Yangi tashkil etilgan “Olimpik” klubi shu yil boshida pro liga musobaqasiga qo‘yilgandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Parijda o‘tkaziladigan Olimpiada musobaqasiga tarkibni hozirdan shakllantirib borish ilinjida “Olimpik” klubiga asos solindi.
Uning bosh murabbiyi etib yoshlar terma jamoamiz ustozi Timur Kapadze tayinlangani ham bejiz emas. Klub safida asosan terma jamoaga nomzod futbolchilar to‘p surishadi. Buni qarangki, “Olimpik” pro ligadagi debyut mavsumidayoq Superliga “chipta”sini qo‘lga kiritib qo‘ya qoldi. Ular pley-offda Superliga vakili “Mash’al”ni 3:1 hisobida dog‘da qoldirgan holda kuchlilar safining yangi a’zosiga aylandi.
Timur Kapadzening esa o‘zimizni qiziqtirgan ayrim muhim masalalar bo‘yicha fikri biz uchun muhim edi. Shu maqsadda Sports.uz muxbiri “Olimpik” bosh murabbiyi bilan aloqaga chiqdi. Avvalo murabbiyni “Olimpik” bilan Superligaga chiqqani uchun muborakbod etdik va tabiiyki, Kapadze dastlab elitagacha bosib o‘tgan yo‘l xususida to‘xtaldi.
- Tabrik uchun rahmat. Albatta, xursandmiz. Bir yil davomida ancha ish bajardik, harakat qildik. Oxir-oqibat mehnatlarimiz besamar bo‘lmaganidan mamnunmiz. Chunki yoshlar bilan ishlashda o‘ziga yarasha katta hajmdagi ishni olib borish talab qilinardi. Ularni o‘sish payti. Har bir yo‘nalish bo‘yicha yigitlar bilan ish olib bordik. Ko‘rganingizdek, futbolchilarimiz yaxshigina o‘sishga erishdi. Jismonan, texnik-taktik jihatdan, individual tomondan, umuman har taraflama ularni kuchaytirishga harakat qildik. Oxirgi o‘yinimiz bilan nuqtani qo‘ydik.
Yil boshida maqsadimiz Superligaga chiqish edi. Aniq maqsad bo‘lmasa, o‘sish ham unchalik bo‘lmasdi. Ana shu vazifamiz sari intildik, harakat qildik va ishladik. To‘g‘ri, sizni fikringizda ham jon bordir, lekin, baribir bir yil ichida ancha ish qilindi. Muhimi, biz to‘g‘ri yo‘ldaligimizni ko‘rsatdik. Albatta, bizning asosiy maqsadimiz Olimpiadada yurtimizga oltin medal olib kelish. Bu yo‘lda pro ligadagi tayyorgarligimiz va endi Superligaga chiqqanimiz, Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari, Olimpiadada qatnashib, u yerdan oltin medal bilan qaytish uchun biz bosiqma-bosqich vazifalarni bajarib kelyapmiz.
Ko‘rayotganingizdek, asosiy maqsadimiz yo‘lida kichikroq vazifalarimizni bajarib kelyapmiz. Bu yo‘lda ishlashda davom etamiz. Superligaga chiqqanimiz esa yanada foydali bo‘ladi. Yigitlar kuchliroq raqiblarga qarshi o‘ynashadi. Superligaga chiqqanimiz nafaqat syurpriz, balki shunga qarab harakat qilib kelgandik. Mehnatimiz va harakatimiz bilan Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Kelasi yili ishimiz yanada ko‘p bo‘ladi. Superliga o‘yinlaridan tashqari, terma jamoamiz bilan Osiyo chempionatida qatnashamiz. O‘ylaymanki, kelasi yili biz yanada katta tajriba to‘playmiz. Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yorug‘ yuz bilan uddalab, muxlislarning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
“Olimpik” tarkib jihatidan juda yosh. U yerdagi futbolchilarni hali ko‘pchilik bilmaydi va tanimaydi. Lekin Kapadze mana shunday iste’dodli yoshlar bilan natija ko‘rsata olishini ham isbotlayapti. Superliga esa endi bu boshqa daraja. Bizni qiziqtirayotgani shundaki, Timur Kapadze u yerda ham asosan hozirgi yosh tarkibi bilan ishtirok etadimi yoki jamoaga tajribaliroq futbolchilarni ham jalb qiladimi? Bosh murabbiyga mazkur savol bilan murojaat qilganimizda javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Superligada jamoamizga yoshi katta tajribali o‘yinchilarni qo‘shmaymiz. Bizga buni keragi yo‘q. Yoshlarimizni o‘ynatishimiz va o‘stirishimiz kerak. Chunki qo‘l ostimizdagi yigitlarni kuchli qilishimiz lozim. Menimcha, bu o‘yinchilarimiz bilan Superligada o‘zimizga kerakli natijalarni qo‘lga kirita olamiz, bunga ishonaman. Albatta, tarkibga yana yosh iqtidorli yigitlarni jalb qilamiz. Superligadagi o‘yinlar orqali tajriba yig‘amiz va yanada kuchli bo‘lamiz.
U “Olimpik”dan tashqari yoshlar terma jamoamizga ham ustozlik qilyapti. Tabiiyki, Kapadze bir vaqtning o‘zida ikkita jamoa bosh murabbiyi! Ammo O‘FA rahbariyati tomonidan shunday deyilgandiki, terma jamoa bosh murabbiyi klubda ishlamasligi va bor e’tiborini faqat termaga qaratishi kerakligi aytilgandi. Xo‘sh, bu masala bo‘yicha Timur Kapadze qanday yo‘l tutmoqchi?
- Men boshqa klubda ishlamayapman. To‘g‘ri, terma jamoa bosh murabbiyiman. Ammo “Olimpik” begona klub emas. Aynan terma jamoa uchun iqtidorli o‘yinchilarni “Olimpik”da tayyorlayapmiz. Termada ham, klubda ham bitta ish qilayotganimizga aminman. Ikkala jamoalar men uchun bitta. O‘ylaymanki, bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bu meni yoki birovni emas, hammamizni jamoamiz. Yoshlarimizni qancha yaxshi darajada tayyorlay olsak, bundan faqat yoshlarimiz yutadi. To‘g‘ri, reglament bor va bunga amal qilamiz. Meni asosiy vazifam “Olimpik”ni tayyorlash, terma jamoa yig‘ilganida klubdagi o‘yinchilarni hamda boshqa futbolchilarni chaqirib, birga ishlash va yaxshi jamoani shakllantirish. “Olimpik” bilan ham bitta vazifa yo‘lidamiz. Terma jamoa FIFA kunlarida yig‘iladi. Hech qanaqa muammo bo‘lmaydi.
Superliga ishtirokchisiing oldiga qo‘yilayotgan talablar ancha jiddiy. “Olimpik” bir yillik jamoa sifatida katta sakrashga erishdi. Biroq ular tashkiliy ishlar bo‘yicha ham Superligaga tayyormi? PFL tomonidan qo‘yilgan talablarni qisqa fursat ichida bajara oladimi? Bunga Kapadze shunday dedi:
- Albatta, Superligadagi talablarni bilamiz. Menimcha, keyingi yilga pro ligada ham shunaqa talablar qo‘yiladi. Harakat qilamiz, katta muammo bo‘lmaydi. Bizda U-18 jamoamiz bor. O‘rinbosarlar jamoasiga kelsak, bu yoshdagi o‘yinchilar u yerda ham to‘p surish ehtimoli bor. Qo‘l ostimdagi 2001-2003 yillardagi yigitlar ham o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynay oladi. Ayollar jamoasi va futzal bo‘yicha rahbariyat bilan reja tuzamiz. Asosiy maqsadimiz aniq. Qayerga va nima uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz? Hammasi ma’lum. O‘z yo‘limiz bo‘yicha harakat qilamiz. Albatta, qishki yig‘in bo‘yicha reja tuzyapmiz. Dekabr oyida yig‘inimiz bor. Yanvar-fevral davomida yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Xorijda yig‘in o‘tkazamiz. Hammasini reja bo‘yicha amalga oshiramiz.
Murabbiy bilan muloqotimiz yakunida undan chempionatda o‘zini ko‘rsatgan eng yaxshi uch nafar murabbiylar sifatida kimlarni hisoblashiga ham qiziqdik.
- Murabbiylarga keladigan bo‘lsak, Ro‘ziqul Berdiyev, Ulug‘bek Baqoyev va Mirjalol Qosimovni aytgan bo‘lardim. Ular natija va ish bo‘yicha ham kuchli mutaxassislarimiz sanalishadi. Ro‘ziqul aka Kubok finalida “Paxtakor”ni yutdi, undan oldin yarim finalda AGMKni mag‘lub etdi. OFK Kubogida finalgacha bordi. Berdiyev bu yil yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdi. Baqoyevni “So‘g‘diyona” bilan erishgan yutug‘i uni kuchliligini va yaxshi ish olib borayotganini bildiradi. Mirjalol aka ham kuchli mutaxassislarimizdan biri. Albatta, qolgan klublarimizda ham yaxshi murabbiylar ish olib borishyapti. Hammasiga omad tilayman. Yanada yaxshi natijalar ko‘rsatishsin. Murabbiylarimiz qancha kuchli bo‘lishsa, futbolimiz ham yaxshiroq rivojlanib boraveradi. Bunda futbolchilarimiz ham o‘sadi va tajribasini oshiradi, - deya fikrini yakunladi, Kapadze.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"