13:25 / 13.12.2021
1 825

Kilian Mbappe muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi

Kilian Mbappe muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi
"Amazon Prime" intervyu loyihasining bu galgi mehmoni Kilian Mbappe bo‘ldi. Amaldagi Jahon Chempioniga savollarni Fransiya futboli afsonasi —Teri Anri berdi. Bunday format so‘nggi paytlarda muxlislar tomonidan juda iliq qabul qilinayotgani rost. Sobiq futbolchi va bugungi kunning yorqin yulduzlari o‘rtasidagi dialog ancha jonli chiqadi. Suhbat davomida Kilian PSJning hujum chizig‘i, terma jamoa va "Real"ga o‘tishi haqidagi barchani qiziqtirgan savollarga javob berib o‘tdi.

Jamoaviy va indivudal o‘yin:
"Tan olaman, bir necha yil avval shaxsiy sovrinlarni qo‘lga kiritish ishtiyoqida yonar edim. Hozir, fikrlashim o‘zgargan. Futbolda eng muhimi — jamoaviy sovrin! Bundan kattaroq g‘alaba bo‘lmaydi. Men bir o‘zim yashil maydonda hech narsa qila olmayman. O‘ylashimcha, hammasi ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun birinchi navbatda kuchli jamoada to‘p surish kerak".

PSJ hujumi uchrayotgan tanqidga javob:
"To‘g‘risi, "Manchester Siti"ga qarshi o‘yindan so‘ng, hujum chizig‘imizga tanqid toshlari yog‘ilib keldi. Ayniqsa, oldingi chiziqdagi 3 ta hujumchining pressingda qatnashmagani aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinganidan xabarim bor. Biz ortga qaytishga eringanimiz yo‘q, shunchaki raqib tanlagan o‘yin sxemasi sababli burchakka qadalib qoldik. Jismoniy imkoniyatimiz 70 metrni bemalol katta tezlikda bosib o‘tishga yetadi. Shunga qaramay, hujum chizig‘ida bunday futbolchilari bor PSJni himoyaga yotib olishi to‘g‘ri qaror deb hisoblamayman. Bizga qulay bo‘lgan o‘yin modeli kerak. Aks xolda, oldingi chiziq vakillari o‘yindan uzilib qolaveradi".

Messi va Neymar bilan uchlik haqida:
"Ochig‘ini aytganda,, Messi va Neymar bilan trio bo‘lib to‘p surganingda o‘zingni ular orasidagi eng zo‘ri deyish xunuk ko‘rinadi. Hozir kayfiyatim a’lo darajada. Jamoamning ham ishlari yaxshi ketmoqda. To‘g‘risi, jamoada kim "boss" ekanligini bizni xavotirga solmayapti. Bu haqida o‘ylab ham o‘tirganimiz yo‘q. Eng muhimi — uchlikning birgalikda jamoa uchun naf keltirishi. Yaqinda o‘zimga va’da berdim: Kuchli futbolchi bo‘lishni istar ekanman, gol va assistlarni birdek qadrlashim shart! Shu bois, joriy mavsumda Liga 1 va YECHLda eng ko‘p golli uzatmani amalga oshirgan futbolchiman. Bu to‘p kiritishni istamayman degani emas, shunchaki jamoam uchun avvalgidanda foydaliroq bo‘la olishimga ishora!".

Progress va katta futboldagi muammolar:
"Men o‘syapman. Ulg‘aymoqdaman. "Monako"da to‘p surgan davrimda biz asosan qarshi hujumga tayangan futbolni targ‘ib etar edik. O‘yin uslubim ham shunga mos edi. Parijga ko‘chib o‘tgach, hammasi o‘zgarib ketdi. Bizga qarshi deyarli barcha raqiblar 5 himoyachi bilan to‘p suradi. Ba’zilar, to‘liq "avtobus"ga suyanadi. Bu esa faoliyatimdagi yangi sahifa ochilishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, hozir o‘ng qanot hujumchisi sifatida ham maydonda harakat qilyapman.

