23:37 / 20.10.2021
878

Ro‘ziqul Berdiyev: "Asosiy maqsadimizga erishdik, xatolarga esa o‘zimiz sababchimiz"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Asosiy maqsadimizga erishdik, xatolarga esa o‘zimiz sababchimiz"
OFK kubogi yarim finalidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Li Man" (3:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etdi.

- Bugun oldimizga qo‘ygan asosiy vazifani bajardik, finalga yo‘l oldik. O‘yinda qiyinchiliklar bo‘ldi. Bunga o‘zimiz ham sababchi hisoblanamiz. Oson o‘yin bo‘lmasligini bilardik. Ikkinchi bo‘limda xatolarimiz evaziga raqibni o‘yinga qaytardik hamda tajribali jamoa uchrashuv so‘ngigacha bizga qiyinchilik tug‘dirdi. O‘yin asabiy ruhda o‘tdi, biroq asosiy maqsadimizga erishdik. Final bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman.

- Bugungi bahsni shunday o‘tishini tasavvur qilganmidingiz? Sizda har doim bir nechta variant bo‘ladi, lekin aynan mana shu o‘yinni qanday kechishini sezganmidingiz?
- Albatta, yigitlarga bu haqda aytgandik, ya’ni raqibning qanday o‘yin namoyish etishi o‘zimizga bog‘liq. Chunki birinchi bo‘limda yaxshi pressing uyushtirdik, raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmayotgan edik. Ikkinchi bo‘limdagi xatolarimiz esa raqibni o‘yinga qaytara oldi. Shu bois, guvohi bo‘lganingizdek, raqibga qay darajada imkoniyat berilsa, ular o‘zlarini ko‘rsata oladi. Kaluderovich haqida ko‘p savol berilardi. Birinchi bor mayli, u to‘purar bo‘lmasa ham kerakli golni kiritsa bo‘lgani deya ta’kidlagandim. Bugungi asosiy o‘yinda undan judayam xursand bo‘ldik. Raqib jiddiy jamoa ekanligini bilardik. Bu raqibning kuchsiz, saviyasizligi to‘g‘risida fikr bildirilganda, ishonmagandim. Sababi bu jamoada mahalliylashtirilgan legionerlar mavjud, ular bu imkoniyatdan haddan ortiq foydalanishgan. Shu bois, ularga bu tajriba ancha asqotmoqda. Bugungi o‘yinda barchamiz raqibning jiddiy ekanligini guvohi bo‘ldik. Bosqichma-bosqich raqiblar ham jiddiy bo‘lib boraveradi. Finaldagi raqibimiz bundan-da kuchliroq bo‘ladi.

- Husniddin Aliqulov maydonni tark etgach, uning o‘rniga G‘aybullayev maydonga tushirildi va shundan so‘ng "Nasaf" ikkita gol o‘tkazib yubordi. Buning sababi himoyachilar o‘rtasida saviya darajasidagi farqdanmi yoki klub birinchi bo‘limda g‘alabani naqd qildi deb hisobladimi?
- Husniddin jiddiy jarohat oldi. Aytilishicha, uni operatsiya qilish talab etilarkan. Birinchi to‘pni o‘tkazib yuborganimizda G‘aybullayev maydonga tushmagandi, shunchaki, ikkinchi taym boshida raqibga imkoniyatni berib qo‘ydik. O‘zgarish esa majburiy bo‘ldi. O‘ylashimcha, bu o‘zgarish o‘yin rejasiga hech qanday ta’sir o‘tkazmadi, faqatgina individul xatolarimiz tufayli jazolandik. Hech bir o‘yinchini qaysidir vaziyatda xato qildi deb ayta olmayman. G‘aybullayev ham, Aliqulov ham muhim o‘yinchilarimizdan hisoblanadi. Boshqa rejalarimiz ham bor edi. Agar hisob 2:0 ko‘rinishida saqlanib qolganda, boshqa sxemada o‘ynashimiz mumkin edi. Futbolchi almashtirishga esa majbur bo‘ldik. G‘aybullayev o‘yinni kuchsizlantirmadi, uning jamoa uchun ancha foydasi tegdi.

- Aliqulov operatsiya qilinadigan bo‘lsa, u ancha muddatga safdan chiqqan...
- Hozircha uning qancha muddatga safdan chiqqaninini aniq ayta olmaymiz, lekin Aliqulovning suyagi singanligini hamda uni operatsiya qilish kerakligini ma’lum qilishdi. Bu biz uchun jiddiy yo‘qotish, chunki u endigina yuksalib borayotgandi. Bizda yana markaziy himoyachilar bor. O‘ylaymanki, biz boshqa yo‘qotishlarga duch kelmaymiz.

- Qanot himoyachilarining o‘yinini qanday baholaysiz? Jamoa hujum uyushtirganda, ular tomonidan deyarli qo‘llab-quvvatlash bo‘lmadi, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda...
- Nasrullayev hamda Saitov hujumlarda yaxshi ishtirok etishadi, biroq raqib o‘yinimizni o‘rganganini guvohi bo‘ldingiz. Masalan, to‘p Bozorovda payti raqibning uch himoyachisi Nasrullayevning yo‘lini to‘sishyapti. Shuning uchun biz Stanoyevich va Abdurahimovdan markazdan ko‘proq hujum tashkillashtirni talab qildik, lekin qaysidir vaziyatda Stanoyevichning zarbasi ko‘ngildagidek chiqmadi. raqib bizning kuchli nuqtalarimizni yopishga harakat qildi. Shuningdek, Nasrullayev kichik jarohati tufayli bugun o‘zini ko‘rsata olmadi.

- Yarim finalning ikkinchi juftligini kuzatasizmi? Tanlov imkoniyati bo‘lganda, qaysi jamoani raqib sifatida tanlardingiz?
- Bu jamoalarning o‘yinini hali ko‘rganimiz yo‘q. Biz "Kuvayt SK" haqida ko‘proq o‘yladik, chunki ulardagi seleksiya ishlarini ko‘rdik. Ularda 7-8 ta legioner futbolchi bor. Ushbu uchrashuvni ham ko‘rib chiqamiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Asosiy maqsadimizga erishdik, xatolarga esa o‘zimiz sababchimiz"