00:12 / 28.12.2021
1 681

"Nasaf"dagi o‘zgarishlar, klubdagi taqdiri va yangi maqsadlar haqida Ro‘ziqul Berdiyev bilan suhbat

"Nasaf"dagi o‘zgarishlar, klubdagi taqdiri va yangi maqsadlar haqida Ro‘ziqul Berdiyev bilan suhbat
Ro‘ziqul Berdiyev beshinchi marotaba O‘zbekistonning tengsiz murabbiyi deb topildi. U bunga haqli edi. “Nasaf”da qilgan mehnati barchasini aytib turibdi va shunga yarasha natija ham ko‘rsatyapti. Endi Ro‘ziqul Sa’dullayevich haqida ortiqcha gapirish shart emas.

Shundoq ham barcha Berdiyevni juda yaxshi biladi. Sports.uz nomidan ushbu murabbiyni qo‘lga kiritgan sovrini bilan tabriklagan holda suhbatni boshladik.

- Avvalo tabrik uchun rahmat. Buni oldin ham ta’kidlagandim, mavsum boshlanishida shaxsiy yutuqlar haqida o‘ylamaysiz. Ko‘proq jamoa muvaffaqiyati haqida o‘ylaysiz. Lekin sizni eng yaxshisi deb e’tirof etishganida albatta bu yoqimli bo‘ladi. Bundan o‘zim ham, muxlislar ham va “Nasaf” jamoasi ham xursand. Bu jamoamizga berilgan sovrin. Chunki klubdagilarning mehnati katta. Menda mana shunday hissiyotlar o‘tdi. Albatta, bu endi yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Eng yaxshi ekaningizni va darajangizni ushlab turishingiz kerak. “Nasaf” bilan oliy marralarni ko‘zlab harakat qilamiz, - deydi Berdiyev.

- O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi sifatida Yuriy Sarkisyan besh marotaba loyiq ko‘rilgandi va siz ushbu mutaxassisga yetib oldingiz. Bu statistikadan xabardormidingiz?
- Yo‘q, bilmasdim. Yuriy Vazgenovich O‘zbekistondagi eng kuchli murabbiylardan, uni alohida ta’kidlab o‘tamiz. O‘zimni hali Sarkisyan darajasiga chiqmadim deb o‘ylayman. Vazgenovichni yutuqlarini ham hisobga olsak, men hali ancha orqadaman. Bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, eng yaxshi murabbiy va ustozlarimizdan biri hisoblanadi. Albatta, Yuriy Sarkisyan qatorida turish biz uchun katta sharaf. Ammo bu murabbiyning natijasini hozircha ko‘rsata olganimcha yo‘q. Lekin uning darajasiga chiqishga harakat qilamiz. Baribir jamoa bilan ishlaganingizda o‘z manfaatingizni o‘ylamaysiz.

- Shuncha muvaffaqiyatlarga “Nasaf” bilan erishyapsiz. Faraz qiling, agar “Nasaf”da emas, boshqa klubda ishlaganingizda shuncha sovrinlarni yutardim, deb o‘ylaysizmi?
- O‘sha jamoalarning maqsadi va qo‘l ostingizdagi futbolchilarga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lardi. Futbolda shunday klublar bo‘ladiki, o‘z oldiga ko‘p maqsadlarni qo‘ymasligi yoki tanlab olgan yo‘li bo‘lmasligi mumkin. Maqsadi jiddiy bo‘lib, tarkibi kuchli bo‘lsa, bu narsaga osonroq erishish mumkin. Agar tarkibi sust bo‘lsa va maqsadi aniq bo‘lmasa o‘ylagan narsaga yaqin kela olmasligingiz ham mumkin. “Nasaf”da barcha sharoitlar borligi uchun ishimizni ham yengillashtiryapti.

- Umuman aytganda, futbolchilik va murabbiylik faoliyatingiz “Nasaf” bilan chambarchas bog‘liq. Ayting-chi, o‘zingizni “Nasaf”siz tasavvur qilib ko‘rganmisiz?
- Oldin ham bo‘lgan va hozir ham, ayniqsa, jiddiy takliflar bo‘lyapti. Murabbiy uchun eng muhimi ishlashga sharoit bo‘lishi kerak. Meni ko‘proq shu narsa bog‘lab turadi. Menga ishlash uchun sharoit bor va imkoniyat berishyapti. Bu har qanday murabbiy uchun ham muhim. Shu bois jiddiy takliflarga ham “Nasaf”dan keyin, degan javoblarni aytganman.

- Demak, ayni paytda sizga aniq takliflar bor-a?
- Yashirmayman, bu yil yanada ko‘proq jiddiy takliflar tushdi. Lekin hozircha o‘z jamoam bilan ishlashni ma’qul ko‘ryapman.

- Xizmatingizga “Paxtakor”dan qiziqish bildirilgani haqiqatmi?
- Yo‘q, “Paxtakor”dan hech qanaqa taklif bildirilmadi. Bu haqida gap-so‘z bo‘lgani yo‘q.

- Bizga qiziq: sir bo‘lmasa, qanday takliflar tushdi?
- Jamoalar bilan o‘zaro kelishib, bu haqida gapirishni joiz deb bilmaganmiz. Asosan Superligadan!

- “Nasaf” bilan o‘rtangizda yangi shartnomaga imzo chekildimi yoki ko‘rib chiqilyaptimi?
- Keyingi yil ham faoliyat olib borish bo‘yicha rahbariyat bilan o‘zaro gaplashganmiz. Ammo hali qog‘ozda amalga oshgani yo‘q. Shunga qaramay, hammasini gaplashib olganmiz.

- “Nasaf” bu yil Kubokni yutdi, OFK Kubogi finaliga chiqdi, chempionatda 4-o‘rinni oldi va Superkubokda yutqazdi. 5 balli tizimda jamoangizga nechi baho qo‘yasiz?
- Bu yilgi mavsumni xulosa qiladigan bo‘lsak, ayrim pand bergan joylari bo‘ldi. Zaxiramiz yoki tarkibning to‘liq bo‘lmagani bizga yomon ta’sir ko‘rsatdi. Bizga nima yetishmaganini aniqlashtirib oldik. Shuning uchun yangi mavsumda jamoamizni 3-4 ta tajribali o‘yinchilar bilan to‘ldirishga harakat qilamiz.

- Tayyorgarlik rejasi qanday bo‘ladi?
- 24 dekabrda Qarshida yig‘ildik, faqat to‘liq tarkib bilan emas. Marko Stanoyevich kelgani yo‘q, olimpiyachilarimiz terma jamoa bilan Turkiyada. Yana ayrim o‘yinchilar jarohatini davolatishyapti. Yig‘ilishimizdan asosiy maqsad kimda jarohat bor, holati qandayligini bilish uchun ham to‘plandik va yengil mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Yigitlarni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib oldik. Yanvar oyida ham asosan Qarshida bo‘lamiz. Fevralda rejamiz bo‘yicha xorijda yig‘in o‘tkazishimiz mumkin. Agar milliy terma va olimpiya jamoamiz fevral oyida yig‘inlar o‘tkazmasa bu rejamiz amalga oshishi mumkin. Mabodo, terma jamoalarimiz yig‘inlar tashkil qilsa, u holda biz juda kamchilik bo‘lib qolishimiz mumkin.

- Xohlaymizmi-yo‘qmi, tarkibdagi o‘zgarishlar haqida so‘ramasak bo‘lmaydi. Kimlarga javob berildi va qaysi pozitsiyalar kuchaytirilishi shart?
- Kaluderovich jamoamizni tark etgan. Sizlar orqali unga minnatdorchilik bildirib qo‘ymoqchiman. Mahorati bilan qaysidir o‘yinlarda haqiqatan asqotdi. Qolgan barcha jamoamiz bilan birga. Ayrim o‘yinchilarni ijaraga berib, o‘rniga tajribaliroq ijrochilarni olmoqchimiz. O‘rinbosarlar tarkibidan ham yoshlarni qo‘shish rejamizda bor.

- Yangi nomlar bo‘yicha kimlar bilan kelishuvga erishdinglar?
- Yangi nomlar bo‘yicha hali hech kim bilan aniq bo‘lgani yo‘q. Pozitsiyalarimiz bo‘yicha bizga 3-4 ta futbolchi kerak.

- Kelasi yildan “Nasaf” boshqacha qiyofaga kirishi hamda chempionlik uchun jiddiy kurashishi haqida ham eshityapmiz. Bu gaplar qanchalik haqiqat?
- Jamoamizning natijalari va salohiyatidan kelib chiqib jiddiy maqsadlar uchun kurashsa bo‘ladi. Aniq ayta olaman, agar tarkibimizni kuchaytira olmasak, yana muammolarga duch kelamiz. Qachonki, o‘ylaganlarimizni amalga oshirganimizdan keyin nimanidir aytishimiz mumkin. Xalqaro o‘yinlarda qatnashamiz va natijalarimiz ham yaxshi bo‘lishi kerak. Oldindan biz chempion bo‘lamiz, degan gaplar bo‘lmaydi. Tarkibimiz va maqsadimizga qarab keyin bu haqida gapirsak bo‘ladi.

- O‘tgan yili qo‘lga kiritgan medal adashmasam rahbariyat tomonidan yanvar oyida topshirilgandi. Bu yil Kubokni yutdi va endi e’tibor qanday bo‘lyapti?
- Rag‘batlantirish to‘g‘risida gapirsak, OFK Kubogi finaligacha yetib kelishdi va buning uchun futbolchilar yaxshi e’tiborda bo‘lishdi. Qo‘lga kiritilgan Kubok uchun ham yaxshi rag‘batlantirish aytilgan va tez orada amalga oshadi, bunga ishonamiz.

- Jamoangizdagi qaysi o‘yinchilarga chetdan yaxshi takliflar bo‘lyapti?
- O‘yinchilarimizga jiddiy takliflar bo‘lyapti. Ammo bu futbolchimizni ham, jamoamizni ham qoniqtirishi kerak. Aslida takliflar bo‘lishi tabiiy. O‘tgan yili barcha yosh o‘yinchilarimiz bilan shartnomalar bir necha yilga uzaytirilgandi. Bu yil Marko Stanoyevich, Umar Eshmurodov va yana ayrim o‘yinchilarimizni shartnomalari tugagan. Umid qilamanki, ular bilan yangi shartnomalar tuzamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"dagi o‘zgarishlar, klubdagi taqdiri va yangi maqsadlar haqida Ro‘ziqul Berdiyev bilan suhbat