11:53 / 14.10.2021
2 435

"Terma jamoani yoshartirish kerak" yoxud Janubiy Koreyadagi legionerimizga uchta mamlakatdan taklif bor

"Terma jamoani yoshartirish kerak" yoxud Janubiy Koreyadagi legionerimizga uchta mamlakatdan taklif bor
Janubiy Koreyada “Chonnam Dragons” uchun to‘p surib kelayotgan hamyurtimiz Oleg Zoteyev jarohatidan forig‘ bo‘ldi va yana maydonga qaytdi. Kuni kecha Sports.uz muxbiri ushbu legionerimizdan intervyu oldi.

- Yana maydonga qaytganingizni eshitib xursand bo‘ldik. Jarohat olib safdan chiqqandingiz. Davolanish qanday kechdi? Hozir ahvolingiz yaxshimi?
- Jarohat olganimdan keyin ikki oycha maydon tashqarisida bo‘ldim. Davolanib safga qaytganimdan so‘ng, birinchi o‘yinda 10 daqiqa, keyingisida 30 daqiqa to‘p surdim. Endi esa beshta o‘yindirki, 90 daqiqadan o‘ynayapman. To‘g‘risini aytishim kerak, davolanish qiyinchilik bilan o‘tdi. Gipsda ham yurdim. Hozir oyog‘imda biroz og‘riq bor. Shifokorlar og‘riq qolishiga ozgina vaqt kerakligini aytishdi.

- Jarohatingizdan to‘liq forig‘ bo‘lmaganmidingiz? Og‘riq bilan o‘ynayotgan bo‘lsangiz, jarohat yana qaytalanib qolishidan cho‘chimayapsizmi?
- Yo‘q, aksincha, ko‘proq kutadigan bo‘lsam, oyog‘imda kuch qolmaydi. Og‘riq bilan o‘ynashim kerak, shundan keyin o‘tib ketadi. Beshta o‘yinda o‘ynagan bo‘lsam, 50 foizdan boshlagandim, hozirga kelib 90 foizga bordi, og‘riq qolishi. Buni qo‘rqinchlik joyi yo‘q, jarohatim deyarli bitdi, hammasi joyida.

- Klubingizdagi hayotingiz qanday o‘tyapti? Siz uchun barchasi ko‘ngildagidekmi?
- Klubda hammasi yaxshi, qoniqtiryapti. Kubokda yarim finalga chiqdik. Endi “Ulsan” bilan o‘ynaymiz. Chempionatda to‘rtinchi o‘rindamiz, yana bir ochko olsak pley-offda o‘ynaymiz. Elita uchun kurashyapmiz. Menimcha, hammasi yaxshi. Keyingi yili qolamanmi-qolmaymanmi, hali bilmadim, vaqt ko‘rsatadi. Barcha e’tiborimizni qolgan o‘yinlarga qaratyapman. Terma jamoadan Koreyaga qaytganimdan keyin ikki hafta karantinda o‘tirdim. Keyin maydonga qaytiboq 5-daqiqada jarohat oldim va almashtirildim. Ikki kundan keyin gips qilishdi. Shuning uchun endi xayolim boshqa tarafda edi. Qiyinchilik bilan o‘tgani uchun ko‘pincha tezroq tuzalish haqida o‘yladim. Safga qaytishim qiyin bo‘ldi. Oilam men bilan birga bo‘lgani uchun ular menga yordam berdi.

- Milliy terma jamoamizdagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin Koreyaga qaytdingiz. Ayting-chi, o‘sha yoqimsiz uchrashuvlarni unutish uchun qancha vaqt ketdi?
- Mana shunday narsalarni xayoldan chiqarish qiyin. Baribir har kuni o‘ylaysiz, nima bo‘lgan, nima uchun deb tahlil qilib o‘tirasiz. Nima bo‘lsa ham alamli mag‘lubiyatlar yodda qoladi. Baribir oldinga qadam bosish kerak. Hayot davom etyapti.

- Yangi bosh murabbiy Srechko Katanes xususida fikringizni bilmoqchiman. Terma jamoa tarkibi yoshartirilyapti...
- Hozir bir narsa deyish qiyin. Men hali jamoamizning o‘yinlarini ko‘rganim yo‘q. Noyabrda uyga qaytib, bir-ikkita o‘yinini ko‘rsam, keyin fikr bildirishim mumkin. Yigitlar bilan gaplashib turaman. Chetdan murabbiy kelgani yoshlarimiz uchun juda yaxshi. Chunki ular futbolchilarimizni yevropacha o‘yin uslubiga o‘rgatishadi.

- Terma jamoamizning jahon chempionati uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmagani Janubiy Koreyada qanday qabul qilindi? Masalan, klubingizdagilarning munosabati qanaqa bo‘ldi?
- To‘g‘risini aytsam, mening jamoam qiziqmadi ham. Faqat shunchaki so‘radi, yutqazibsizlar deb. Endi doim klub ixtiyorida bo‘lishimni aytishdi va bundan mamnun ekanliklarini ham bildirishdi. Umuman olganda esa ular jiddiy qiziqishmadi. Chunki hammani o‘z tashvishi bor. Men ham Koreyada yurib ingliz tilini o‘rgandim. Anchadan beri o‘zbek tilida gaplashmagandim (kuladi).

- Demak, jamoadoshlaringiz bilan ingliz tilida gaplashyapsizmi yoki koreys tilini ham o‘rgandingizmi?
- Jamoamizdagi braziliyalik va nigeriyalik o‘yinchilar bilan ingliz tilida gaplashaman. Koreyslar bilan tarjimon orqali. Ha, ular ham inglizchani biroz bilishadi. O‘zim ham koreyschani ozgina tushunaman. Ammo ko‘p emas, salom-alik va futboldagi terminlar. Asosan inglizchada gaplashaman.

- Janubiy Koreya chempionatini yaxshi bilasiz. Biz ulardan nimani o‘rganishimiz kerak?
- 100 foiz bilamanki, jismoniy tarafdan yutqazyapmiz. O‘ylaymanki, shunga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Yana bir tomoni bor, Koreya chempionatida o‘ylashga vaqt bermaydi. O‘zbekistonda esa o‘ylash uchun ko‘proq vaqt beriladi. Misol uchun, Koreyada shundayki, to‘pni qabul qilganingizdan keyin maksimum bir-ikki soniyadayoq uzatishingiz kerak. O‘zbekistonda esa 4-5 soniya ketadi.

- “Chonnam Dragons” bilan kelishuv qanday? Mavsum tugagach, yana yangi hamkorlik o‘rnatiladimi yoki qaytmoqchimisiz?
- Bu savolga hozir javob bera olmayman. Oldimizda to‘rtta muhim o‘yinlarimiz turibdi. Klub rahbarlari ham, murabbiylar ham shunga jiddiy e’tibor qaratishgan. Menimcha, yaqin bir oy ichida hamma narsa hal bo‘ladi. To‘g‘risi, hali keyinchalik nima bo‘lishini o‘ylamaganman. Hozircha bu yerda qolish yoki qolmasligim 60x40. Koreyada qolishim 60 foiz. 40 foiz balki boshqa mamlakatga ketarman. O‘zbekistonga qaytamanmi? Menimcha, bu 25 foiz. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.

- Sizga yana yaxshi takliflar bo‘lyapti ekan. Qaysi mamlakatlardan chaqiruv oldingiz?
- Hozirdanoq bu xususida gapirsam noto‘g‘ri bo‘ladi. 100 foiz menga tayyor shartnoma jo‘natishsa, shunda gapirishim mumkin. Ha, qiziqishlar bor, hozircha kutamiz. Bir oy ichida qo‘limga aniq shartnoma kelib tushsa, sizga aytaman. Faqat sizga hozir shuni ayta olamanki, menga uchta mamlakatdan taklif bor. Ammo qaysi biri o‘xshaydi, hali bilmayman. Bu masala ustida oilam bilan maslahatlashishim kerak. Ikkita kichkina farzandlarim bor. Dunyoda qanday vaziyat bo‘layotganini bilyapsiz. Ammo boshqalar jiddiy qiziqyapti, bu masalada agentlarim ishlashyapti.

- Bundan chiqdi, keyingi mavsumlarda ham o‘zingizni yana legioner sifatida ko‘ryapsizmi? Kuchingiz yetadimi?
- Xudo xohlasa, jismoniy tomondan yana bir-ikki yil chetda o‘ynay olsam kerak. Jarohat olmasam hammasi yaxshi bo‘ladi. Koreyada ham jarohat bo‘lmasa hamma o‘yinlarni to‘liq o‘tkazyapman.

- Sizni yana legioner sifatida ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz. Lekin milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunladim, deb ayta olasizmi yoki yana qaytishga umid qilyapsizmi?
- Bu savolga javob berish juda qiyin. Balki meni endi terma jamoaga boshqa chaqirmaslar, bu hayot. Yoki bo‘lmasa, keyingi yili yanada yaxshiroq chempionatda o‘ynab, jismoniy holatim ham joyida bo‘lsa, chaqirishlari mumkin. Mening fikrimcha, terma jamoani yoshartirish kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Terma jamoani yoshartirish kerak" yoxud Janubiy Koreyadagi legionerimizga uchta mamlakatdan taklif bor