Demak, endi yaqqol gol urish lozim.

“U ishonchni oqlamadi”
- Jamoa shakllantirilayotganda, ayniqsa, “Hokim Kubogi”dan keyin kamchiliklar ko‘zga ko‘rinib qoldi. Islombek o‘tgan yili mehnat qilgan futbolchilarga hech bo‘lmaganda bir davra imkoniyat beramiz deb aytgandi. Lekin qishki yig‘inda kamchiliklar ko‘zga tashlangach, shoshilinchda seleksiya ishlari olib borildi. Bu borada Karikari masalasida adashildi deb o‘ylayman. U chempionat boshlanishiga 3-4 kun qolganda qo‘shildi. Hujumchi kerak edi va uni yaxshilab sinovdan o‘tkazmasdan ko‘r-ko‘rona olindi. Shuning uchun Karikari tanlovida adashdik. Oxirgi uchrashuvlarda o‘ynamayapti. U ishonchni oqlamadi. Undan umid katta edi. Hozirgi holatda jamoadagi hamma harakat qilyapti. Futbolchilarni ham ayblay olmayman. Ular ham qo‘ldan kelganicha harakat qilyapti. Jamoamiz qandaydir qora chiziqqa tushib qoldi. Endi aql bilan ishlab, mehnat qilgan holda to‘g‘ri yo‘nalishda oxirigacha harakat qilinadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gol nega inobatga olinmadi? Hakamlar ustidan arz qilinadimi? Ko‘r-ko‘rona olingan hujumchi kim? - Murod Ismoilov