21:43 / 22.07.2021
3 900

Tokio Olimpiadasida qaysi bokschilarimizning chempion bo‘lish imkoniyati yuqori? Mutaxassislar fikri...


Sanoqli kunlardan so‘ng, bokschilarimiz Tokio Olimpiadasida o‘z yurishini boshlaydi. Qur’a tashlanib, dastlabki raqiblar ham aniq bo‘ldi.  Bokschilarimizdan umidimiz katta va eng ko‘p medallar aynan ushbu sport turidan qo‘lga kiritilishini kutmoqdamiz.

Albatta, barcha charmqo‘lqop ustalarimizni g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olishini istaymiz. Zero, bunga yurtdoshlarimizni salohiyati yetadi. Shunday bo‘lsa-da, muxlislar va mutaxassislar tomonidan oltin medalni qo‘lga kiritish imkoniyati yuqori ekanligi e’tirof etilayotganlar ham bor.

Biz bu borada ba’zi professional bokschilarimiz, jurnalistlar hamda murabbiylarimizning bu boradagi fikrlariga qiziqdik.

Zufar Sulaymonov – murabbiy
- Boks bo‘yicha terma jamoamiz juda yaxshi tayyorgarlik olib bordi. Qolaversa, tajribali murabbiylar boshchilik qilmoqda. Bokschilarmizning ham aksariyati o‘z vazn toifasining yetakchilari sanaladi. Qisqa qilib aytganda barchasida imkoniyat bor va hammasini Olimpiada chempioni bo‘lishini xohlayman va ularga omad tilab qolaman. Olg‘a yigitlar!

Rustam Saidov – murabbiy, sobiq bokschi
- Barcha bokschilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘ladi. Nafaqat o‘g‘il bolalar balki qizlarimiz ham shohsupaga ko‘tariladi. -52, -57, -69, -81, +91 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritamiz. Qolgan vazn toifalarida ham imkoniyatimiz yo‘q emas. -63 va -75 kg vaznda kamida bronza, -91 kg kgda esa kamida kumush olamiz degan fikrdaman. Umumjamoa hisobida ham O‘zbekiston birinchi o‘rinni oladi. Bir so‘z bilan aytganda terma jamoa tayyor va ularga omad tilab qolaman!

G‘ayrat Ahmedov –sobiq bokschi
- Imkoni bo‘lganda barchasini oltin medalni qo‘lga kiritishini istardim. Terma jamoamiz yaxshi shakllangan va ular ijobiy natija qayd etishga qodir. Ayniqsa, Shahobiddin Zoirov ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ladi, degan fikrdaman. Shuningdek, Bahodir Jalolov ham raqiblariga imkoniyat qoldirmasa kerak. Ba’zan Bahodir haqida uslubi bir xil degan fikrlarni bildirishadi. Men aytardimki, xuddi shu uslubidan chekinmasin. Ushbu jang olib borishi hozir o‘tapti. Oldi qo‘lda ikki va orqa qo‘lda bittalik zarbasi bilan istalgan raqibni mag‘lub etadi. Shuningdek, Bobousmon Boturovni ham pala-partish jang olib boradi, deyishadi. Agar, undagi bosim to‘liq uch raundga yetsa ya’ni, jismoniy holati pand bermasa, u ham istalgan texnar bokschini mag‘lub eta oladi. Barchasiga omad yor bo‘lib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishsin.

Sardor Rahimov – jurnalist
- Barchasidan medal kutmoqdaman. Lekin uch nafari Olimpiada chempioni bo‘ladi, degan umiddaman. Ya’ni, -52 kg vazn toifasida Shahobiddin Zoirov, -57 kgda Mirazizbek Mirzaxalilov va og‘ir vazn toifasidagi vakilimiz Bahodir Jalolov oltin medalni qo‘lga kiritishi shart. Zero, ular hozirgi kunda vazn toifasidagi jahonning eng kuchli bokschilari sanaladi. Shu o‘rinda barchasiga nafaqat bokschilarimiz balki butun sportchilarimizga ushbu Olimpiadada omad tilayman!

Ilxom Hakimbekov – O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Farg‘ona viloyati bo‘limi mutasaddisi, referi
- Birinchi navbatda Mirazizbek Mirzaxalilovning oltin medalni qo‘lga kiritishiga ishonchim yuqori. Shuningdek, Shahobiddin Zoirov hamda Bahodir Jalolovdan ham Olimpiada chempioni bo‘lishini kutmoqdaman. Umuman olganda barcha bokschilarimiz julda yaxshi saviyada, deb ayta olaman va ularning ham g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishiga umid qilaman. Fursatdan foydalanib, o‘zbekistonlik barcha sportchilarga to‘rt yillikning eng nufuzli turnirida shohsupadan o‘rin olishlariga tilakdoshman.

Abdumannop Ahmadaliyev – murabbiy
- Shahobiddin Zoirov ikki karra Olimpiada chempioni bo‘lishiga ishonaman. Shuningdek, Mirazizbek Mirzahadilovda ham imkoniyat bor va Bahodir Jalolov ham Olimpiada chempioni bo‘ladi, degan fikrdaman.

Qudratillo Abduqahhorov –professional bokschi
- Avvalo, barcha bokschilarimizga, sportchilarimizga ushbu Olimpiadada yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishiga tilakdoshman. Savolingizga kelsak, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzahalilov va Bahodir Jalolovda oltin medalni qo‘lga kiritish imkoniyati yuqori, deb o‘ylayman. Barchasiga omad yor bo‘lsin!

Feruz Yuldashev – professional bokschi, murabbiy
- Bahodir Jalolov, Mirazizbek Mirzahalilov hamda Shahobiddin Zoirov oltin medalni qo‘lga kiritishiga ishonaman. Biroq, bu Olimpiada va unda kutilmagan natijalar ham qayd etilishi mumkin. Demoqchimanki, biz kutmagan bokschilar ham chempion bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, hozirgi terma jamoamiz juda kuchli tarkibga ega va ularning barchasida bunday imkoniyat bor. Qolaversa, murabbiylarimiz ham o‘z ishini ustasi sanaladi. Barchasiga omad tilab qolaman!

Ravshan Mahammadjonov – professional bokschi
- Bahodir Jalolov hamda Shahobiddin Zoirovlar oltin olsa kerak. Dilshrdbek Ro‘zmetovda ham imkoniyat bor. Hammasi sovrindor bo‘lsin. Omad tilayman!
 
Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tokio Olimpiadasida qaysi bokschilarimizning chempion bo‘lish imkoniyati yuqori? Mutaxassislar fikri...