22:55 / 28.08.2021
2 988

Tarkibni kim tuzdi? Qolgan legionerlar nega chaqirilmadi? Yoxud Ravshan Haydarov Katanetsga qaysi taraflama ko‘maklashyapti?

Tarkibni kim tuzdi? Qolgan legionerlar nega chaqirilmadi? Yoxud Ravshan Haydarov Katanetsga qaysi taraflama ko‘maklashyapti?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Srechko Katanes boshchiligida ilk yig‘inni boshladi. Bilgan bo‘lsangiz, yangi murabbiyga mahalliy mutaxassislarimizdan Ravshan Haydarov yaqindan yordamlashyapti. U Katanes kelgan kundan boshlab o‘z maslahatlari bilan o‘rtoqlashib, futbolimizni yaqindan tanishtiryapti.

- Bosh murabbiy tanlanishidan oldin O‘FA rahbariyati, murabbiylar kengashi tomonidan barchasi atroflicha o‘rganib chiqildi, - deb gap boshladi, Haydarov. - Bizga qanday mutaxassis kerak, terma jamoalar bilan ishlash asosiy o‘rinda turishi, O‘zbekistonda ishlash xohishi, yaxshi shakllangan murabbiylar shtabiga ega bo‘lishi kabi talablarga binoan bir qator mutaxassislar bilan muzokaralarga kirishildi. Yakunda esa Srechko Katanes bizga har taraflama to‘g‘ri keladigan murabbiy bo‘lib chiqdi va uning nomzodi qabul qilindi. Bir necha kun ilgari Toshkentga yetib kelib, futbolimiz hamda sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Kecha shartnomaga qo‘l qo‘ydi.

- Katanetsning murabbiylar shtabida albatta o‘zimizning mutaxassis ham bo‘lishi kerakligi haqida fikrlar bildirilyapti. Shu bois sizni unga yaqindan yordam berayotganingiz haqida ham eshityapmiz.
- Vaziyat shundayki, albatta, ish boshida Katanes va uning shtabiga kirishib ketish uchun yordam kerak. Bu borada esa biz barchamiz ko‘maklashishimiz kerak. Timur Kapadze, men, Server Jeparov, ya’ni, yoshlar va olimpiya terma jamoalari murabbiylari bilan birgalikda bu jarayonda faol qatnashishimiz kerak. Murabbiyning ish uslubi, talablari kabi jarayonlarida bevosita biz ham bo‘lishimiz va o‘zimizda his qilishimiz lozim. Albatta, ularga mahalliy mutaxassislarning yordam ko‘rsatishi mantiqan ham to‘g‘ri. Ish boshlash jarayonida futbolchilar va sharoitlar bilan tanishtirishda yordamlashyapmiz. O‘zimiz tarafdan murabbiylar kengashini saylaganmiz. Barchamiz birgalikda yordam berishimiz lozim. Hozircha yangi murabbiylar futbolchilarimizni yaxshi bilishmaydi.

Lekin o‘zlari ham barchasini tahlil qilib, terma jamoa o‘yinlarini o‘rgangan holda kelishgan. Jamoani va futbolchilarni video orqali bo‘lsa ham biladilar. Murabbiylar kengashi bilan birgalikda Katanes boshchiligidagi murabbiylar shtabiga futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxatini taqdim etdik. Bir hafta davomida o‘yinlarni ko‘rishdi. Natijada e’lon qilingan o‘yinchilar ro‘yxatini yig‘inga jalb qilishga qaror qilindi. Vaqt o‘tganidan keyin ular o‘zlari mustaqil ravishda bemalol qaror chiqaradilar. Ammo biz har taraflama ko‘maklashishga tayyormiz.

- Katanes boshchiligidagi ilk yig‘in uchun futbolchilar ro‘yxatini siz tuzib chiqqaningiz haqida ma’lumotga ega bo‘ldim. Bosh murabbiyning tarkib bo‘yicha munosabati qanday?
- Tarkib kengaytirilgan edi. Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiyev, Usmon Toshev, Shamil Iseyev kabi murabbiylar kengashi a’zolari bilan birgalikda tarkibni tuzib chiqdik. Ro‘yxat bo‘yicha yangi murabbiylar futbolchilarning maydondagi harakatlarini o‘rganib chiqdilar. Masalan, “Paxtakor” o‘yinlari va mashg‘ulotlarini kuzatdilar. Qolaversa, Qarshi va Jizzaxdagi uchrashuvlarni ham ko‘rdilar. Natijada shulardan keyin yakuniy tarkib kelib chiqdi. Lekin kengaytirilgan ro‘yxatimizda ayniqsa, bir qancha legionerlarimiz ham bor.

Misol uchun Janubiy Koreyada Rustam Ashurmatov, Ikrom Aliboyev, Jamshid Iskanderov kabilar chaqirilmadi. Bularning sababi bor. Koreyada haligacha mamlakatdan chiqib yana kirganidan so‘ng, 14 kunlik karantin amalda ekan. Shuning uchun ularga hozircha tegmaslikka qaror qildik. Bu yig‘inda bo‘lmasa, keyingilarida murabbiylar albatta ularni ham ko‘radilar. Terma jamoaning oldingi o‘yinlariga borib kelganidan keyin ushbu legionerlarimiz karantinda qolishiga majbur bo‘ldilar. Qolgan legionerlar bo‘yicha to‘xtalsam, masalan, Jasur Yaxshiboyev jarohatidan endi forig‘ bo‘lib, mashg‘ulotlarga qo‘shilgan. Oston O‘runov klubdan-klubga o‘tish jarayonida bo‘ldi. Tarkibni shakllantirayotgan paytimizda albatta futbolchilarning viza masalasi bo‘yicha ham shug‘ullanishimiz kerak. Bu masalada muammosi bo‘lmagan legionerlarni chaqirdik.

- Sardor Rashidov nima uchun tarkibdan chetda qoldi?
- Rashidov ham kengaytirilgan ro‘yxatda bor. Murabbiylar uni yaxshi tanishadi. Bitta yig‘inga hamma o‘yinchini chaqirishning imkoni yo‘q. Hali vaqt bor. Futbolchilar bilan tanishuv jarayoni endi boshlanyapti. Kecha futbolimiz prezidenti murabbiyga qo‘ygan talablari jahon chempionatiga olib chiqish va yangi yoshartirilgan jamoani shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Bosh murabbiy ham ko‘proq yoshlarga e’tibor berishni yaxshi tushunib turibdi. Lekin hech qaysi o‘yinchi murabbiylarning nazaridan chetdan qolmaydi deb o‘ylayman. Kim o‘zini ko‘rsatsa, albatta chaqiriladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tarkibni kim tuzdi? Qolgan legionerlar nega chaqirilmadi? Yoxud Ravshan Haydarov Katanetsga qaysi taraflama ko‘maklashyapti?