17:51 / 31.12.2021
1 287

Shaxmat. Sindorov blis bo‘yicha bahslarni 8-o‘rinda yakunladi, Abdusattorovga kubok topshirildi

Shaxmat. Sindorov blis bo‘yicha bahslarni 8-o‘rinda yakunladi, Abdusattorovga kubok topshirildi
Foto: Chess.com
Polshada shaxmat bo‘yicha jahon chempionati bahslari yakunlandi. 30 dekabr kuni musobaqaning blis yo‘nalishida ham g‘oliblar aniqlandi. O‘yinlar boshida yetakchilikni qo‘lga olgan o‘zbekistonlik 16 yoshli shaxmatchi Javohir Sindorov yakunda 13,5 ochko jamg‘arib, jahon chempionatini 8-o‘rinda yakunladi.

Reyting ochkolari sonini 2452 taga yetkazib olgan o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi o‘ziga xos natija qayd etdi. Jahon chempionatini dastlabki 48 ta pog‘onada yakunlagan sportchilar ichida Sindorov eng quyi saralangan raqamda (133) ishtirokini boshlagandi.

Norvegiyalik shaxmat qiroli Magnus Karlsen bu gal ham o‘zbekistonlik shaxmatchidan keyingi o‘rinni egalladi. Blitsda Karlsen birinchi raqamda ishtirokini boshlab, musobaqani 11-o‘rinda yakunladi.

Blis bahslarida fransiyalik Maksim Vashi-Lagrav chempion bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni mezbon Yan Kristof Duda, uchinchi o‘rinni Fransiya sharafini himoya qilgan Alirizo Firuzja qo‘lga kiritdi. Rapid yo‘nalishida chempion bo‘lgan Nodirbek Abdusattorovning blitsdagi bahslari muvaffaqiyatsiz chiqdi - 12 ochko bilan 47-o‘rin, Shamsiddin Vohidov esa 10,5 ochko jamg‘argan holda 90-o‘rinni band etdi.

Ma’lumot uchun, blis bahslarida 180 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Musobaqa sovrin jamg‘armasi 350 000 dollarni tashkil etib, shundan 1-o‘rin uchun 60 000 AQSH dollari, 2-o‘rin uchun 50 000 AQSH dollari va 3-o‘rin uchun esa 40 000 AQSH dollari ajratilgan. 8-o‘rinni egallagan Javohir Sindarov 14 000 AQSH dollariga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida 17 yoshli o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov g‘alaba qozonib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempion bo‘lgan edi.

30 dekabr kuni shaxmatning rapid va blis yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Abdusattorov shohsupa tepasiga ko‘tarildi va kubok hamda medalni qabul qilib oldi. Uning sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

Barcha sovrindorlar ro‘yxati:

Rapid bo‘yicha
1. Nodirbek Abdusattorov
2. Yan Nepomnyashiy
3. Magnus Karlsen

Ayollar
1. Aleksandra Kostenyuk
2. Bibisara Asaubayeva
3. Valentina Gunina

Blis bo‘yicha
1. Maksim Vashe-Lagrav
2. Yan-Kshishtof Duda
3. Alirizo Firuzja

Ayollar
1. Bibisara Asaubayeva
2. Aleksandra Kostenyuk
3. Valentina Gunina

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shaxmat. Sindorov blis bo‘yicha bahslarni 8-o‘rinda yakunladi, Abdusattorovga kubok topshirildi