10:12 / 01.10.2021
2 133

Yaxshiboyevga Rossiya grandlaridan taklif bo‘lishi kutilmoqda

Yaxshiboyevga Rossiya grandlaridan taklif bo‘lishi kutilmoqda
“Sherif” Yevropa Chempionlar ligasida shov-shuvli g‘alabalarni qo‘lga kiritgani sari bu jamoa o‘yinchilariga boshqa mamlakatlarning kuchli ligalari va qudratli klublari, turli murabbiy va agentlardan jiddiy qiziqish uyg‘ona boshladi.

Aslida Chempionlar ligasining eng zaif, eng arzon tarkibli jamoasi, deb e’tirof etilgan “Sherif” “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turniriga munosib emasligini ta’kilaganlar ham ko‘p bo‘ldi.

Chempionlar ligasining guruh bosqichida birinchi bor o‘ynayotgan Moldova chempionining ukrainalik murabbiy Yuriy Vernidub qo‘l ostida debyut uchrashuvida Donetskning “Shaxtyor” jamoasini yenggani tasodifga yo‘yildi.

Lekin asosan legioner futbolchilardan tarkib topgan jamoaning ikkinchi turda “Santyago Bernabeu”da “Real”ni yer tishlatib ketgani Chempionlar ligasi tarixidagi eng kutulmagan natija sifatida e’tirof etildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Madriddagi g‘alabadan keyin “Sherif” futbolchilariga e’tibor sezilarli darajada kuchaygan. Xususan, Moldovaning eng taniqli agentlaridan Leonid Istrati xalqaro arenada o‘zini ko‘rsatayotgan futbolchilarga xorijdan takliflar kela boshlaganini tasdiqladi.

- “Real” darvozasiga birinchi golni Jasur Yaxshiboyev urdi. U “Legiya”da o‘ynab keta olmagan edi. To‘g‘rirog‘i, uni nega o‘ynatishmaganini polshaliklardan so‘rash kerak. Balki undagi iste’dodni ko‘ra olishmagandir.

Ikkinchi golni urgan Sebastyan Till haqida ham shunday deyish mumkin. U “Sherif”ning asosiy yulduzi emas, lekin juda foydali o‘yinchi.

Men Rossiya klublarini juda yaxshi bilaman. Deyapli barcha jamoalarda futbolchilarim o‘ynagan. Aniq aytishim mumkinki, “Sherif”ning 4-5 futbolchisi Rossiyaning qiziqish bildirayotgan eng kuchli klublarida bemalol o‘ynab keta oladi.

Hozir hammani “Yevropa klublari “Sherif” futbolchilarini olib ketadimi?”, degan savol qiziqtirmoqda. Aniq aytishim mumkinki, men bu jarayon ichidaman. Qiziqishlar bor, ko‘p ko‘ng‘iroq bo‘lyapti va bu jarayonda qatnashayotganim bois, bularni yaxshi bilaman.

Shu bilan birga “Sherif”ning ishtahasi ochilib borayotganini unutmaslik kerak. Har bir uchrashuvdan so‘ng futbolchilarning narxi oshyapti va bu shunday davom etadi
, - deydi Leonid Istrati.

Ta’kidlash joizki, “Real” darvozasiga tarixiy golni kiritgan Jasur Yaxshiboyev Moldova chempioni safida ijarada to‘p tepmoqda. Aslida, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan iste’dodli futbolchimiz yil boshida “Legiya” bilan uch yillik shartnoma imzolagan edi.

Jasur Yaxshiboyevga Belarus chempionatida o‘ynab yurgan paytlari ham Rossiya va Ukraina jamoalaridan qiziqish bo‘lgani bor gap. Lekin 24 yoshli hujumchi Belarus chempionligini qo‘lga kiritganidan keyin Polsha variantini tanladi.

Afsuski, “Legiya” unga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermay keldi. U Polsha chempionatida atigi 11 daqiqa o‘ynadi va kubok uchrashuvida bir marta maydonga tushdi.

“Sherif” bosh murabbiyi Yuriy Vernidub Bularus chempionatida ishlagani va Jasur Yaxshiboyevning imkoniyatlarini yaxshi bilgani uchun Chempionlar ligasi guruh bosqichi oldidan “Sherif”ni kuchaytirish maqsadida o‘zbek futbolchisini o‘z jamoasiga taklif qildi.

Har holda, “Sherif”dagi faoliyati Jasur uchun ham, unga muxlislik qilayotgan o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun ham unutilmas onlarga boy bo‘lmoqda.

Bundan buyog‘iga Jasurning oldida tanlash imkoniyati ham bo‘ladi. U “Sherif”da uzoq vaqt qolmasligi haqiqatga yaqinroq. Hujumchi bilan shartnomaga ega “Legiya” endi Yaxshiboyevga imkon berishga tayyor bo‘lsa kerak. Yoki futbolchimiz nafaqat Rossiya premer-liga, balki undan ham kuchliroq chempionatga yo‘l olar. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaxshiboyevga Rossiya grandlaridan taklif bo‘lishi kutilmoqda