08:00 / 24.09.2021
2 085

"Andijon" ustozi Van Deyk jamoasini yutgan yoxud Kumikovning faoliyatidagi uchta eng muhim o‘yin

"Andijon" ustozi Van Deyk jamoasini yutgan yoxud Kumikovning faoliyatidagi uchta eng muhim o‘yin
Superligada faoliyat ko‘rsatayotgan rossiyalik murabbiylardan biri Viktor Kumikov katta tajribaga ega. Uning shu paytgacha bosib o‘tgan yo‘lidan alohida kitob yozsa bo‘ladi. Futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yurganidek, uning faoliyatida ham yorqin g‘alabalar va achchiq mag‘lubiyatlar bir-birining o‘rnini to‘ldirib kelmoqda.

Kumikovning murabbiylik hayoti asosan uchta mamlakat – Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan bog‘liq. 1995 yilda “Avtozapchast” jamoasiga ustozlik qilish orqali murabbiy sifatidagi faoliyatini boshlagan. Keyin “Spartak-Nalchik”da ishladi. Shundan so‘ng, Balyutovichning Qozog‘istondagi hayoti boshlandi. Dastlab “Yesil” klubida ikki yil ishladi. So‘ngra, “Yelimay” hamda “Qaysar”jamoalarini boshqardi. Orada yana Rossiyada ishladi. 2006 yili “Megafon-Kavkaz”ga bosh murabbiylik qilgach, shu yili Muborakning “Mash’al” jamoasi Kumikovga taklif bilan chiqdi. Natija shu yildan yurtimizdagi faoliyati boshlandi.

“Mash’al”da yaxshi ishlaganini eslaymiz. Klubni O‘zbekiston Kubogi finaliga olib chiqdi. Keyinchalik uni “Nasaf”ga chaqirishdi. Shu tariqa, 2008-2010 yillar davomida u Qarshi jamoasini boshqardi. Chunki Kumikovni O‘zbekistonga olib kelgan Bahrom Davlatov o‘shanda “Mash’al”dan “Nasaf”ga ko‘chib o‘tgandi, menejer sifatida. Shu boisdan o‘zi yaxshi bilgan mutaxassisni ham “Nasaf”ga olib o‘tdi. Jamoa bilan ikki marta bronzaga ega chiqdi.

Kumikovni Qozog‘istondagi faoliyati orqali yaxshi eslab qolishgani tufayli rossiyalik mutaxassisni yana qo‘shni yurtga chaqirishdi. Natijada 2011 yili Qarag‘andaning “Shaxtyor” jamoasini qabul qilib oldi. Shundan boshlab Viktor Balyutovichning faoliyatida chinakam muvaffaqiyatli yillar kuzatildi. Dastlabki ikki mavsumidayoq Kumikov “Shaxtyor”ni chempionlik sari yetaklab keldi. 2013 yili Qozog‘iston Kubogini yutdi. Shu yili Superkubokni ham o‘ziniki qildi va yana ikki marta finalda o‘ynadi. Uch yil davomida Kumikov Qozog‘istonning eng yaxshi murabbiyi nomiga sazovor bo‘ldi. 2013 yili “Shaxtyor” bilan Yevropa Chempionlar ligasi saralashida qatnashdi. O‘shanda Kumikov jamoasi bilan dastlabki saralashda Belarusning BATE klubini uyda ham, safarda ham 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Keyingi bosqichda Albaniyaning “Skenderbeu” jamoasi “Shaxtyor”ga ro‘baro keldi. O‘z maydonida 3:0 hisobida yenggan Kumikov jamoasi safarda 3:2 hisobida yutqazdi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, oxirgi bosqichga yetib keldi. Bu yerda ularni Shotlandiyaning “Seltik” jamoasi kutib turardi. Qarag‘andada o‘tgan ilk uchrashuvda Kumikov shogirdlari 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ammo javob bahsida shotlandlar javobsiz uchta gol urib yakunda chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shanda “Seltik” tarkibida Virjil van Deyk, Yorgos Samaras kabi taniqli futbolchilar to‘p surishgan. Van Deyk “Seltik”dan keyin “Sautgempton”ga ko‘chib o‘tgan va u yerdan so‘ng “Liverpul” bilan shartnoma tuzgan.

