Foto: Getty Images
Angliyada mashg‘ulot jarayonlari uchun yangi qoida joriy qilindi: Futbol assotsiatsiyasi, Premer Liga, Angliya futbol ligasi, Professional futbolchilar uyushmasi va Liga menejerlari assotsiatsiyasi havolatib uzatiladigan to‘plarga bosh bilan «kuchli» zarbalar sonini haftasiga 10 taga cheklashga kelishib oldi.
Bu nima degani?
«Kuchli» zarbalarga jarima maydonchasiga qanotlardan, burchakdan va standart zarbalardan oshirilgan to‘plar kiradi. Shuningdek, avval e’lon qilingan ko‘rsatmalarda, mashg‘ulotlar jarayonida klublar, agar o‘yinchi to‘p tomon yugurayotganda uch yoki undan ko‘p qadam tashlasa yoki uni qabul qilish uchun sakrasa, bosh bilan zarbalar sonini cheklab qo‘yishi taklif qilingan. Har bir futbolchi yoshi, jinsi, pozitsiyasi, shuningdek, bosh bilan beriladigan zarbalar soni va «turini» hisobga olgan holda shaxsiy «xavfsizlik profilini» tuzish tavsiya etiladi — bu hamma bosh bilan to‘g‘ri o‘ynashi va o‘yinlarda bunday harakatlar sonini cheklashi uchun kerak bo‘lgan omil. Shuningdek, murabbiylar shtabiga ham futbolchilarning tiklanishiga yetarlicha vaqt ajratilishini ta’minlash tavsiya etiladi.
Bu nima uchun kerak?
Angliyada uzoq vaqt davomida bosh bilan o‘ynash xavfi to‘g‘risida «ko‘plab tadqiqotlar» o‘tkazilib kelinadi. 2019 yilda olimlar professional futbolchilarning neyrodegenerativ miya xastaliklari bilan ko‘proq kasallanishini aniqlagan. Sobiq futbolchilar orasida ham bunday kasalliklardan o‘lim topganlar futbolga aloqasi bo‘lmaganlarga qaraganda uch baravar ko‘proq. «Vest Bromvich» sobiq hujumchisi Jeff Asl, 1966 yilgi Jahon Chempionatidagi Angliya terma jamoasi a’zolari bo‘lgan Jek Charlton va Nobbi Staylz miya kasalligidan vafot etgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuningdek, Bobbi Charlton ham aqliy zaiflikdan aziyat chekadi.
Tadqiqot muallifi, Glazgodagi Qirolicha Yelizaveta universiteti shifoxonasi nevropatolog-maslahatchisi, doktor Villi Styuartning aytishicha, futbolchilar va regbichilarda bosh jarohatlari hamda surunkali travmatik ensefalopatiyani orttirib olishi haqida aniq dalillar bor.
Tadqiqotlar davom ettiriladi — Angliya «barcha o‘yinchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun to‘g‘ri yo‘lda» ekanligiga ishonch hosil qilmoqchi.
Bu tadqiqot qanday o‘tkazilgan?
Birinchi tadqiqotda «Liverpul» U-23/U-18 va «Manchester Siti» U-18 ayollar va erkaklar jamoalarining futbolchilari tekshirilgan. Futbolchilarga ularning tana va miyasiga berilgan zarbalarning chastota va kuchi to‘g‘risida ma’lumotlar to‘playdigan maxsus kapalar berilgan. Ikkinchi tadqiqotda Opta’dan olingan 2019/20 yilgi mavsum ma’lumotlar kapadagi ko‘rsatmalar bilan taqqoslanadi. Shundan so‘ng bosh bilan zarbalarning chastotasi, kuchi va yo‘nalish sxemalari mustaqil ravishda ko‘rib chiqilgan, shunda himoyachilar yarim himoyachi va hujumchilarga qaraganda ko‘proq bosh bilan zarba berishi ma’lum bo‘lgan.
Bu qoidaga rioya qilinishi nazoratga olinadimi?
Yo‘q. Bu tavsiya chorasi bo‘lib, unga majburiy tus berilmaydi. Ammo bayonotda klub xodimlari har bir futbolchining mashg‘ulotlarda bosh bilan o‘ynashini real vaqtda kuzatib borishi juda muhimligi aytilgan. Agar mashg‘ulot davomida o‘yinchida boshidan shikastlanish alomatlari sezilsa, darhol tekshiruvdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.
O‘zi bu qoidaga amal qilishning imkoni bormi?
Ha, lekin buning uchun klublar o‘z taktikasini tubdan o‘zgartirishi kerak bo‘ladi, hozircha qaysidir jamoaning bunday qilishiga ishonish dargumon. Qoidalar juda ziddiyatli, hatto qaysidir ma’noda g‘alati («futbol — bu kontaktlarga boy bo‘lgan sport turi», «1966 yildan beri to‘plar ancha yengillashgan», «bu o‘yin estetikasiga ta’sir qiladi» — bular ushbu tavsiyaga zid bo‘lgan bir qancha bayonotlar, xolos), lekin u ilmiy doiralarda yaxshi kutib olindi.
«Bu cheklovlar nimaga asoslangani va ular amalda qanday qo‘llanilishi noma’lumligicha qolmoqda. Ayollarning bosh jarohatlariga erkaklardan ko‘ra ko‘proq moyilligi haqidagi dalillarning ko‘payishiga qaramay, ko‘rsatmalarda jinslar alohida qayd etilmagan. Erkak va ayol o‘rtasida biologik va fiziologik tuzilishda farq mavjud. Bu esa alohida yondashuvni talab qiladi», — deydi doktor Maykl Grey.
Tadqiqotlar hali yana olib boriladi, ammo olimlar vaqt o‘tishi bilan bu cheklovlar o‘yinlarga ta’sir qilishini, keyinchalik esa bosh bilan o‘ynashning to‘liq taqiqlanishiga olib kelishini istisno qilmaydi. Buning yaxshi yoki yomon bo‘lishini aytish qiyin, chunki futbol qoidalarini tinimsiz rivojlanayotgan organizmga o‘xshatish mumkin. Vaqt o‘tgani sari esa hamma narsaga ko‘nikish mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”