Shunga qaramay, sahna ortida nimalar bo‘layotganiga hech kim e’tibor qaratmaydi. Men PSJga juda katta mablag‘ evaziga yosh paytimda o‘tdim. Kelganimda jamoa allaqachon xalqaro darajadagi yulduzlarga to‘la edi. Ular orasida o‘zimni yo‘qotib qo‘ymasligim va avvalgidanda kuchliroq bo‘lishga harakat qilishim shart edi. Juda kuchli bosim bo‘lganiga qaramay, barchasini sekin-asta yengib o‘tmoqdaman. Odamlar bizni pul uchun futbol o‘ynaydigan robotlar deb hisoblashadi. Klublar esa, to‘lagan pullarini tezroq qaytarib olishga intiladi.

Afsuski, maydondagi muammolarning barchasi uning tashqarisida boshlanadi. Murabbiy sizni o‘zingiz uchun noqulay pozitsiyada to‘p surishingizni talab qiladi. Klub direktori olayotgan maoshingizga yarasha to‘p tepish kerakligini pisanda qilsa, jamoadoshlaringiz sizdan har o‘yinda "mo‘jiza" kutadi. Shunga qaramay, bu muammolarni oldini olish, uni yengib o‘tish imkoni bor. Buning uchun chinakam professional futbolchi bo‘lish, hayotingizni to‘liq shu sport turi uchun "qurbon" qilishingizga to‘g‘ri keladi".

Yevropa chempionatidagi omadsiz ishtirok haqida:
"Qit’a birinchiligida (Yevro-2020) juda yomon ishtirok etdik. Ayniqsa, pley-off o‘yinida o‘zimni katta tezlikda devorga borib urilgandek his qildim. Ayniqsa, amalga oshirilmagan penalti menga salbiy ta’sir qildi. Bu borada o‘zimga juda ko‘p savol berdim. Bunday og‘ir vaziyatda ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi ko‘mak berdi. Ular bilan suhbatlashib biroz o‘zimga keldim. O‘sha tunda vijdon azobi meni tinch qo‘ymadi. Otam qattiq koyib berdi. Bor e’tiborimni kelajakka qaratganim uchun ham maydonda hayollarimni yig‘a olmaganimni, ertangi kunni deb bugunimni boy berganimni tushuntirdi. Odamlarga esa, mening ruhiy holatimga va ichki kechinmalarimga tupurgan. Ularga gol va g‘alaba kerak. Shu bois muxlislar oldidagi aybimni maydondagi foydali harakatlarim bilan yuvmoqchiman".

Nimadan qo‘rqadi?
"Men atrofimdagilarga pand berishdan qo‘rqaman. Ular meni kuchli futbolchi bo‘lib yetishishimga ishonadi. Bu ishonchni oqlay olmaslikdan juda qo‘rqaman. Shuning uchun o‘z ustimda ko‘proq ishlayapman. Aynan shu kuch meni har kuni mashg‘ulotlarda bor kuchim bilan shug‘ullanishimga ko‘mak beradi. Bu his meni qachondir tark etishidan juda qo‘rqaman".

Kelajagi haqida:
"Ajoyib kunlarning birida bu yangilikdan xabar topasiz. Bu oson bo‘lmagan qaror. Nima bo‘lgan taqdirda ham, kelasi mavsumda katta klub sharafini himoya qilmoqchiman. To‘g‘ri, "Real"ga o‘ta olmaganim uchun xafa bo‘ldim, biroq hozirgi jamoam 3 ligada to‘p suradigan jamoa emas. PSJ ham o‘z oldiga YECHLda zafar quchishni maqsad qilib qo‘yadigan kam sonli jamoalardan biri! Boz ustiga, Parij men tug‘ilib o‘sgan shahar. Men doimo bu yerda o‘zimni baxtli his etganman. Shunchaki, yozda yangi chaqiruvlarni qabul qilgim, o‘zimni yangi chempionatda sinab ko‘rgin kelgan edi".

Nechta tilni biladi?
"Ha, allaqachon ingliz tilida so‘zlashishni boshladim. Ispan tilida ham sekin-asta yutuqlarga erishyapman. "Real" Madridda to‘p surish uchun emas, shunchaki omma e’tiborini o‘ziga torta oladigan shaxs bo‘lishni istayman. Tillar esa, ko‘proq insonlar bilan erkin suhbat qurishim uchun kerak".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kilian Mbappe muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi