2 137
Islom To‘xtaxo‘jayev: "Meni terma jamoaga nega chaqirishmaganini bilmayman, buni hayron qoladigan joyi yo‘q"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi bosh murabbiy boshchiligida dastlabki xalqaro o‘rtoqlik o‘yinini ham o‘tkazdi. Shvetsiya bilan o‘yindan Srechko Katanes o‘zi uchun xulosalar chiqargani aniq. U futbolimiz bilan hali tanishish jarayonida. O‘sha o‘yindan keyin o‘zi ham terma jamoa bilan ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagani haqida gapirdi. Ya’ni, Katanes futbolchilarning imkoniyatlarini endi-endi yaqindan ko‘ra boshlayapti.
Ma’lumki, Shvetsiya bilan o‘yin uchun chaqirilgan tarkibni sloveniyalik mutaxassis tuzgani yo‘q. Ungacha Ravshan Haydarov tayyorgarlik uchun futbolchilar ro‘yxatini shakllantirgan bo‘lib, Katanetsning ilk yig‘iniga aynan u tuzgan o‘yinchilar tarkibi jalb etildi. Unda esa bir qator terma jamoa o‘yinchilari ro‘yxatdan joy olmaganini ko‘rish mumkin edi.
Masalan, ayni paytda “Qizilqum” sharafini himoya qilayotgan Islom To‘xtaxo‘jayev Srechko Katanetsning dastlabki o‘quv-mashg‘ulot bosqichiga taklif qilinmadi. Qolaversa, yana bir qator legionerlar ham turli sabablarga ko‘ra jalb qilinmagandi. Ammo To‘xtaxo‘jayevni chaqirish muammo emasdi. Muntazam ravishda milliy termada o‘ynab kelayotgan futbolchining bu safargi yig‘indan chetda qolgani muxlislarni ham biroz hayron qoldirgani rost. Shubhasiz, futbolchining o‘zi ham yana termadan taklifni kutgandi. Ammo bu safar bunday bo‘lib chiqmadi. “Qizilqum” himoyachisi esa Shvetsiya bilan o‘yindan chetda qolganiga quyidagicha munosabat bildirdi.
- Meni nima uchun terma jamoaga chaqirishmaganini bilmayman. Buni murabbiylar biladi. Buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Futbolda hamma narsaga tayyor turish kerak. Albatta, men doim terma jamoamiz uchun yordam berishga tayyorman, - deya izoh berdi, To‘xtaxo‘jayev.
Ko‘rinib turibdi, Islom terma jamoaga chaqirilmaganidan qattiq tashvishda emas va bu vaziyatni u normal holatda qabul qildi. Endi bevosita vakillarimizning Shvetsiya bilan o‘yiniga to‘xtalsak, deyarli ko‘pchilik mazkur bahsni kuzatdi. Shu jumladan futbolchilar ham. Baribir terma jamoada o‘ynab kelayotgan o‘yinchining jamoadoshlari ishtirokidagi o‘yinni televizor qarshisida kuzatish ham oson emas.
- To‘g‘risini aytsam, men milliy terma jamoamizning Shvetsiyaga qarshi o‘yinini faqat ikkinchi bo‘limini ko‘ra oldim. Umumiy ma’noda shuni aytishim mumkinki, yigitlar kuchli raqibga qarshi yaxshi harakat qildilar. Ammo terma jamoamiz o‘yinida hali biror-bir o‘zgarish bo‘ldi, deyish qiyin, - deb munosabat bildirdi, Islom.
Tarkibga jalb qilingan o‘yinchilar orasida yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil qildi. Himoyada esa yangi tandem sinab ko‘rildi. O‘z navbatida ko‘p yillardan buyon bosh jamoamiz uchun to‘p surib kelgan Islom To‘xtaxo‘jayev ham o‘yinni kuzatish chog‘ida aynan mudofaa chizig‘imizdagi yigitlarning harakatlarini diqqat bilan ko‘rgan bo‘lsa ajab emas. Ko‘pchilik himoyadagi xatolar ko‘zga tashlangani haqida fikr bildirmoqda. Bunga javoban “Qizilqum” a’zosi shunday dedi:
- “Shvetsiya kabi terma jamoalarga qarshi o‘yinlarda xatolar bo‘lishi tabiiy. Aynan shunday uchrashuvlar orqali tayyorgarlik ko‘riladi. Hammasi o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boradi”.
Murabbiy va futbolchilar o‘rtasida o‘zaro ishonch bo‘lishi ham katta ahamiyat kasb etadi. Buni Srechko Katanes yaxshi tushunib turibdi. U terma jamoadagi ilk yig‘in va o‘yin orqali o‘yinchilar bilan tanishdi va bir-birida oz bo‘lsa-da, taassurot paydo bo‘ldi. Uning qanday uslub va taktikadan foydalanishi ham biz uchun qiziq. Hozircha bitta o‘yin orqali bunga yetarlicha javob berish qiyin. Shu o‘rinda To‘xtaxo‘jayev yangi murabbiy borasida shunday dedi:
- “Srechko Katanetsning erishgan natijalaridan yaxshi murabbiy ekanligi bilinib turibdi. Iroq bilan uch marta o‘ynagan bo‘lsak, himoyaviy uslub tanlagandi. Har bir murabbiy qo‘l ostidagi futbolchilaridan kelib chiqib taktika tanlaydi”.
Hozirda futbolchi e’tiborini “Qizilqum”ning navbatdagi o‘yinlariga qaratgan. Bilasiz, navoiyliklar Superliganing bu mavsumida medallar uchun kurashmoqda va bu borada ularda ham imkoniyat bor. Bu turda “Qizilqum” “Lokomotiv”ni qabul qiladi. Bu To‘xtaxo‘jayevning sobiq klubi ekanini bilasiz-a? Demak, Islom uchun bu yanada ahamiyati yuqori bo‘lgan o‘yinga aylanadi.
- Biz har doimgidek tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Oldimizda “Lokomotiv”ga qarshi juda muhim uchrashuv kutib turganini tushunib turibmiz. Ularni har tomonlama o‘rganib chiqyapmiz. Bu yaxshi o‘yin bo‘ladi. Oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishish uchun g‘alabalar qozonishimiz kerak, - dedi futbolchi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”