“Shaxtyor” “Seltik”ka ikki o‘yin natijasiga ko‘ra yutqazgach, Yevropa Ligasida ishtirok etdi. Guruhda Niderlandiyaning “AZ Alkmaar”, Gretsiyaning PAOK va Isroilning “Makkabi” jamoalari bilan kuch sinashgan. “Shaxtyor”dagi muvaffaqiyatli mavsumlardan keyin Kumikov 2014 yilning dekabr oyida “Ordabasi” bilan shartnoma tuzdi. Bu klubda ikki mavsum ishladi. 2015 yilda Kumikov Qozog‘iston milliy terma jamoasida bosh murabbiy Yuriy Krasnojanga ham yordam berdi. Ko‘rib turibsizki, rossiyalik mutaxassisning Qozog‘istondagi faoliyati juda yorqin va sarguzashtlarga boy o‘tdi. Uning yurtimizga ikkinchi qaytishi 2016 yilga to‘g‘ri keldi.

O‘shanda u AGMK bosh murabbiyi sifatida ish boshlagandi. 2018 yilga kelib uni yana qozoq chempionatiga chorladilar. Bu safar “Atirau”da faoliyat ko‘rsatdi. O‘tgan yili esa “Andijon” unga taklif bilan chiqqanini bilasiz. O‘ylaymizki, undan keyingi voqealar rivojidan xabardorsiz. Shunday qilib, “Andijon” ustozining bugunga qadar murabbiylik faoliyatida bosib o‘tgan yo‘lidan oz bo‘lsa-da ma’lumotlarga egasiz. U ko‘p o‘yinlarni o‘tkazdi. Shuning uchun Viktor Balyutovichdan faoliyatidagi uchta eng muhim o‘yin haqida so‘radik. Tabiiyki, murabbiy bu savolga biroz o‘ylandi va keyin javob qaytardi.

1. Yevropa Chempionlar ligasi oxirgi saralash bosqichi. “Shaxtyor” – “Seltik” – 2:0
- Muhim uchta o‘yin bilan bog‘liq savolingizga kelsak, bularni birma-bir sanab yoki ajratib berishim juda qiyin bo‘ladi. Chunki biz chempionatda, Kubok doirasida xalqaro miqyosida bir-biridan qiziqarli va muhim o‘yinlarni o‘tkazganmiz.

Dastlabkisi bu “Shaxtyor”ning xalqaro maydondagi o‘yini. O‘shanda biz ilk bor Yevropa Ligasi musobaqasida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritgandik. “Seltik”ka qarshi kechgan bellashuv esa bu chempionlar ligasi doirasida bo‘lgandi.

2. Qozog‘iston chempionati. “Shaxtyor” – “Astana” – 2:0
- Ikkinchi o‘yin bu Qozog‘iston chempionati g‘olibi masalasini hal etgan bellashuv bo‘lgan. O‘shanda biz 2011 yili birinchilikning oxirgi turida “Astana” klubi ustidan g‘alaba qozonib, yakunda chempionga aylanganmiz.

3. Qozog‘iston Kubogi finali. “Shaxtyor” – “Taraz” – 1:0
- Uchinchi uchrashuvga kelsak, bu Qozog‘iston Kubogi finali edi. 2013 yili qozoq futbolining 100 yilligi ham nishonlanib, stadion muxlislar bilan liq to‘lgan va xorijdan ham mehmonlar kelishgandi. Xalqaro e’tirofni his qilish – bu har qanday kishini to‘lqinlantirib yuboradigan holatdir. Boz ustiga men o‘shanda murabbiylik faoliyatimdagi dastlabki Kubokni yutgandim.

Ha, Viktor Balyutovichning faoliyatidagi eng esda qolgan uchta o‘yini asosan “Shaxtyor” jamoasi bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi. Lekin uning “Andijon” bosh murabbiyi sifatida “Paxtakor”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham bergan o‘yini ham uning faoliyatidagi muhim uchrashuvlardan biri bo‘lib tarixga kirdi. Undan shu haqda so‘raganimizda, murabbiyning javobi shunday bo‘ldi:

- “Paxtakor”ga qarshi o‘yin “Andijon” uchun o‘ta muhim edi. Bundan tashqari, muhimlik jihatidan “Andijon” yana uchta uchrashuvda qatnashishi lozim bo‘lib, “Paxtakor”ga qarshi to‘qnashuv mana shulardan biri sanalardi. Klubning g‘alaba qozongani meni ham xursand qildi. Ruhiy jihatdan ham bu bellashuv “Andijon”ga o‘ta muhim sanalardi. Jiddiy raqib ustidan qozonilgan yutuqdan keyin “Andijon” klubi futbolchilarining ruhiyatida yaxshi o‘sish kuzatilganiga shubha yo‘q, - dedi Kumikov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Andijon" ustozi Van Deyk jamoasini yutgan yoxud Kumikovning faoliyatidagi uchta eng muhim o‘yin