07:30 / 17.06.2021
2 987

Bahodir Jalolov eng ashaddiy raqib kimligi va uni yengish usulini aytdi!


Boksda eng keskin va murosasiz janglar o‘ta og‘ir vazn toifasida bo‘ladi. Har qanday musobaqani superog‘ir vaznning final jangi bezab beradi. Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida Bahodir Jalolov hal qiluvchi jangda Qozog‘iston terma jamoasi sardori Qamshibek Ko‘nkabayevni yengib, chempionlik unvonini munosib himoya qildi.

Bugungi kunda havaskorlar boksida o‘ta og‘ir vazn toifasida nafaqat Osiyoda, balki dunyoda Bahodir Jalolovdan zo‘r bokschi yo‘q. Yozda Tokio shahrida navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari start oladi. Odatdagidek, Bahodir Jalolov to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ham oltin medalga asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilmoqda.

Osiyo boks konfederatsiyasi mutaxassislari Bahodir Jalolov haqida maqola chop etdi. Sports.uz sayti ushbu materialni o‘zbek tilida muxlislar e’tiboriga havola qilishni ma’qul topdi.

Osiyo chempionati finalida to‘qnash kelgan Bahodir Jalolov va Qamshibek Ko‘nkabayevning ikkisi ham Olimpiadaga yo‘llanma olgan bokschilar hisoblanadi. Hal qiluvchi jangda hakamlarning bir ovozdan bergan qaroriga ko‘ra, o‘zbek bokschisi oltin medalga loyiq topildi. Ko‘nkabayev birinchi raundda nokdaunga tushganini ham ta’kidlash joiz.

Bahodir Jalolov Osiyo boks konfederatsiyasi mutaxassislariga quyidagi ma’lumotlarni gapirib berdi:
Biz har bir raqibimizni kuchli va tajribali sportchi sifatida qattiq hurmat qilamiz. Qozog‘iston boksi kuchli mamlakat, Mo‘g‘uliston ham o‘zini yaxshi  tomondan ko‘rsatdi, Hindiston bu gal yetakchi terma jamoalarga ancha yaqinlashib qoldi.

 Qozog‘istonlik kuchli bokschi Qamshibek Ko‘nkabayevga qarshi yettinchi jangimni o‘tkazdim. Bu gal ham har doimgidek qiyin to‘qnashuv bo‘ldi. Ko‘p narsa jismoniy holatdan ko‘ra psixologiyaga bog‘liq edi. Bu borada men ancha xotirjam edim, chunki oxirgi ikkita o‘zaro jangda uni yenggandim va hech kimga yutqazmayotgan edim. Oxirgi oylarda psixologik tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ish olib bordim va bu musobaqada o‘z samarasini berdi.

 Olimpiya o‘yinlari oldidan tayyorgarligimni avvalgilarga nisbatan ancha kuchaytirishim kerak. Men Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqishni orzu qilyapman va mashg‘ulotlarni ham Tokio musobaqalariga yuz foiz tayyor bo‘lish uchun munosib tarzda o‘tash kerak. Biz boshqa hech qanday turnir va yig‘inlarga bormaymiz. Tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini O‘zbekistonda o‘taymiz.

Tokioda asosiy raqiblarim Qozog‘iston, Rossiya, Kuba va Avstraliya vakillari bo‘ladi. Lekin yuqorida ta’kidlaganimdek, men o‘z vaznimdagi barcha charm qo‘lqop ustalarini eng kuchlilari, deb bilaman. Olimpiya o‘yinlaridan keyin jahon chempionatida chempionlik unvonimni himoya qilishni istayman. Undan keyin nimalar bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi!

Bahodir Jalolov havaskor bokschilar o‘rtasida jahon chempionatlari g‘olibi va sovrindori, ikki karra Osiyo chempioni hisoblanadi. Havaskorlar o‘rtasida jami 83 ta jangda g‘alaba qozongan va 11 marotaba raqiblariga imkoniyatni boy bergan. Bahodir bu yo‘nalishda so‘nggi bor 2017 yilda Qamshibek Ko‘nkabayevga yutqazgan. Mana shundan beri barcha uchrashuvlarda qo‘li baland kelmoqda.

Hamyurtimiz 2018 yildan beri professional janglarda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Sakkizta jangning barchasini o‘z foydasiga hal qilgan va barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov eng ashaddiy raqib kimligi va uni yengish usulini aytdi!