15:15 / 02.08.2021
3 680

Biz kutgan Tokio va kutilmagan natijalarga boy bo‘lgan boks musobaqalari taxlili


Xususan, boks musobaqalari barchaning e’tiborida kun mavzusi bo‘lib turibdi. Rio Olimpiadasidagi natijalar 3 oltin, 2 kumush va 2 bronzani tashkil etgan bo‘lsa, hozir chorak final bosqichiga yetib kelgan bokschilarimiz o‘tgan safargi medallar sonidan ham kamroq bo‘lib turibdi. Musobaqada o‘z ishtirokini davom ettirayotgan bokschilarimiz, bular qizlar o‘rtasida -60 kg vaznda Rayhona Qodirova, erkaklar o‘rtasida -52 kg vaznda Shahobiddin Zoirov, -63 kgda Elnur Abduraimov va +91 kg vaznda Bahodir Jalolov. Bir qancha bokschilarimiz esa musobaqani erta yakunlashdi.

Mag‘lubiyatlar nimaning hisobiga?
    -57 kg vaznda amaldagi jahon chempioni hisoblangan Mirazizbek Mirzahalilov o‘zining ilk jangida irlandliyalik Uoker Kurt bilan to‘qnash keldi. Mirzahalilov o‘z uslubida jang olib bordi. Odatda u janglarida 1-raundda imkon berib, 2 va 3-raundlarda raqibini yanchib tashlar edi. Kurtga qarshi jang ham shunday bo‘ldi. Ammo Mirzahalilov hakamlik faktori sabab imkoniyatni boy berdi. Shu bilan birgalikda, Mirazizda ham himoyada xatolar ko‘zga tashlandi.

     Uslubi sabab ko‘p tanqidga uchraydigan bokschilarimizdan biri -69 kg vaznda ishtirok etgan Bobousmon Boturovning ham raqibi anoyilardan emas edi. Nimchorak final bosqichida Yevropa mintaqaviy kvalifikatsion turniri g‘olibi, jahon chempionati kumush medalchisi britaniyalik Pet Makkormakka kutilganidek imkoniyatni boy berdi. U uslub jihatdan juda noqulay bokschi, shu bilan birga Makkormak ancha kuchli raqib edi. Bobousmon oldingi jangiga nisbatan yaxshiroq harakat qildi, lekin baribir daraja jihatidan Makkormak kuchli edi. Yakunda Makkormak final bosqichida chempionlik uchun jang qilishi uning darajasini ko‘rsatib turibdi.

     Fanat Qahramonov -75 kg vazn toifasida 1-jangida g‘alaba bilan musobaqalarga kirishgani barchamizni xursand qilgani shubhasiz. Uning nimchorak finalda raqibi qozog‘istonlik Abilhan Amankul bo‘lishi esa bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmasligiga bir ishora bo‘ldi. Jangning birinchi raundida Fanat raqibidan yaxshigina ustunlik qildi va bir qator kuchli zarbalar bilan Amankulni siylagan holda hakamlar hisobida ham o‘z ustunligini ta’minladi. Ikkinchi raundni ham yaxshi boshlagan Qahramonov to‘satdan chap qo‘l to‘g‘ridan kelgan kuchli zarbadan qalqidi va hisob ochildi. Shundan so‘ng u “o‘chib qoldi” va raundni boy berdi. Jangning qolgan qismini katta ustunlik bilan o‘tkazgan Amankul esa natijani ham o‘z foydasiga hal qildi.

     -81 kg vazn toifasida yosh bokschimiz jahon chempionati kumush medalchisi Dilshodbek Ro‘zmetov ikkinchi saralash bosqichida anchagina kuchli raqib Yevropa chempioni, kvalifikatsion turnir g‘olibi asli kubalik bo‘lgan Ozarbayjon bokschisi Alfonso Dominges bilan to‘qnash keldi. Ro‘zmetovning ushbu raqibni mag‘lub etish uchun potensiali yetarli edi, ammo o‘sha kuni u o‘z darajasida jang qilmadi. Ro‘zmetov Alfonsoni oldin ham mag‘lub etgan. Ular 2019 yilgi jahon chempionatida to‘qnash kelgan va Dilshodbek g‘alaba qozongan. Bu safar 1-raundda ham g‘alaba qozonganday ko‘rindi-yu, yana hakamlar ustunlikni raqibga bergach, ruhiyati tushib ketdi va keyingi raundlarda haqli mag‘lub bo‘ldi. Bu jangda unga ruhiyat yetishmadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Alfonso esa yakunda yarim finalga qadar yetib borib, bronza medali egasiga aylandi.

