11:33 / 01.06.2021
12 396

“Milan”ga Shomurodov kerak!


Yozgi transfer bozori ochilmasidan turli shov-shuvli xabarlar chiqa boshladi. Dastlab, qishki transferlar vaqtida “Yuventus” Eldor Shomurodovga qiziqayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan, keyinchalik “Jenoa” prezidenti turinliklar haqiqatan ham o‘zbek futbolchisini surishtirganini tasdiqlagan edi.

Mavsum yakuniga yaqin Joze Mourino “Roma” bosh murabbiyligini qabul qilib olishi hal bo‘lganidan keyin hamyurtimizga Rim klubidan qiziqish borligi ma’lum bo‘ldi.

Yaqinda “Jenoa” ijtimoiy tarmoqlar orqali Milan Badel va Eldor Shomurodov suratini qo‘ygani ko‘pchilik tomonidan o‘zbek hujumchisining Milan klublari e’tiboriga tushganini anglatishiga yo‘ymoqda.

Italiyada esa, “Milan” jamoasi muxlislari bu transferni muhokama qilishni boshlab yubordi. Milanlik ishqibozlarning aksariyati Shomurodov jamoani kuchaytirishga qodirligini aytmoqda. E’tiboringizga “Milan” fanatlarining Shomurodov haqidagi fikrlarini havola qilamiz.

Tommaso Villano: Yakunlangan mavsumning boshi moslashish jarayoni bo‘ldi va chempionat oxiriga kelib o‘zbek hujumchisi 6 ta uchrashuvda beshta gol urdi. Bitta golga o‘rtacha 76 daqiqa sarfladi. Agar u “Milan”da ham shu darajada o‘ynay olsa, albatta, jamoani kuchaytirgan bo‘ladi.

Simone Battista: Har qanday vaziyatda ham Shomurodov Manjukich va Leauga qaraganda jamoa uchun foydali futbolchi hisoblanadi. Chunki bu ikkisidan yomon o‘ynashning iloji yo‘q!

Mauro Bianchini: Bu transferda mantiq bor. Shomurodov – A Seriyadagi zaxiradan tushib gol urish bo‘yicha eng zo‘r hujumchi. U o‘yinga qo‘shilganidan keyin to‘rtta gol urdi va bitta golli pas oshirdi. Zaxira futbolchilari orasida bunaqa samaradorlikka har kim ham erisha olmaydi. Bunaqa hujumchi bizga aniq kerak bo‘ladi!

Francesco Franci: Moliyaviy inqiroz nimalargni keltirib chiqarmoqda. Top-futbolchilar o‘rniga A Seriyaning o‘rtamiyona jamoalaridan o‘yinchi olishga majburmiz.

Maurizio Peccolo: Menda g‘alati hissiyot bor. Oxirgi marotaba “Jenoa”dan hujumchi olganimizda u o‘zini ko‘rsata olmagan edi. 35 million yevroga xarid qilingan Kshishtof Pyontek “Milan”da o‘zini ko‘rsata olmaganidan keyin uni 24 million yevro evaziga qo‘yib yuborgandik. Shomurodovning transferi ham shunday bo‘lib chiqmasligiga umid qilamiz.

Vincenzo Marignoli: Bu transferning tarixiy asosi bor. O‘z davrida Andrey Shevchenko va Kaxa Kaladze klubimiz afsonalariga aylangan. Shuning uchun bizga sobiq Ittifoq hududidan yana bir futbolchi kerak bo‘ladi!

Alvaro Campeti: Chempionlar ligasi oldidan tarkibni kuchaytirish kerak. Yo‘qsa kunimiz 40 yoshli qariya Zlatan Ibrohimovichga qolib ketadi.

Francesco Manna: Eldorning o‘yinini “Jenoa”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvimizda ko‘rganman. Harakatchan va kurashuvchan hujumchi. Birinchi golni aynan uning zarbasini Janliuji Donnarumma qaytarganidan keyin o‘tkazib yuborgandik. Darvozabondan qaytgan to‘pni Mattia Destro to‘rga joylagandi.

Debyut mavsumida Italiya futbolida sakkizta gol urib, ikkita golli pas uzatgan Eldor Shomurodovga turli jamoalardan qiziqish va hatto takliflar bo‘lishi tabiiy hol, albatta. “Milan” muxlislarining munosabati bizni xursand qilmay qolmaydi. Demak, Shomurodov atrofidagi yangiliklarni kuzatishda davom etamiz...

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Milan”ga Shomurodov kerak!