00:05 / 24.11.2021
2 397

"Paxtakor" futbolchisi takliflarni agenti bilan ko‘rib chiqadi. Ungacha esa...

"Paxtakor" futbolchisi takliflarni agenti bilan ko‘rib chiqadi. Ungacha esa...
“Paxtakor” klubi ertaga O‘zbekiston Kubogi yarim finalida “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushadi. Chempionlikni rasmiylashtirib qo‘ygan “Sherlar”ning galdagi vazifasi aniq: Kubokni o‘ziniki qilib olish. Ammo buning uchun o‘zi ham Kubokni xohlayotgan “Bunyodkor” to‘sig‘idan o‘tishi lozim.

“Paxtakor” chempionatning 25-turida “Lokomotiv”ni 3:0 hisobida taslim qilganidan keyin Xyuistra jamoasi yuqori kayfiyatda Kubok yarim finaliga tayyorlanyapti. “Loko”ga qarshi bahsda Xojimat Erkinov uchta gol urib, o‘yin qahramoniga aylanganini bilasiz. Avvalo iqtidorli o‘yinchi o‘sha uchrashuvni eslab o‘tdi.

O‘yin qiyin kechdi. Chunki bu Toshkent derbisi edi. Nafaqat Toshkentning, balki O‘zbekistonning kuchli jamoalari maydonda to‘qnash kelishdi. Garchi uchrashuv og‘ir o‘tgan bo‘lsa-da, o‘z ishimizga professional darajada yondashib, bor e’tiborimizni o‘yinga qaratdik va g‘alaba qozondik”.

To‘g‘risini aytish kerak, o‘sha uchrashuvda Erkinovning xet-trikka erishishini hech kim kutmagandi, hatto uning o‘zi ham. Lekin Xojimat bir o‘yinda uchta gol ura olishini hammaga ko‘rsatib qo‘ydi. Bu xususida uning munosabati quyidagicha bo‘ldi:

Ha, bu faoliyatimdagi birinchi xet-trik bo‘ldi. Albatta, gol urib jamoamga yordam berishni xohladim. Ammo “Lokomotiv” jamoasining darvozasiga uchta gol uraman deb o‘ylamagandim. Lekin gol urishni juda istagandim. Mana, uchta gol urish nasib qilgan ekan...”.

Xojimat Erkinovning kelajagi porloq bo‘lishiga ishonayotganlar ko‘p. Negaki, futbolchida ham katta ishtiyoq borligi ko‘rinyapti. “Paxtakor”da esa o‘z o‘rniga ega. Shu bois bunday iqtidor egasiga kelib tushayotgan takliflar bisyor bo‘lishi ham tabiiy holat. Qolaversa, futbolchi kelasi yilni qayerda o‘tkazadi? “Paxtakor”da qolmoqchimi yoki ketmoqchimi? Bu ham qiziq. Erkinovdan shu xususida so‘raganimizda shunday dedi:

- Keyingi yil borasida hali o‘ylayotganim yo‘q. Takliflar bo‘yicha ham agentim bilan maslahatlashib ish ko‘ramiz. Hozirgi e’tiborim Kubok o‘yiniga qaratilgan. Avval Kubokni qo‘lga kiritib olaylik, undan keyin yangi mavsum haqida o‘ylaymiz. Hozir esa bu yilgi qolgan o‘yinlar to‘g‘risida bosh qotiryapmiz.

Xojimat to‘g‘ri gapirdi. “Paxtakor”ni oldinda muhim o‘yin kutyapti va u bor e’tiborini bo‘lajak uchrashuvga qaratgan. Shunga qaramay, bu o‘yinchiga qiziqishlar yetarlicha. Endi hammasi ma’lum, ya’ni futbolchi ayni chog‘da keyingi taqdiri haqida o‘ylayotgani yo‘q. U “Paxtakor”ning Kubokni yutishiga hissasini qo‘shmoqchi. “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvda ko‘rsatgan qahramonligi tufayli Xojimat Kubok yarim finalida ham yana o‘zini ko‘rsatish niyatida.

- Albatta, “Lokomotiv”ga qarshi o‘yindagi natija ham yaxshi ma’noda ta’sir qiladi. Chunki jamoaning kayfiyati ko‘tariladi. G‘alabadan keyingi mashg‘ulotlar ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tadi. Kubok yarim finaliga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Biz o‘sha kuni bor kuchimizni beramiz va finalga chiqishni niyat qilyapmiz, - dedi Erkinov.

Darvoqe, jarohatidan forig‘ bo‘lganidan keyin uni yana milliy terma jamoaga chaqirishyapti. O‘tgan safargi yig‘in va o‘rtoqlik uchrashuvida ham bevosita ishtirok etdi. Bosh murabbiy Srechko Katanes “Paxtakor”ning ushbu vakiliga ham ishonch ko‘zi bilan qarayapti.

- Katanetsning menga ishonch bildirayotganidan xursandman. Men bundan foydalanib, ishonchini oqlashga harakat qilaman. O‘rganish yaxshi kechyapti. Hammasiga vaqt kerak. Murabbiyning taktikasini va boshqa jihatlarini asta-sekin tushunib boryapmiz. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor" futbolchisi takliflarni agenti bilan ko‘rib chiqadi. Ungacha esa...