08:06 / 15.09.2021
2 115

O‘zbekiston Rossiyani qanday mag‘lub etadi? Bizdagi asosiy muammo va mundialdan nega chetda qolgani haqida futzalchimiz nima dedi?

O‘zbekiston Rossiyani qanday mag‘lub etadi? Bizdagi asosiy muammo va mundialdan nega chetda qolgani haqida futzalchimiz nima dedi?
Xabaringiz bor, ayni paytda Litvada futzal bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tyapti. Bahodir Ahmedov bosh murabbiyligidagi terma jamoamiz Gvatemala, Rossiya va Misr bilan birga “V” guruhidan joy olgan.

Afsuski, vakillarimiz ilk turda Gvatemalaga qarshi o‘yinda 4:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Sanoqli soniyalar qolganda terma jamoamiz o‘z darvozasidan beshinchi golni o‘tkazib yubordi.

Jamoa sardori, darvozabon Rustam Umarov ham negadir o‘sha kuni o‘ziga o‘xshamagandek bo‘ldi. Birinchi uchrashuvdan keyin turli fikrlar yangramoqda. Ikkinchi turda terma jamoamizni endi o‘ta kuchli raqib – Rossiyaga qarshi murakkab uchrashuv kutyapti.

Bir necha yil davomida terma jamoa sharafini himoya qilgan Farhod Abdumavlonov negadir mundialga olib ketilmadi. Har holda ko‘pni ko‘rgan va tajribali futzalchi edi. Albatta, u ham O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ishtirokini katta qiziqish bilan kuzatyapti. Sports.uz uchun bu boradagi bir qator fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Hozirgi faoliyati
- Hozirda “Paxtakor” klubi bilan shartnomam tugagan. Shuning uchun faoliyatimni boshqa klubda davom ettirishni istagan holda “Jizzax Xuaxin” jamoasi bilan shartnoma tuzdim. O‘zbekiston futzal chempionati boshlanishiga oz vaqt koldi. Ayni paytda bo‘lajak chempionatga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Gvatemalaga nega yutqazganimiz haqida
- Shaxsan menga yigitlarimizni o‘yindagi hatti-harakatlari yoqdi. Gvatemalaga qarshi uchrashuvda ancha hujum uyushtirishdi. Lekin jamoamiz kech uyg‘ondi. Bunday muhim bellashuvlarda o‘yinning boshidan “nastroy” qilib, tajovuzkor harakat qilmasa bo‘lmaydi. Ayniqsa, standart vaziyatlar futzalda katta ahamiyatga ega. Ko‘rganingizdek, oxirgi gol ham standart vaziyatdan keyin urildi. Omad bizdan yuz o‘girdi, deb o‘ylayman.

Darvozabon Rustam Umarov xatolarga yo‘l qo‘ydimi?
- Darvozabonimiz Rustam Umarov juda katta tajribaga ega. Bunday o‘yinlarda albatta Rustamni o‘ynatgan bo‘lardim. Kiritilgan gollarda esa himoyamizda pala-partishlik ro‘y berdi. Qolaversa, standart vaziyatlarda bunday zarbalar berishga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Lekin bu futzal bo‘lgani uchun o‘yinda bo‘shashmaslik kerak. Keyingi o‘yinlarda albatta Umarov yaxshi o‘yin o‘tkazadi, deb o‘ylayman va bunga ishonaman.

Abdumavlonov nega termaga chaqirilmadi?
- Terma jamoaga chaqirilgan har bir o‘yinchi o‘z o‘rniga ega futzalchilar. Terma jamoamiz yoshartirish davrida. Albatta, terma jamoadan taklif bo‘lsa, har doim tayyorman. Lekin kimni chaqirish bu murabbiylarning tanlovi.

Rossiyaga qarshi o‘yinda terma jamoamiz qanday yutishi mumkin?
- Rossiya terma jamoasi o‘tgan safargi jahon chempionatining finalchisi. Juda kuchli jamoa. O‘z tarkibida bir qator mahoratli va nomdor futzalchilari bor. Lekin bizni yigitlar ham o‘z xarakteriga ega va albatta bunday o‘yinlarda kim kam xato qilsa, o‘z maqsadiga yetadi. Bu o‘yinda yigitlarimizga kamroq xato va omad tilab qolaman.

Futzal bo‘yicha chempionatimiz saviyasi qanday?
- Bu sport turini yuksaltirish maqsadida birinchi navbatda futzalni yanada rivojlantirishimiz uchun futzal maktablarini ochishimiz kerak. Bunday maktablar esa bizda yo‘q. Bu esa chempionatimizning saviyasiga hamda yosh futzalchilar yetishmovchiligiga sabab bo‘lyapti. Chempionatimizga qarasak, bor-yo‘g‘i sanoqli klublar chempionlik vazifasini o‘z oldiga qo‘yadilar. Bu tabiiyki, achinarli. Aksariyat o‘yinchilar katta futbol o‘ynab keyin futzalga kirib kelishyapti. Futzalni ertaroq, yoshligidan o‘rgatib borsak bunday o‘yinchilar katta bo‘lgan sari o‘z yo‘lini tanlashi mumkin. Ana shunda futzal yoki futbolchi uchun munosib kadrlarni yetishtirib beruvchi maktabga aylanardi, deb o‘ylayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston Rossiyani qanday mag‘lub etadi? Bizdagi asosiy muammo va mundialdan nega chetda qolgani haqida futzalchimiz nima dedi?