11:02 / 05.08.2021
4 617

Bahodir Jalolovni finalda to‘xtatish uchun osmondan meteorit tushishi kerak!


Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari har qiluvchi pallaga kirdi. O‘zbekiston terma jamoasi kutilgan natijaga erisha olmadi, bokschilarimizning deyarli barchasi musobaqani erta yakunladi va faqatgina Bahodir Jalolov final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi xolos.

Aslida, eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon va qit’a chempioni bo‘lib turgan bokschimizning finalga chiqishi hech kimga yangilik emas, balki kutilgan natija edi. Yarim finalning ikkinchi raundida hamyurtimizni nokdaun holatiga tushira olgan britaniyalik bokschi Frezer Klarkni Bahodir uchinchi raundda qay ahvolga solgani hammamizga ma’lum.

Ko‘pchilik finalda Bahodir Jalolov va uning ashaddiy raqibi – Qozog‘iston terma jamoasi sardori Qamshibek Ko‘nkaboyevning to‘qnash kelishini kutgan edi. Biroq, final yo‘llanmasi uchun jangda amerikalik Richard Torres qozog‘istonlik bokschining qovog‘ini yorib yubordi, Ko‘nkaboyev ham xuddi Bahodirning raqibi Frezer Klark singari muddatidan oldin taslim bo‘ldi.

Xullas finalda kutilmagan juftlik – Bahodir Jalolov va Richard Torres o‘zaro to‘qnash keladi. Bu bokschilar avval bir marta o‘zaro jang qilgan. 2019 yilgi jahon chempionatida o‘zbek pahlavoni bir zarba bilan amerikalik raqibini chuqur nokautga uchratgan, keyingi kun esa, uni ziyorat qilib, ko‘ngil so‘rashga borgan edi.

Ayni paytda ko‘pchilik mutaxassislar va muxlislar Olimpiya o‘yinlari boks musobaqasining o‘ta og‘ir vazn toifasida bo‘ladigan finalni muhokama qilmoqda. Ana shunday mutaxassislardan biri – Rossiyaning Birinchi kanali shahrlovchisi Aleksandr Sadokovning fikr-mulohazalari e’tiborimizni tortdi. Uni e’tibringizga havola etamiz.

- Rostini aytsam, hozir Bahodir Jalolov Tokioda olimpiya chempioni bo‘lmasligiga birorta sabab ko‘rmayapman.  Faqat “Riogoku Kokugikan” arenasi tomini biror meteorit teshib o‘tib, hammamizni surib ketsa, shunday bo‘lmasligi mumkin...

Bir so‘z bilan aytganda, men hozir Bahodir Jalolov qanday qilib yutqazib qo‘yishi mumkinligini tushunmayapman. Olimpiya qoidalari asosida ringga chiqayotgan superog‘ir vaznli zo‘r bokschilar ko‘pligiga qaramay, ular orasida Bahodir bilan raqobatga yaraydigan birortasi yo‘q.

Bahodir Jalolov ular uchun boshqa darajadagi bokschi va buni tan olish, bir necha kundan keyin olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritib, keyin to‘liq professional boksga o‘tib ketishini kutish kerak xolos.

Bahodir Jalolov jahon boksi uchun bu yangi Aleksandr Usikmi? Yo‘q, albatta. U umuman boshqa plandagi bokschi. Hozir og‘ir vazndagi professionallar bayram qilib yuribdi, o‘ylashimcha, ular sekin-asta qo‘rquvni his qila boshlashi kerak. Chunki ularning qarshisiga bir bokschi chiqadi. Albatta, hozircha, Bahodirning Tayson Fyuri, Diontey Uaylder bilan to‘qnashuvlarini muhokama qilmoqchi emasman... Bahodir Jalolov ularning darajasiga yetishi bilan, hatto hozirdan aytish mumkinki salohiyati bo‘yicha u kuchli uchlikdagi bokschidir. Balki professional boksning bo‘lajak superyulduzi aynan Bahodirdir, - dedi Aleksandr Sadokov.

Bahodir Jalolov havaskorlar boksida barcha nufuzli turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan. U 2015 yili Dohadagi jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2017 yili Yekaterinburgdagi mundialda barcha raqiblarini yengib, chempion bo‘ldi. Shuningdek, ketma-ket uch marta Osiyo chempionligiga sazavor bo‘ldi.

Bahodir Jalolov havaskorlar o‘rtasida 86 ta g‘alaba va 11 ta mag‘lubiyat qayd etgan.
8 avgust kuni bo‘ladigan final jangida Bahodir Jalolovdan g‘alaba kutib qolamiz!

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolovni finalda to‘xtatish uchun osmondan meteorit tushishi kerak!