O‘tgan yili Rossiya futbolida kutilmagan holat yuz berdi. Mamlakat premer-ligasida o‘ynayotgan uch futbolchi kuchli beshlik chempionatlariga kiruvchi A Seriya klublaridan taklif oldi va bu transferlar amalga oshdi.
Qizig‘i shundaki, bepoyon o‘lkadan Yevropaga qadam bosgan aksariyat futbolchilarning faoliyati o‘zlari istagancha kechmagan. Buning oqibati o‘laroq, keyingi yillarda kuchli beshlik chempionatlari vakillari Rossiya chempionatidan umuman futbolchi olmay qo‘ygandi. Shuning uchun Aleksey Miranchuk, Eldor Shomurodov va Aleksandr Kokorinning Italiya klublariga o‘tgani “ko‘hna qit’a”da ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Aleksey Miranchuk
“Lokomotiv” yetakchisi bo‘lgan Aleksey Miranchuk Rossiya terma jamoasining ham eng kuchli o‘yinchilaridan biri sifatida tan olingan. Uni taklif qilgan “Atalanta” buyuk tarixga ega bo‘lmasa ham, keyingi yillarda muntazam Yevropa Chempionlar ligasida o‘ynayapti.
14,5 million yevroga xarid qilingan Miranchuk “Atalanta” bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini qo‘llayotgan taktikalarga to‘liq moslasha olmadi. Hujumkor futbolchining o‘yini bugungi kunda murabbiylar shtabini qoniqtirmayapti. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bergamoliklar qishda Miranchukni transfer qo‘yadi.
Bunga asosiy sabab “Atalanta” rahbariyati tezroq “Sassuolo” yarim himoyachisi Jeremi Bogani olmoqchi. Ivuarlik o‘yinchi transferini amalga oshirishi uchun bergamoliklar Yevropa Ittifoqi pasportiga ega bo‘lmagan futbolchilardan birini sotib yuborishi kerak bo‘ladi. A Seriya reglamentida Yevropa Ittifoqi hududidan tashqaridagi mamlakatlardan kelgan legionerlar uchun limit qo‘llaniladi.
Joriy mavsumda chempionatda to‘rtta uchrashuvda qatnashib, o‘zini ko‘rsatolmagan Miranchuk ketish uchun asosiy nomzod. 26 yoshli yarim himoyachiga asosan Rossiya klublaridan qiziqish bo‘lyapti.
Aleksey Kokorin
Aslida bir paytlar yulduz darajasiga ko‘tarilgan hujumchining “ketmoni” Rossiya premer-ligasida ham uchmay qolgan edi. Lekin omadni qarangki, avvaliga “Spartak” uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Moskvaliklar safida ham yorqin o‘yin ko‘rsatolmagan Kokorinning boshiga yanada kattaroq omad qushi qo‘ndi. Aleksandrga kutilmaganda “Fiorentina” xaridor bo‘ldi va bu transfer 4,5 million yevro evaziga amalga oshdi.
O‘sha paytdayoq ko‘pchilik florensiyaliklar katta xatoga yo‘l qo‘ygani haqida bong urgan edi. Amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Futbolchining tanballigi unga band berdi. Kokoringa mashhur hujumchi Samuel Eto’O eng to‘g‘ri “tashxis”ni qo‘ydi.
- Kokorin juda iste’dodli va ulkan salohiyatga ega futbolchi edi. U maydonda hamma narsani oson bajarardi. Lekin sportda bor kuching va ishtiyoqing bilan mashq qilmasang, vaqti bilan bor iqtidoringdan ayrilasan. Kokorinda xuddi shunday bo‘ldi. Uning boshi boshqa narsalar bilan band edi, - deydi Samuel Eto’O.
Kokorin debyut mavsumida umumiy hisobda to‘rt marta zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, jami 41 daqiqa “ter to‘kdi”. Mayli, A Seriyaga kelganidan keyingi yarim mavsumni moslashish davri, deb hisoblaylik. Biroq, Kokorin joriy chempionatda ham hech narsani uddalay olgani yo‘q. A Seriyada uch marta maydonga tushib, o‘ynagan vaqti yarim soatni ham tashkil qilmaydi. Qolaversa, rus hujumchisi 1,8 million yevro miqdorida maosh olayotgan florensiyalik muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“Fiorentina” assoyi hujumchisi Dushan Vlaxovichni ushlab qola olmaydi. Unga katta klublar og‘iz solyapti. Shu bois, jamoaga yangi hujumchi kerak. Kokorin esa qishda jamoani tark etishi kutilyapti. Unga Rossiya chempionati va arab mamlakatlaridan qiziqish bor.
Eldor Shomurodov
“Rostov”da yulduzli onlarini o‘tkazgan hujumchimizning vaziyati Aleksey Miranchuk va Aleksandr Kokorinnikidan tubdan farq qiladi. Chunki, hamyurtimiz o‘tgan yili yozda nisbatan kuchsiz klub – “Jenoa”ga o‘tgan bo‘lsa-da, o‘z salohiyatini namoyon eta oldi.
A Seriyada sakkizta gol urib, bitta golli pas oshirgan Eldor mavsum oxiriga kelib, jiddiy klublar – “Yuventus”, “Milan” va “Roma” e’tiborini o‘ziga tortdi. Rimliklarni qabul qilib olgan Joze Mourino o‘zbek hujumchisini shaxsan o‘z jamoasiga jalb qildi.
Boshida Shomurodov “Roma”ning asosiy hujumchisi edi. Temmi Abraxam kelishi bilan zaxiraga o‘tirib qoldi. Ayni paytda Eldor mavsum boshidagi natijalarni qayd etolmayapti. Rim klubida Konferensiyalar ligasida atigi bitta to‘p kiritgan legionerimiz A Seriyada golsiz seriya to‘riga ilinib qoldi.
Lekin bu “Roma” va Mourinoning Eldorga bo‘lgan ishonchi so‘nganini anglatmaydi. Aksincha, ular Shomurodov kuchli raqobatni yengadigan darajadagi hujumchiga aylanishini kutyapti. Bundan buyon Eldorga hech oson bo‘lmaydi. Chunki Mourino tarkibni yanada kuchaytirish yo‘lidan bormoqda. Tabiiyki, Joze chaqirayotgan futbolchilar orasida Temmi Abraxamdan ham kuchli hujumchilar bor. Demak, Shomurodov raqobatga ko‘nikishi va g‘olib chiqishni o‘rganishi kerak.
Qolaversa, Miranchuk va Kokorindan farqli raqishda Shomurodovda ortga yo‘l yo‘q. Bizni quvontiradigani, hujumchimizga kuchli beshlik chempionatlaridan qiziqish bor. Hozirdan, “Sevilya” Shomurodovni Ispaniya chempionatiga olib ketmoqchi. Borgan sari takliflar va yangi variantlar ko‘payib boraveradi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi