08:30 / 15.12.2021
2 046

Arveladze Angliyada — qanday qilib?

Arveladze Angliyada — qanday qilib?
2017 yilning yozida Toshkentning "Paxtakor" klubini qabul qilib olgan murabbiy 2020 yilning oxirida jamoa bilan xayrlashgan edi. Keyinroq gruzinning Toshkentga qaytishi to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi. 8 iyun kuni saytimizga intervyu bergan Jafar Irismetov buni rad qilmagandi.

Bu paytda turk matbuoti Shotani "Fenerbahche" va "Kayserispor" klublari boshqaruvi uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatayotgandi. Shuningdek, bahorda Yustinovichning xizmatlari Qatarning "Al Garafa"si qiziqayotgani haqidagi xabarlar ham matbuot yuzini ko‘rdi.

Saudiya Arabistonidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin O‘FA Vadim Abramovning joyini aynan Shota orqali to‘ldirmoqchiligi aytilgandi.
Noyabr oyida esa Arveladzening "Xall Siti" ustoziga aylanayotgani to‘g‘risida yangiliklar tarqaldi. Quyida shu haqda batafsil ma’lumot beramiz.

Shotaning "Tumanli Albion"ga yo‘l olishi to‘g‘risidagi xabarlar uning do‘sti Ajun Ilijali (turkiyalik mediamagnat) nomi bilan bog‘liq.

Gap shundaki, avvalroq Niderlandiya chempionatida ishtirok etuvchi Sittardning "Fortuna" klubini xarid qilgan "Tv8" xo‘jayini Angliyada ham bir klubi bo‘lishini xohladi. Ajun Ilijalining tanlovi Chempionshipda og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazayotgan "Xall Siti" bo‘ldi.

"Xall" turk mediamagnati uchun 35,4 mln yevroga tushdi. Ayni paytda hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Rasmiyatchiliklar tugashi bilan "Paxtakor"ning sobiq ustozi "Xall Siti"ning yangi bosh murabbiyiga aylanadi.

"Trabzonspor" afsonasi, murabbiy sifatida Turkiyaning "Kayserispor" hamda "Qosimposho" klublarida ishlagan Shota Arveladze Ajun Ilijalining yaqin do‘sti hisoblanadi. Ma’lum bo‘lishicha, 2 o‘rtoq o‘rtasidagi kelishuv oktabr oyidayoq amalga oshgan. Ular 17 oktabr kuni o‘tkazilgan "Trabzonspor" 3:1 "Fenerbaxche" o‘yinini tomosha qilish uchun Ajunning shaxsiy uchog‘ida Trabzonga yetib borishgan edi.

Mashhur tadbirkor yaqinda "Televole"ga bergan intervyusida bolaligidan APL muxlisi ekani, "Xall Siti"ni yuqori divizionga qaytarish haqida o‘ylayotgani va jamoaning asosini turklar tashkil qilishi haqida gapirdi. Bu loyiha amalga oshsa, o‘zbek futbolini yaqindan biladigan Shota qaysidir hamyurtlarimizni "Tumanli Albion"ga choralashi ham hech gap emas...

Bevosita Ajun Ilijaliga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 1969 yil Erzurumda tug‘ilgan. Hayotda o‘z o‘rnini topishga ancha qiynaldi. Televideniye sohasiga 22 yoshida oddiy sport jurnalisti sifatida kirib kelgan Ajun ayni paytda turk mediasidagi eng mashhur va boy ismlardan biri hisoblanadi. "Fenerbahche" jamoasi muxlisi va yaqin ko‘makchisi hisoblanadi.

U Istanbul jamoasiga doimiy ravishda moliyaviy dastak berib turadi. "Fenerbahche"ning ba’zi transferlari uning nomi bilan bog‘lanadi. Xususan, Mesut O‘zilni Turkiyaga olib kelgan ham aynan u ekani aytiladi.

Quyidagi suratda esa Ajun Ilijali va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni ko‘rishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun, Shota Areladze ham turk mediasi va futbol olamida nihoyatda mashhur hisoblanadi.

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arveladze Angliyada — qanday qilib?