      Ko‘pgina e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgan -91 kgli bokschimiz Sanjar Tursunov esa musobaqaning ilk kunidayoq jazoirlik Benchabla Abdelxafid bilan to‘qnash keldi va 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bir necha yillardan beri O‘zbekiston chempionligini ham qo‘lga kirita olmayotgan Tursunovdan ko‘pchilik medal kutmagan bo‘lsa ham ajab emas. Ammo Olimpiada o‘yinlari ilk jangidayoq nomdor bo‘lmagan raqibga imkoniyatni boy berishi muxlislarga yoqmagani aniq. Abdelxafid to‘sig‘idan o‘tganida uni amaldagi jahon chempioni Rossiya Olimpiya bayrog‘i ostida harakat qilayotgan Muslim Gajimagomedov kutib turgan edi. Jahon chempioniga mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham alam qilmagan bo‘lar edi...

Qizlarimiz Olimpiada o‘yinlarida ilk bora g‘alabali janglar taqdim etishdi
     Qizlar o‘rtasida 3 nafar litsenziya qo‘lga kiritilgan edi. So‘nggi yillarda qizlar boksida ham birmuncha ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.

    Musobaqaning ilk kunida -69 kgda bahslarga kirishgan vakilamiz Shahnoza Yunusova polshalik Karolin Kozevskiga imkoniyatni boy berdi. Tarixiy g‘alabani esa bizga -51 kgda ishtirok etgan Tursunoy Raximova taqdim etdi. U ham Polsha vakili Sandra Drabik bilan kuch sinashib, raqibini 4:1 hisobida g‘alabaga erishdi. Nimchorak final bosqichida unga 1-raqam ostida saralangan turkiyalik kuchli raqib Buse Naz Chaqiroglu raqib bo‘ldi. Dastlabki raundda faolroq harakat qilgan Raximova hakamlarni ham bunga ishontira oldi. Ikkinchi va uchinchi raundlarda ham Turkiyalik bokschiga yetarlicha qarshilik ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay 5 nafar hakamlarning 3 tasi raqib ustunligini qayd etdi va u ham hakamlarning shubhali qarori sabab musobaqada ishtirokini yakunladi.

     -60 kg vazn toifasida g‘oliblik sari odimlayotgan Rayhona Qodirova Kongo demokratik respublikasi vakilasi Naomi Yumbaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. U 3 avgust kuni chorak final bosqichida kuchli raqib, braziliyalik jahon chempioni Beatriz Ferrera to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Jalolov bronza medalini naqd qildi. Endi navbat Zoirov va Abduraimovga
        Amaldagi Olimpiada chempioni, jahon chempioni nomdor bokschimiz Shahobiddin Zoirov nimchorak final bosqichida Kabo-Verde vakili Daniel Vareladan ustun ekanini yaqqol namoyon qilib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Unga 3 avgust kuni yarim final uchun jangda filippinlik charm qo‘lqop ustasi Karlo Palam raqiblik qiladi.

       -60 kg vazn toifasida Elnur Abduraimov dastlabki ikki jangida ketma-ket Osiyo chempionlari Batarsuxin Chinzorig va Bahodir Usmonovni musobaqadan chiqarib yubordi. Unga 3 avgust kuni bo‘ladigan navbatdagi jangida ikki karra Yevropa chempioni Ovanis Bachkov (Armaniston) raqiblik qiladi.

      +91 kgda yaqqol favorit deya e’tirof etilgan Bahodir Jalolov chorak final jangini o‘tkazdi. Jalolovga Hindiston vakili Satish Kumar qarshilik ko‘rsatishga harakat qildi. 5:0 hisobida g‘alaba qozongan Jalolov o‘zi uchun kamida bronza medalini naqd qilib, yarim finalda britaniyalik Ferezer Klarkka qarshi ringga ko‘tariladigan bo‘ldi. Bu vazndagi yarim final bahslari 4 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Jalol Axmedov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Biz kutgan Tokio va kutilmagan natijalarga boy bo‘lgan boks musobaqalari taxlili