Salom, Janob Abramov! Men o‘zbek xalqining farzandi, oddiy bir jurnalist - Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev siz hech qachon o‘qimasligingizni bilsam ham xat yozyapman. O‘yin tugaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, ammo negadir yurakdagi alam tarqamayapti... Bilmadim, Otabekning o‘yindan so‘ng ho‘ngrab yig‘lagani, Xojiakbarning oxirigacha kurashgani, Oybekning ko‘zlaridagi dard, Odilning so‘nggi uchrashuvi yoki ko‘zi ojiz muxlisning qo‘ng‘irog‘i sabab bo‘ldimi ko‘zlarimdan uyqu qochdi. Shu bois, o‘tirib sizga xat yozishga qaror qildim.
Bilasizmi, O‘zbekiston juda katta mamlakat emas, lekin xalqining yuragi juda keng. Biz bunday mag‘lubiyatlarni g‘ilt etib ichimizga indamay yutib ketaveramiz. Bir necha soatdan so‘ng siz iste’foga chiqasiz. Buni hamma bilib turibdi, lekin bugun qanday uxlaysiz? Menku mayli, tonggacha telbalardek xomush o‘tirib chiqsam kerak. Sizchi, siz? Qanday buni hazm qilasiz? Bilaman, siz chinakam «diplomat» odamsiz. Uzr so‘rashga ham ulgurdingiz. Afsuski, bu hech narsani o‘zgartirmaydi.
Ertaga ham tong otadi. Ertaga hamma yana ishga yo‘l oladi, ammo bugun maydonda egnidagi libos, vatan sha’ni, millat g‘ururi, izzat-nafs uchun «jang» qilgan yigitlar oldidagi aybingizni qanday yuvmoqchisiz? Bizku, o‘rganib ketdik, lekin O‘zbek futbolining yangi avlodini 4 yillik shirin orzularidan mahrum qilganingizni hech hazm qila olmayapman.
Men aslida nimalar bo‘lganini balki bilmasman, hatto futbolni siz singari chuqur tushunmasman, biroq tan oling, bugun jamoa emas, siz yengildingiz. Siz vatan sha’nini himoya qiladigan 90 daqiqani xorijlik «olifta»ga boy berdingiz. Eng kulgilisi nima bilasizmi? Siz faoliyatingizdagi eng katta «jang»ni boy berdingiz, lekin endi jabrini biz tortamiz. Bugungi o‘yinni men bilan birga tomosha qilgan kichik jiyanlarim hozir hiqillab xonasiga kirib ketdi.
Aytingchi, ularni kim ovutadi? Yo‘q, jiyanlarimni qo‘ying, bugun butun olamda o‘zini yolg‘iz qolib ketgandek his qilayotgan vatandoshlaringizni kim ovutadi? Siz ularning har biriga qo‘ng‘iroq qilib ko‘nglini ko‘tara olasizmi? Menimcha, bunga yillar ketadi. Istasangiz ham qo‘lingizdan kelmas ekan. Bo‘ldi, bo‘ldi telefoningizni cho‘ntagingizga solib qo‘ying.
Hozir millionlab vatandoshlarimizning men kabi ichi bo‘m-bo‘sh. Kimlardir chekka-chekkada ko‘z yosh to‘kmoqda. Yana kimlardir bisotidagi bor so‘zlar bilan dardini to‘kib olishga joy izlayapti. Mayli, sezib turibman. «Bu nomani yozishingizdan maqsad nima?», deb hayron bo‘larsiz. E’tibor bermang, men shunaqaroqman. Kimnidir aybdor qilmoqchi emasman.
Shunchaki, sizga dilimdagilarni aytgim keldi. Bilaman, siz hech qachon menga javob qaytarmaysiz. Bunga sizni toqatingiz yetmaydi. Xatim cho‘zilib ketgan bo‘lsa meni kechiring. Aslida, sizga xayrli tun tilamoqchi edim. Nega shuncha gapni sizga aytdim hayronman. Aytdimku, g‘alatiroqman. E’tibor bermang. Shirin tushlar ko‘ring, janob Abramov. Biz endi anchagacha uxlay olmasak kerak...
Ya. U
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi