2 725
Jalolov Torresni yana nokaut qila oladimi? Final oldidan bokschilarning uslubiga nazar tashlaymiz
Bahodir Jalolovning finaldagi raqibi ma’lum bo‘lgach, uning imkoniyatlarini to‘liq chamalab olishga qaror qildim. Deyarli yarim kun davomida Torres Richard ishtirokidagi janglarni ko‘rib chiqdim. Xulosalarimni sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Raqibning ustunlik tomonlari
Birinchi navbatda kuchli bosim uyushtiradi. O‘z vaznidagi aksariyat bokschilardan bo‘y va qo‘lning uzunligi borasida orqada qolgani uchun boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Torres imkon qadar yaqin masofada ishlabgina qolmay, oyoq harakatlari orqali ringda yengil harakatlanadi. U o‘z kamchiliklari va ustunliklaridan kelib chiqib jang qilishga majbur.
Torres ishtirokidagi janglarni ko‘rar ekanman, birinchi navbatda masofani qisqartirib chap qo‘lda huk zarbasini qoyilmaqom ijro etishi e’tiborimni tortdi. Aynan shu zarba uning allaqachon “fishka”siga aylanib ulgurdi. Qozog‘istonlik bokschi - Kamshibek Konkabayev ham aynan shunday zarba sababli nokdaun holatiga tushib qolgani so‘zimizga isbot bo‘ladi.
AQSH vakilini birgina chap qo‘l zarbasiga suyangan holda ringga ko‘tariladi demoqchi emasman. U kanatlarga siqilgan holda yaqin masofada kuchli zarbalarni ikki qo‘lda ham yo‘llashga qodir. Boz ustiga, kardio borasida ham yaxshi tayyorgarlikka ega. Bu unga butun jang davomida tempni yuqori notada ushlab turishi va baland bo‘yli raqiblarini charchatishida qo‘l keladi. Shuningdek, u qarshi hujumda zarbaga tutilmaslik uchun boshini biroz eggan holda hujumga kirib boradi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Konkabayev ham 2-raund oxirida bosimga dosh bera olmadi. Yengilayotganini sezgani bois, ochiq boksga o‘tib ketdi. Bu esa, Torres uchun ayni muddao! U yaqin masofada o‘zini “suvda yurgan baliq”dek his qiladi. Uni bejizga “tank”ka qiyoslashmaydi. Richard ringda oyoq harakatlariga tayangan holda raqs tushishdan ko‘ra, faqat oldinga qadam tashlashni afzal ko‘radi. Bundan tashqari, ikkilik zarbalariga ko‘proq murojaat etadi. Bu og‘ir vazn toifasi bo‘lgani bois, lakipanch ehtimoli yuqori.
Uning boks tushish uslubi havaskorlarnikidan ko‘ra, professionallarnikiga yaqinroq. Torres ochko taqdim etuvchi yengil aniq zarbalardan ko‘ra, raqibni muvozanatdan chiqarishga qodir ikkilik zarbalarni afzal ko‘radi. Bu omil joriy olimpiadada unga juda qo‘l kelmoqda. Umuman olganda, finalga xos va mos bokschi.
Bahodirga jangda nima qo‘l kelishi mumkin?
“Big Uzbek” bu final uchun yillar davomida tayyorlandi. Avvaliga Osiyo, keyin jahon birinchiligi oltin medallarini vatanimizga olib keldi. Endi ular orasida Olimpiada chempionlik tituli ham paydo bo‘lishi mumkin. Buning uchun yurtdoshimizda barcha imkoniyatlar mavjud.
Raqibi - Torresning imkoniyatlariga baho berar ekanmiz, Jalolovning qo‘lidan nimalar kelishi borasiga ham to‘xtalib o‘tishimiz shart. Birinchi navbatda Bahodirning bo‘yi raqibidan 12 sm balandroq. Qo‘llarining uzunligi borasida ham farq hamyurtimiz foydasiga. Bu omil finalda Jalolov o‘zi uchun raqibi yaqinlasha olmaydigan zonada turib ham bemalol zarbalar yo‘llashiga imkon yaratadi.
To‘g‘ri, Richard yengil harakatlar bilan masofani qisqartirishga va o‘zi uchun qulay bo‘lgan yaqin masofada jangni olib borishga urinadi, biroq Bahodir o‘z jeblari bilan voqealar rivojini boshqarib turishi mumkin. Qo‘llarning nisbatan kaltaroqligi bois, Torres imkon qadar tezlik bilan Jalolovga bosib uyushtirishga urinishi turgan gap. Bu vaziyatda Jalolov shunchaki oyoq harakatlari bilan raqib bosimini yengib o‘tishga va qarshi hujumda “jazolash” imkoniga ega.
Bundan tashqari, Richard Junior himoyada muammolarga ega. U asosan ochiq boksda va zarbalar almashinuvida yaxshi ishlaydi. Jalolov murabbiylari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarsa, taktik jihatdan raqibidan bir bosh baland boks namoyishi eta oladi. Sababi, u himoyada ham hujumda ham birdek yaxshi ishlay olishini ko‘rsatib berdi. Richard bunday imkoniyatga ega emas. Uning boks uslubi faqat oldinga qadam, bosim va kuchli zarbalarga qurilgan.
Shuningdek, finalda hamyurtimizga qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan eng katta omillardan biri uning raqibidan ancha tajribaliroq ekanligida. Torres 22 yoshda. Bu uning faoliyatidagi ilk katta musobaqa finali. Jalolov bunga qadar, havaskor boksdagi deyarli barcha katta musobaqalar finalida ringga ko‘tarilgan. Hal qiluvchi 3 raundda tajriba birinchi planga ko‘tarilsa, Torres amaldagi jahon chempionini oldida ojiz qoladi.
Bugungi Bahodir Jalolov o‘zining yuqori sport formasiga ko‘tarilgan. Ham taktik ham jismonan “qo‘shgan” hamyurtimiz Tokio oltin medaliga ega chiqish uchun qulay imkoniyatga ega. Bundan 2 yil avval ular o‘rtasidagi to‘qnashuv yodingizdami?
2019 yil Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazgan jahon birinchiligi chorak finalida Bahodir Torresni chap qo‘l bilan to‘g‘ridan yo‘llagan zarbasi bilan chuqur nokautga uchratgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida finalchilarda yaxshigina o‘sish kuzatildi.
Final juda hayajonli o‘tishi aniq. Shunday bo‘lsada, bu jang oldidan Jalolovning imkoniyatlari raqibinikidan bir muncha balandroqdek tuyulmoqda. Raqibga hurmatni saqlagan holda, aytish joizki Bahodir finalda g‘alaba qozonish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.
Final jangi:
Voqealar rivojidan ilgarilab ketish yaxshi emas, biroq imkoniyatlardan kelib chiqib Bahodirni finaldagi favorit deb ko‘rsatish mumkin. Jalolov AQSH vakilini o‘z jeblari va oyoq harakatlari bilan boshqarishi, vaziyatni o‘z nazoratida ushlab turishi mumkin. Jalolov shunchaki, o‘z ishini bexato bajarsa bo‘lgani. Yaqin masofada ishlashga imkon qoldirmasligi va texnikasini ishga solishi shart.
Eng muhimi shundaki, ruhiy ustunlik Bahodir tomonida. U bu raqib bilan avval to‘qnash kelgan va mag‘lubiyatga uchratgan. Bu uslubdagi bokschilar bilan ishlash bobidagi Bahodirning ulkan tajribasi ringda qo‘l kelishi turgan gap. To‘g‘ri, jangdan oldin taxmin qilish noo‘rin. Har holda og‘ir vazndagi bokschilar o‘rtasida to‘qnashuvlarda birgina aniq zarba hammasini hal etib qo‘yishi mumkin. Umid qilamizki, o‘sha zarbani hamyurtimiz yo‘llaydi. Yaqinlashib kelayotgan final oldidan Bahodir Jalolovga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi