3 921
Faqat Eldor mardlik qildi. “Budyo-Glimt” futbolchilari nega Shomurodovdan hayratga tushdi?
UYEFA Konferensiyalar ligasi guruh bosqichida “Roma”ni 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Norvegiyaning “Budyo-Glimt” jamoasining rossiyalik darvozaboni Nikita Xaykin uchrashuvdan olgan taassurotlari haqida gapirar ekan, Eldor Shomurodovning o‘zini tutishi ularni hayratga solganini alohida ta’kidladi.
Aytish joizki, bu uchrashuv norvegiyaliklar uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘tgan yili ilk marotaba Norvegiya chempionligini qo‘lga kiritgani uchun UYEFA tasnifidagi musobaqada birinchi bor qatnashayotgan ushbu jamoa o‘zgacha ishtiyoq bilan to‘p surmoqda.
O‘yin oldidan hamma “Roma”ning g‘alabasini kutgan edi. Rimlik futbolchilarning o‘zi ham, bosh murabbiy Joze Mourino ham o‘z kuchiga ishongani tabiiy. Yo‘qsa, portugaliyalik mutaxassis o‘yinda zaxira futbolchilarini ilk daqiqalardan o‘ynatmas edi va uchrashuvga jiddiyroq e’tibor qaratardi.
Futboldan ko‘ra qishki sport turlari ancha ommalash mamlakat vakilini qudratli “Roma”ni parchalab tashlashi bir qarashda aqlga sig‘maydigan holat. Joze Mourino uzoq yillardan beri murabbiylik qilayotgan bo‘lsa, u boshqargan birorta jamoa shu kungacha oltita to‘p o‘tkazmagandi. Bu mag‘lubiyat Mourino va “Roma” reputatsiyasiga jiddiy zarba bo‘ldi.
Jamoani qo‘llash uchun Norvegiyagacha kelgan sadoqatli muxlislar bilan ham munosabat buzildi. Ular bu muvaffaqiyatsizlikni hazm qila olmadi va futbolchilarning uzrini qabul qilmadi.
Shu bois, “Roma” futbolchilari qaqshatqich mag‘lubiyatni juda og‘ir qabul qildi. Kayfiyat yo‘q, hammasi g‘azabda, alamzada. Mezbonlar esa, atigi 45 ming aholisi bor Budyo shaharchasiga kelgan birinchi mashhur klub vakillaridan esdalik olish ilinjida. Biroq, mehmonlar shu kuni g‘olib tomon bilan futbolka almashtirmadi.
Faqatgina Eldor Shomurodov mag‘lubiyatni tan olish ham mardlik ekanini namoyish qildi.
- Eldor Shomurodovga alohida rahmat aytamiz. O‘yindan keyin o‘zini juda munosib va hurmatga loyiq tutdi. Yigitlarimiz “Roma”ning ko‘p futbolchilari bilan futbolka almashtirishni istagan edi. Lekin bunaqa natijadan keyin ularni bunga ko‘ndirishning imkoni bo‘lmadi. Men Eldorning oldiga kelib, u bilan gaplashdim va u futbolchilarimizga bir nechta futbolka olib chiqib berdi, - deydi Nikita Xaykin.
Darhaqiqat, Shomurodov bilan ishlagan murabbiylar, futbolchilar, mutaxassis, hamyurtimiz bilan muloqotda bo‘lgan jurnalistlar uning professional jihatlaridan tashqari, insoniylik fazilatlari, odob-axloqi, xulqi, o‘zini tutishi, mehnatkashligi, kamtarinligini ham alohida e’tirof etishadi.
Raqib darvozabonining gaplaridan Shomurodov Norvegiyadagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng ham o‘zining eng yaxshi taraflarini ko‘rsata olgani ahamiyatlidir. Bu xalqimizga xos tarbiya mahsulidir.
Norvegiyaliklar bu uchrashuvni uzoq vaqt eslab yuradi. Biroq, futbol o‘z yo‘liga. “Budyo-Glimt” futbolchilari esa o‘zbek yigitining murakkab vaziyatda bo‘lishiga qaramay, o‘zlariga qilgan do‘stona munosabatini hech qachon unutmaydi. Eldor o‘z xatti-harakatlari orqali o‘zbek xalqining bag‘rikenligini namoyish qildi va norvegiyaliklarning e’tibori, e’tirofi va ehtiromini qozondi.
Omadingni bersin, Shoma! “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi