19:57 / 29.05.2021
2 639

YECHL finalida Gvardiola kuchlimi yoki Tuxel?! Bu borada Samvel Babayan qanday fikrda?


Bugun Yevropa Chempionlar ligasi finali. Butun dunyodagi futbol muxlislarining nigohi Portugaliyadagi “Dragau” stadioniga qaratiladi. Bu yerda Angliya grandlari – “Manchester Siti” hamda “Chelsi” Chempionlar ligasi g‘olibini aniqlash yo‘lida ayovsiz kurashga kirishadilar.

Bunday qaynoq o‘yin oldidan jahon futboli jamoatchiligining turli tuman fikrlari yangramoqda. Kubok kimga nasib qiladi? “Siti”gami yoki “Chelsi”ga?! Yana ko‘p jihatdan bu o‘yin Gvardiola hamda Tuxelning o‘zaro shaxmat taxtachasidagi taktik o‘yinga ham qiyoslanmoqda.

Yevropa klublari uchun YECHL – yutish mumkin bo‘lgan eng katta sovrin. Bunday nufuzli musobaqaning finaliga yetib kelishning o‘zi aslida qahramonlik. Chunki hal qiluvchi bahsga qadar klublar qarshisida chiqqan har qanday jamoani yo‘lidan olib tashlaydi va shuning evazigagina finalga yetib keladilar. Kubokni yutish uchun bitta o‘yin qolgan bir paytda kim ham orqaga qadam tashlardi, hech kim! Chunki shuncha mashaqqatli yo‘l bosib kelgan jamoa oxiriga kelganda yana bir qadam tashlab Kubokni yutishni orzu qiladi.

O‘zbekistonda ham YECHL finalini katta qiziqish bilan kutishyapti. Yurtimizda “Manchester Siti”ni ham, “Chelsi”ni ham millionlab muxlislari bor. Shuningdek, personal ravishda Gvardiola bilan Tuxelni yoqtiradigan fanatlar ham ko‘p. Bu shunday o‘yin bo‘ladiki, shubhasiz futbol tarixi zarvaraqlariga muxrlanib qoladi.

Butun dunyo kutayotgan mana shu o‘yin bo‘yicha o‘zbekistonlik taniqli mutaxassislardan birining fikr va mulohazalarini eshitish biz uchun qiziq edi. Oxiri o‘ylab-o‘ylab bu borada O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanga murojaat qildik. Albatta, unga istagimizni bildirganimizda, boshida biroz o‘zini o‘ng‘aysiz his qildi, ammo yakunda u sports.uz muxbiriga YECHL finali oldidan o‘z qarashlarini bildirishga rozi bo‘ldi.    

- Potensial bo‘yicha “Manchester Siti” kuchliroq, - deya gap boshladi, Babayan. - Ammo Tuxel zo‘r murabbiy ekanligini amalda isbotlab kelmoqda. Albatta, yana takrorlayman: potensial jihatidan “Manchester Siti” “Chelsi”ga nisbatan kuchliroq. Biroq Tuxel milliy chempionatda ko‘ngildagidek ishtirok eta olmagan klubni Chempionlar ligasidek nufuzli musobaqa finaliga olib chiqish evaziga yaxshi murabbiy, aytish mumkin bo‘lsa, top-saviyadagi mutaxassis ekanligini ko‘rsatib berdi. To‘g‘ri, “Chelsi” uning qo‘li ostida chempionatda ham bir qator uchrashuvlarni yaxshi o‘tkazdi. Buni inkor etib bo‘lmaydi.

Asosiysi, Tuxelda murabbiylik g‘oyalari rang-barang va kuchli. Shunday ekan, finalda g‘olib chiqish uchun “Chelsi”da ham imkoniyat yo‘q emas. Aytishim kerakki, bugungi uchrashuvda men Tuxelga va uning qo‘li ostidagi “Chelsi”ga muxlislik qilaman. Chunki ushbu mutaxassis top-murabbiy ekanligini ko‘rsatib berdi.

Real jihatdan olib qaraganda, “Manchester Siti” kuchli va guruh favoriti sanaladi. Lekin men o‘z tanlovimni Tuxel va “Chelsi”ga ko‘rsataman. To‘g‘ri, qog‘ozda “Chelsi” “Siti”dan kuchsiz ko‘rinadi. Ammo o‘yinda hammasini murabbiyning g‘oyalarini amalga tatbiq eta olishga qurbi yetadigan futbolchilar hal etadi, buni unutmaslik kerak, - deydi, Babayan.

Ha, Samvel Vyacheslavovich final oldidan kimga ishqibozlik qilishini ma’lum qildi. Biz vaziyatga yanada chuqurroq kirishga harakat qildik. Muxlislarni qanday hisob qayd etilishi ham juda qiziqtiradi. Ayniqsa, mutaxassislarning bu masala bo‘yicha aytadigan taxminiy hisoblari ham e’tiborni o‘ziga tortmasdan qolmaydi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Samvel Babayandan bugungi finalda qanday hisobni kutayotgani haqida so‘radik.

- Mening nazarimda “Chelsi” finalni 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan tamomlaydi. To‘g‘ri, Gvardiola ham menga yoqadi. Uning qo‘l ostidagi “Manchester Siti” deyarli bir nafasda Angliya premer-ligasini yutishga muvaffaq bo‘ldi. Real jihatdan ham “shaharliklar” YECHL finalining favoriti bo‘lib turishibdi. Biroq o‘z tanlovimda qolib, bugungi bellashuvda faqat “Chelsi”ga muxlislik qilaman. Kuchsiz raqibni tanlayman. Men “Chelsi”ni kuzatish evaziga Tuxelning murabbiylik g‘oyalarini yanada teranroq ilg‘ab olishga harakat qilyapman, - deya so‘zini yakunladi, Babayan.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » YECHL finalida Gvardiola kuchlimi yoki Tuxel?! Bu borada Samvel Babayan qanday fikrda?