21:28 / 15.08.2021
2 385

Timur Kapadze: "Murabbiylarimizdan kimdir Katanetsga yordam berishi kerak, menga qolsa Keyrush yaxshiroq edi"

Timur Kapadze: "Murabbiylarimizdan kimdir Katanetsga yordam berishi kerak, menga qolsa Keyrush yaxshiroq edi"
Xabaringiz bor, sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanes tez orada O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiy etib tayinlanishi kutilmoqda. Bu borada esa bir qator mutaxassislarimiz o‘z munosabatini bildirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston olimpiya termasi va “Olimpik” klubi bosh murabbiyi Timur Kapadze ham Sports.uz saytiga Katanes borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Srechko Katanes nomzodi xususida
- Katanetsni futbol olami taniydi, biz ham bilamiz. Terma jamoalarda ishlagan, oxirgisi Iroq bo‘ldi. Ular bilan ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazganmiz. Bu jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelayotgandi. O‘FA rahbarlari bu nomzodni yaxshilab o‘rganib chiqishgan. Menimcha, bir qator murabbiylar bilan muzokaralar olib borildi. Oxir-oqibat Katanetsga to‘xtaldilar. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, bu murabbiy bizga to‘g‘ri keladi, ancha tajribali. Doimiy ish faoliyati bilan band murabbiy. Iroq termasidan nima uchun ketganini bilmayman. Terma jamoamiz bilan shartnoma imzolasa, biz ham, boshqa murabbiylar ham unga qo‘limizdan kelganicha yordamlashamiz. Bu yerga kelganidan keyin uni yanada yaxshiroq taniymiz.

Timur Kapadze unga yordam beradimi?
- Men hali bu haqda eshitmadim. Fikrimcha, baribir biznikilardan qaysidir murabbiy unga yordam berishi kerak. Agar vaqtim bo‘lsa, men ham qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Yangi mutaxassisning ish uslubidan foydalanish ham zarar qilmaydi. Men ham yordam beradigan bo‘lsam, undan o‘rganadigan jihatlarni o‘zlashtiraman. Shartnoma tuzilganidan keyin ko‘p narsa ma’lum bo‘ladi. Men olimpiya terma jamoasidaman. Milliy termamiz yig‘in o‘tkazsa, men ham jamoam bilan mashg‘ulotlarni boshlashim mumkin. Butun e’tiborim olimpiya terma jamoasiga qaratilgan. Ammo vaqtim bo‘lganida Katanetsning mashg‘ulotlarini kuzatish va o‘rganish – bu yaxshi narsa. U terma jamoamizni yangi bosqichga olib chiqsin va oldiga qo‘yilgan vazifani uddalasin. Nafaqat men, balki klublar va terma jamoalar murabbiylari birlashib unga yordamlashishimiz kerak. Chunki biz o‘yinchilarimizni yaxshi bilamiz. Albatta, o‘zi ham ko‘radi hamda vaqt kerak bo‘ladi.

Katanes bilan uchrashmoqchimi?
- Bir-ikki marta Katanes bilan ko‘rishganman, terma jamoalarda to‘qnash kelganmiz. Ravshan Haydarov, Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiyev kabi tajribali murabbiylarimiz bilan ham muloqot qilsa foydali bo‘lishi mumkin. Bu unga ham foydali bo‘ladi va tezroq moslashishi uchun ham kerak. Srechko Katanes Osiyoda anchadan beri ishlayapti. Menimcha, moslashishi qiyin kechmaydi. Agar Iroq bilan O‘zbekistonni solishtirsak, sharoit, imkoniyat va boshqa taraflama ham bizda yaxshiroq hamda bu Katanetsga ancha qulay bo‘ladi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Milliy terma jamoamiz hammasidan ustun turadi, shu sababdan kerak bo‘lsa, qo‘limizdan kelganicha biz ham yordamlashamiz. Uning ishtiroki va g‘alabalari esa futbolimizga plyus.

Kapadze terma jamoada kimni ko‘rishni xohlagandi?
- Menga qolsa, Keyrushni ko‘rib chiqardim. Unga aloqaga chiqishgandir, balki kelish imkoniyati bo‘lmagandir. Eronda ishlash qiyin. U yerda futbolga boshqacha qarashadi. Ammo Karlush Keyrush eronliklarni ikki marta jahon chempionatiga olib chiqdi. Bitta joyda uzoq vaqt ishlab, natija ko‘rsatgani tahsinga sazovor. Shu sababdan Keyrush bo‘lganida yaxshiroq bo‘lardi. Agar Keyrush natija ko‘rsata olmaganida Eronda ko‘p vaqt ishlamagan bo‘lardi. U Eron futbolida ko‘p ish qildi. Server Jeparov Eron chempionatida o‘ynagan paytida Keyrushning ish uslubi haqida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lgan. Chunki Karlush Keyrushning yordamchisi Jeparov bilan ham birga ishlagan. Shuning uchun Serverdan portugaliyalik murabbiy haqida ko‘p narsa eshitganman. U milliy terma jamoa uchun nima kerak bo‘lsa, barchasini qildirtirdi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi.

Iroq terma jamoasi har doim yaxshi o‘ynagan. O‘ta yuqori ham, past ham emas, o‘z darajasida. Federatsiyamiz rahbariyati baribir Srechko Katanetsni o‘rganib chiqqan. Bu rahbariyatning qarori. O‘ylaymanki, qadami qutlug‘ keladi. Oldimizda Osiyo Kubogi turibdi. O‘sha musobaqa murabbiyning ishini ko‘rsatib beradi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Murabbiylarimizdan kimdir Katanetsga yordam berishi kerak, menga qolsa Keyrush yaxshiroq edi"